Iqtisodiyot

6500 ta dorining narxi pasaytirildi. Sifat-chi? Farmagentlik rahbari bilan intervyu

O‘zbekistonda 6500 ta dorining narxi pasaytirildi, ayrimlari 40−60 foizga arzonlashdi. Farmagentlik direktori Abdulla Azizovga ko‘ra, narxlarni tartibga solish natijasida ba’zi shifoxonalarda bemorlarga yozilayotgan dorilar soni kamaygan. 'Maqsadimiz sun’iy oshirilishga yo‘l qo‘ymaslik', — dedi Azizov.

6500 ta dori arzonlashtirildi. Sifat masalasi-chi? Farmagentlik rahbari bilan suhbat

O‘zbekistonda hozirgacha qariyb 6500 xil dori vositasining narxi tushirildi. Ayrim preparatlar 40−60 foizgacha arzonlashdi. Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov Samarqandda o‘tkazilgan “Bolalar farovonligiga sarmoya” butunjahon sammiti doirasida OAV vakillariga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta muxbiri.

U suhbatda dori narxlarini tartibga solish natijalari, elektron retsept tizimining joriy etilishi, shifokorlar tomonidan ortiqcha dori yozish muammosi hamda farmatsevtika sohasidagi korrupsiya haqida so‘z yuritdi.

— Prezidentimiz o‘tgan yili dori vositalari narxlarini qayta ko‘rib chiqish, sun’iy oshirilgan narxlarni to‘g‘rilash bo‘yicha topshiriq bergan edi. Bu choralar bosqichma-bosqich amalga oshirilyapti: 2025-yil 1-dekabrda e’lon qilingan narx o‘zgarishlari 2026-yil 1-martdan kuchga kirdi. Shu asosda avval 2000 turdagi dori vositasining narxi pasaytirildi.

Keyingi o‘rganishlar jarayonida qonunchilikka ayrim o‘zgartishlar kiritdik. Asosiy maqsad — dori vositalari narxlarini qo‘shni va boshqa davlatlardagi narxlar bilan solishtirish orqali sun’iy oshirilishining oldini olish edi. 1-aprel kuni qo‘shimcha dori vositalari bo‘yicha yana bir e’lon berildi. Undagi o‘zgarishlar 1-iyuldan kuchga kirdi va yana 2000 turdagi preparat narxi pasaytirildi. Shu tariqa, narxi qayta ko‘rib chiqilgan dorilar soni 4500 taga yetdi.

Sentabr oyidagi navbatdagi o‘rganishlarda ayrim dorilarda hanuz sun’iy oshirilgan narxlar borligi ma’lum bo‘ldi. Shu sababli yana taxminan 2000 turdagi dori vositasining narxi qayta ko‘rib chiqildi. Hozirgacha jami 6500 turdagi dori vositasining narxi pasaytirildi.

O‘zbekistonga qariyb 8000 turdagi dori vositasi olib kiriladi. Shulardan retsept bilan beriladiganlarini hisobga olsak, taxminan 5000 tasining narxi pasaytirildi. Qolgan 1500 tasi asosan mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari hisoblanadi.

Asosiy maqsadimiz dori narxini tushirish emas, balki uning sun’iy oshirilishining oldini olish va narxlarni to‘g‘rilash mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish. Chunki barcha dorilar narxini birdaniga, masalan, 30 foizga pasaytirish talab qilinsa, ayrim dorilar bozordan yo‘qolib ketishi mumkin. Bunday holatlar boshqa davlatlarda ham kuzatilgan.

— Biz uchun eng muhim vazifalardan biri — narxi pasaytirilgan dorilarning bozordan yo‘qolib ketmasligini ta’minlash. Xalqimiz zarur preparatlarni topolmay qolmasligi kerak. Shu bois bu jarayonni doimiy monitoring qilib bordik.

Yanvar-avgust oylarida 670 ga yaqin dori vositasi O‘zbekistonga olib kirilmay qo‘ygani aniqlandi. Biroq ularning deyarli barchasining muqobillari bor edi. Faqat 38 turdagi preparatning o‘rnini bosuvchi boshqa dori vositasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Sentabr oyi oxirida o‘tkazilgan navbatdagi monitoring esa avval olib kirilmay qolgan 30 turdagi dorilar o‘rniga boshqa dori vositalari kirib kela boshlaganini ko‘rsatdi. Bu aholi uchun zarur dorilarning mavjudligini ta’minlash nuqtai nazaridan muhim natija.

Bu borada tadbirkorlar bilan ham muzokaralar olib bordik, ularning muammolarini o‘rgandik va qaysi yo‘nalishlarda yordam berish mumkinligini muhokama qildik. Narxlarni tartibga solishda bozor ishtirokchilari bilan hamkorlik qilish dorilar taqchilligining oldini olishga yordam bermoqda.

— O‘zbekistonda polipragmaziya, ya’ni bemorga bir vaqtning o‘zida haddan tashqari ko‘p dori vositasi buyurish muammosi mavjud. Bu keng tarqalgan. Ba’zi retseptlarda 10−15 tagacha preparat yozilganini ko‘ramiz. Yevropa davlatlarida esa ko‘p hollarda bemorga bir yoki ikkita, zarurat bo‘lganda uchta dori buyuriladi.

Bu muammoning sabablaridan biri — ayrim hollarda shifokorlarga muayyan brendlarni tavsiya qilgani uchun moliyaviy manfaat taklif etilishi. Dori narxi tarkibidagi sun’iy oshirilgan marjani bartaraf etish orqali bunday rag‘batlantirish mexanizmlarini ham qisqartirish mumkin. Biz hozir ayrim shifoxonalarda, jumladan, pediatriya yo‘nalishida yozilayotgan dorilar soni kamayganini kuzatyapmiz. Bu ijobiy natija.

Biroq yana bir muammo paydo bo‘lmoqda: narxlari tartibga solinmaydigan biologik faol qo‘shimchalar va retseptsiz beriladigan preparatlarni buyurish holatlari ko‘payganini ko‘ryapmiz. Bu yaxshi tendensiya emas.

Biologik faol qo‘shimchalar dori vositasi bilan bir xil emas. Ular kasallikni davolash uchun mo‘ljallangan preparatlarning o‘rnini bosa olmaydi. Shu sababli shifokorlar ularni qaysi holatda va nima maqsadda tavsiya qilayotganini ham o‘rganishimiz kerak. Bu masalani faqat jazolash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Shifokorlarni to‘g‘ri yo‘naltirish, o‘qitish va aholining tibbiy savodxonligini oshirish muhim.

— Tekshiruvlar barcha hududlarda o‘tkazilmoqda. Asosiy maqsad — kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan yoki kontrafakt dori vositalarining sotilishini aniqlash, markirovka talablariga rioya etilishini nazorat qilish va referent narxlar to‘g‘ri qo‘llanilayotganini tekshirish.

Shuningdek, aholi dori vositalarining narxi va markirovkasini mustaqil tekshira olishi uchun FarmUz mobil ilovasi ishlab chiqildi. Foydalanuvchilar ilova orqali dori vositasining markirovkasini va referent narxini tekshirishi, muqobil preparatlar haqida ma’lumot olishi mumkin.

Agar dori referent narxdan qimmat sotilayotgan bo‘lsa, fuqaro bu haqda ilova orqali vakolatli organlarga ma’lumot yuborishi mumkin. Shuningdek, muqobil dorilar orasidan arzonrog‘ini tanlash imkoniyati ham mavjud.

Elektron retsept tizimi to‘liq ishga tushdi, deb ayta olmaymiz. Bu yo‘nalishda hali ko‘p ish qilishimiz kerak.

Birinchi navbatda, infratuzilmani takomillashtirish zarur. Dorixonalarda elektron retsept tizimi joriy etilgan bo‘lsa-da, aholi hali unga to‘liq ko‘nikmadi. Ayrim xususiy shifoxonalarda ham elektron retsept yozish jarayoni butunlay yo‘lga qo‘yilmagan. Shu bois ba’zi dorixonalarda elektron retseptsiz ham dori sotish holatlari kuzatilmoqda. Biroq maqsadimiz tizimni to‘liq ishga tushirish.

Elektron retsept, avvalo, shifokorlarning mas’uliyatini oshiradi. Chunki shifokor o‘zi buyurgan har bir dori vositasi uchun javobgar bo‘ladi. Shu bilan birga, bu tizim bemorlar manfaatiga xizmat qilishini aholi ham to‘g‘ri tushunishi kerak. Elektron retseptda bir bemorga beshtagacha dori vositasini yozish imkoniyati mavjud. Biologik faol qo‘shimchalarni retseptga kiritish imkoniyati esa nazarda tutilmagan. Bu ortiqcha dori buyurishni cheklashga qaratilgan choralardan biri.

— Yo‘q, asosiy muammo faqat elektron retseptning bor-yo‘qligida emas. Bu yerda korrupsiya va muayyan dori brendlarini tavsiya qilish evaziga shifokorlarni moliyaviy rag‘batlantirish amaliyoti ham muhim o‘rin tutadi.

Bunday mexanizmlar 2005−2006-yillardan keng tarqala boshlagan. Farmatsevtika kompaniyalarining “agentlari” shifokorlarga pul berishi yoki ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi orqali muayyan preparatlarni yozdirish amaliyoti shakllangan. Rivojlangan davlatlarda bunday noqonuniy amaliyotlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi.

Elektron retseptning o‘zi korrupsiyani to‘liq bartaraf eta olmaydi. Masalan, shifokor elektron tizim orqali beshta dori yozishi, keyin esa bemorga qog‘ozda yana qo‘shimcha 10 ta preparat tavsiya qilishi mumkin. Demak, muammoning ildiziga yetib borish zarur.

Dori narxlari tarkibidagi sun’iy oshirilgan marjani bartaraf etish orqali shifokorlarni muayyan brendlarni yozishga undashdan moliyaviy manfaat qolmasligiga erishish mumkin. Narxlarni tartibga solishdan ko‘zlangan maqsadlardan biri ham shu.

Hozirgacha qariyb 6500 turdagi dori vositasining narxi pasaytirildi. Ayrim preparatlar narxi o‘rtacha 40 foizdan 60 foizgacha tushdi.

Shundan keyin farmatsevtika bozoridagi o‘zgarishlarni ham kuzatib boryapmiz. Shifokorlar bilan suhbatlarda agentlar soni sezilarli kamaygani haqida ma’lumotlar oldik. Yirik farmatsevtika kompaniyalarining ayrimlari agentlarini ishdan bo‘shatgan. Ba’zilari esa biologik faol qo‘shimchalar yo‘nalishiga o‘tgan.

Bu holatni ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Agar dori vositalari savdosidagi korrupsion rag‘batlantirish mexanizmlari bartaraf etilsa, muayyan brendlarni ko‘proq yozishga bo‘lgan manfaat ham kamayadi. Bu esa polipragmaziyaning oldini olishga yordam berishi mumkin.

Ko‘p dori qabul qilish nafaqat bemorning salomatligi, balki oilaviy budjetiga ham ta’sir qiladi. Masalan, ikki million so‘m pensiya oladigan kishi surunkali kasalligi sababli har oyda uch million so‘mlik dori sotib olishi kerak bo‘lsa, buning imkoni bo‘lmaydi. Bundan tashqari, dorilarni ortiqcha qabul qilishning nojo‘ya ta’sirlari ham bor.

Yaqinda bir tanishim qaynonasi avval dori-darmonga oyiga ikki million so‘mdan ortiq pul sarflagani, hozir esa barcha dorilari uchun 400 ming so‘m atrofida xarajat qilayotganini aytdi. Qolgan pulni Haj safari uchun jamg‘ara boshlabdi. Bunday misollar odamlar uchun dori vositalarining hamyonbop bo‘lishi qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, yaqinda Milanda farmatsevtika sohasidagi yirik xalqaro ko‘rgazma — CPHI bo‘lib o‘tdi. Unda 3000 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi. O‘zbekiston ham bu tadbirda ilk bor qatnashdi va “Excellence with Purpose” nominatsiyasida mukofotni qo‘lga kiritdi. Bu e’tirof dori vositalari narxini tartibga solish, ularning sun’iy oshirilishining oldini olish va monitoring jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bilan bog‘liq.

Bizning tajribamiz boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘lishi mumkin. Dori vositalari narxini tartibga solish oson jarayon emas. Buning uchun davlat idoralari, ishlab chiqaruvchilar, importyorlar va boshqa bozor ishtirokchilari bilan birgalikda ishlash, aholi manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yish talab etiladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.