500 kmgacha: Germaniya ilk dronlar polkini tuzadi
Germaniya qurolli kuchlari - Bundesver 2027-yil davomida birinchi maxsus dronlar polkini tashkil etadi. Ukrainadagi urush tajribasi asosida shakllantiriladigan boʻlinma razvedka, nishonlarga zarba berish, dushman dronlarini tutib qolish va radioelektron kurash imkoniyatlarini birlashtiradi.

500 kmgacha: Germaniya ilk dronlar polkini tashkil etadi
DW xabar berishicha, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bu haqda 1-oktabr kuni Quyi Saksoniya federal yeridagi Bergen harbiy poligoniga tashrifi vaqtida ma’lum qilgan.
«2027-yil davomida Bundesverning birinchi dronlar polkini tuzamiz», - degan vazir.
Uning aytishicha, Germaniya armiyasi jang maydonidagi jarayonlarni kuzatib, tegishli xulosalar chiqarmoqda.
«Quruqlikda muvaffaqiyatga erishishni istagan tomon uchuvchisiz tizimlarni jangovar qo‘llashni o‘zlashtirishi kerak», - degan Pistorius.
Vazir barcha ishlanmalarda Ukraina tajribasi inobatga olinishini ham qo‘shimcha qilgan.
### Dron tizimlari 500 kilometrgacha masofada qo‘llanadi
Yangi polk juda qisqa masofalardan tortib, 500 kilometrgacha bo‘lgan masofalarda uchuvchisiz tizimlardan foydalanadi.
Bo‘linma razvedka olib borish, nishonlarni yo‘q qilish va dushmanning uchuvchisiz apparatlarini tutib qolish vazifalarini bajaradi. Uning tarkibida alohida radioelektron kurash rotasi ham bo‘ladi.
Quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, general-leytenant Kristian Froydingning ma’lum qilishicha, dastlab polkda 300 nafar harbiy xizmat qiladi. Keyinchalik shtat sonini 600 nafarga yetkazish rejalashtirilgan.
Polk qayerda joylashtirilishi hozircha belgilanmagan.
### Harbiylar va muhandislar texnologiyalarni birga sinamoqda
Pistorius bayonotini Bundesver sanoat korxonalari bilan hamkorlikda yangi texnologiyalarni bevosita dala sharoitida sinovdan o‘tkazayotgan tadbirda bergan.
Vazir bu jarayonni «daladagi laboratoriya» deb atagan. Uning fikricha, bunday yondashuv yangi yechimlarni tezroq ishlab chiqish imkonini beradi.
Pistorius armiya tayyor mahsulot yetkazib berilishini kutish bilan cheklanmay, mavjud texnologiyalarni o‘zi sinayotganini ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, alohida qurol tizimlarining samaradorligi ko‘p jihatdan ularning umumiy tarmoqqa qanday birlashtirilishiga bog‘liq. Shu sababli harbiy xizmatchilar muhandislar va ishlab chiquvchilar bilan bevosita birga ishlashi kerak.

