6 oylab kutilgan Cobalt endi chegirmada: avtomobil bozori qanday oʻzgardi?
Cobalt uchun chegirma berilishi va hatto foizsiz boʻlib toʻlash imkoniyatining ochilishi – avtomobil bozori qanchalik oʻzgarib ketganini yaqqol koʻrsatuvchi eng yorqin va ramziy misolga aylandi. Kun.uz ichki bozorda avtomobillar narxi pasayayotganini izohlovchi beshta asosiy omilni sanab oʻtadi.

6 oy kutishga majbur qilgan Cobalt endi chegirmada: avtomobil bozoridagi oʻzgarishlar qanday kechmoqda?
Oʻzbekiston avtomobil bozorida uzoq yillar davomida "sotuvchi diktaturasi" hukm surgan edi. Mashina narxining deyarli yarmini tashkil etuvchi boj toʻlovlari, sertifikatlash va boshqa notarif toʻsiqlar, shuningdek, ichki tanlovning cheklanganligi sharoitida talab doimiy ravishda oʻsib bordi. Yaqin vaqtgacha, yiliga ikki marta atigi 4-5 soatga ochiladigan shartnomalar uchun yopiq eshiklar ortidagi oʻyinlar, tartibsizliklar va navbatlar koʻpchilikni hayratga solmas, odatiy hol sifatida qabul qilinardi. Biroq, vaziyat oʻzgarmoqda.
Misol uchun, ichki bozordagi asosiy oʻyinchi boʻlgan UzAuto Motors'ning savdo siyosatini koʻrib chiqaylik. Dastlab, Tracker va Onix kabi modellar xaridorlarga boshlangʻich toʻlov bilan oʻz narxida nasiyaga berila boshlandi. Keyinchalik bu imkoniyat Damas uchun ham joriy etildi.
Haqiqiy burilish nuqtasi kompaniyaning eng talabgir avtomobili – Cobalt'ni ham 50 foizlik boshlangʻich toʻlov bilan 11 oygacha oʻz narxida xarid qilish imkoniyatining paydo boʻlishi boʻldi.
Bir necha kun avval esa Captiva'ga 45 million soʻmgacha, Cobalt'ga esa 15 million soʻmgacha chegirma eʼlon qilindi. Bunday oʻzgarishlar 30 yoshga yaqinlashayotgan UzAuto Motors'ning oʻzbekistonliklarga nisbatan birdaniga saxovatpeshaligi uygʻonganidan emas, balki bir qator fundamental omillar taʼsirida yuz bermoqda.
Nega avtomobillar arzonlashmoqda?
Bozorda taklif hajmi yildan yilga oshib bormoqda. Masalan, 2017-yilda mamlakatda 135 mingta avtomobil ishlab chiqarilgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2025-yilda qariyb 458 mingtani tashkil etdi va 8 yilda 3,4 barobarlik oʻsish kuzatildi. Faqatgina 2021-yilni hisobga olmaganda, ishlab chiqarish har yili sezilarli darajada oshib kelmoqda.
Bu esa oʻz navbatida aholining avtomobillashuv darajasiga bevosita taʼsir qildi.
2010-yilda 100 ta uy xoʻjaligiga toʻgʻri keladigan yengil avtomobillar soni 21 tani tashkil etgan boʻlsa, 2015-yilda 41 taga, 2020-yilda 49 taga, 2025-yilda esa 61 tagacha oshdi.
Yuqoridagi raqamlar bozorning nisbatan toʻyinish fazasiga oʻta boshlagani hamda ishlab chiqaruvchilar oʻrtasida har bir xaridor uchun haqiqiy kurash boshlanganini koʻrsatadi.

