“500 ayol o‘ziga o‘t qo‘ydi” — Karimov olib bergan so‘z orqali Kremlni titratgan adib
1989-yili Moskvadagi qurultoyda Islom Karimov nima sababdan Odil Yoqubovdan “Bizni xijolatga qo‘ymaysizmi?” deya xavotir bilan so‘ragan edi? Minbarga chiqishidan bir necha daqiqa oldin kutilmagan holatga tushgan yozuvchi Kreml zalida Stalin, Yelsin va KGB rahbari haqida nimalar dediki, bu chiqish sho‘ro mustamlakachilarining yuziga urilgan tarsakiga aylandi? Otasini “xalq dushmani” deb yo‘q qilgan tuzum uchun yoshini katta ko‘rsatib urushga ketgan o‘smirning shu imperiya “ota”sini fosh qilgunigacha bo‘lgan yo‘li haqida gaplashamiz.

“500 ayol o‘ziga o‘t qo‘ydi” — Karimov olib bergan so‘z orqali Kremlni titratgan adib
“Men butun ijodimni tarozining bir pallasiga qo‘ysam, ikkinchi pallasiga shu nutqimni qo‘ygan bo‘lardim...”
Dunyoning qariyb 60 tiliga tarjima qilingan “Ulug‘bek xazinasi” romani muallifi, “Diyonat” va “Ko‘hna dunyo” asarlari bilan millionlab kitobxonlar mehrini qozongan yozuvchi nega umrining oxirida qirq yillik badiiy merosini birgina ma’ruza bilan teng ko‘rdi?
Yelkasidagi miltig‘i yerga tegib sudraladigan nimjon o‘smirning Gobi sahrolaridan omon qaytib, 1989-yili Moskvadagi Kreml saroyida butun imperiya rahbarlarining riyokorligini fosh etishigacha bo‘lgan yo‘l qanday kechgan edi?
Mazkur maqolada o‘zi tan olganidek, “adolatni yozib-yozib, o‘zi adolatga zor o‘tgan” adib Odil Yoqubovning keskin burilishlarga boy hayot yo‘li haqida so‘z boradi.
### Qarnoqdagi ikki olov: Muzqaymoq armoni va bo‘r zavodidagi ona
Odil Yoqubov 1926-yil 20-oktyabrda hozirgi Janubiy Qozog‘iston viloyati Turkiston tumanidagi Qarnoq qishlog‘ida tug‘ilgan. Bo‘lajak yozuvchi ulg‘aygan xonadonda ikki murosasiz qutb to‘qnash kelgandi: bir tomonda jahldor va qattiqqo‘l bobo — Yoqub shayx, ikkinchi tomonda esa mardikorlikdan qaytib, sho‘ro hokimiyatining ashaddiy targ‘ibotchisiga aylangan kommunist ota — Egamberdi Yoqubov. Adib “Qarnoq” xotiralarida bir tom ostida yashagan bobosi va partiya xodimi bo‘lgan otasi o‘rtasidagi tinimsiz tortishuvlarni, har biri o‘z haqiqatini yagona adolat deb bilib kurashganini yashirmay yozgan.
Siyosiy bahslar tinigan qish kechalarida mehmonxona qo‘ni-qo‘shnilar bilan to‘lardi. Otasi taxmondan 1905-yilda bosilgan ruscha “Ming bir kecha” kitobini olib, uni o‘qimasdan, sahifalarini o‘ychan varaqlagancha xo‘roz qichqirguncha ertak so‘zlardi. Otasining tizzasiga suyanib olgan Odil bu hikoyalarni mijja qoqmay tinglardi.
Ertaklar 1937-yilda tugadi. Odil 10 yoshga to‘lganida, sho‘ro tuzumi o‘zining sodiq xizmatkori Egamberdi Yoqubovni “xalq dushmani” tamg‘asi bilan qamoqqa oldi va u shu ketgancha qaytmadi. Begunoh qamalgan otaning o‘g‘liga hatto bitta muzqaymoq ham olib berolmay armonda ketgani, mahalla-ko‘yda “xalq dushmanining o‘g‘li” deya yakka moxov qilingan bolaning iztiroblari keyinchalik “Muzqaymoq” hikoyasiga ko‘chdi.
“Bu dunyoda yaxshilik ham, yomonlik ham qaytar ekan, bolam. Dadanglar mardikorlikdan kommunist bo‘lib kelib, ko‘p odamlarni qon yig‘latgan. Kambag‘allarni boy, boyu savdogarlarni kambag‘al qilaman, dindorlarni fosh etaman, deb qanchayu qancha sho‘rliklarning uyini kuydirdi. Qilmish-qidirmish ekan, mana, hammasi o‘ziga qaytdi”.
Gulshan aya to‘rt bolasi bilan boquvchisiz qoldi. Ayol bo‘r zavodiga ishga kirdi, u yerda kun bo‘yi bo‘r eritib, qoliplarga quyib, quritib bolalarini boqdi. Ikki opadan keyingi to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgan Odilning yelkasiga ro‘zg‘or yuki juda erta tushdi.
### Yapon qizining “tarsakisi”
1944-yilda maktabni bitirgan o‘smir “xalq dushmanining bolasi” degan tamg‘ani ko‘tarib yura olmadi. Otasining nomini oqlash uchun u tug‘ilgan yilini bir yilga katta ko‘rsatib (1926-yil deb hujjat to‘g‘rilab), 1945-yilda ko‘ngilli bo‘lib urushga ketdi. U jismonan biroz nimjon edi, yelkasiga osgan miltig‘i yerga tegib sudralardi. Askarning safar xaltasida esa Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani bo‘lib, og‘ir yurishlar orasida asarni qayta-qayta o‘qib, yod olgan edi.
Adibning “Izlayman” va “Qaydasan, Moriko?” qissalarida 1945-yilgi sovet-yapon urushi manzaralari bor bo‘yicha chizilgan: ikki ming chaqirimlik Gobi sahrosini yayov bosib o‘tgan, kiyimlari chok-chokidan sitilib paytavada qolgan, soch-soqoli tikanday g‘ovlagan askarlarni “konservaga tiqilgan selyodka baliqday” qizil vagonlarda Port-Artur atrofidagi qirlarga “gugurt cho‘plariday” to‘kib tashlashadi.
Husnixati chiroyli bo‘lgani uchun mayor Misha Nogov yosh o‘zbek askarini shtabga kotib va o‘ziga uy xizmatchisi qilib oladi. Mayor joylashgan dengiz bo‘yidagi kottej ilgari yapon kontradmiraliga tegishli bo‘lib, mag‘lubiyatdan so‘ng barcha unvonlaridan ayrilgan keksa general hovli etagidagi tor kulbada ikki qizi — kamikadze eri halok bo‘lgan Chiko-san va kenja qizi Moriko bilan siqilib yashardi.
“Qaydasan, Moriko?” qissasida tasvirlanishicha, askar yigit va mitti Moriko o‘rtasida ilk o‘smirlik muhabbati uyg‘onadi. Bir kuni o‘zining sobiq xonasiga kirgan yapon qizi ship-shiydon devorlarga qarab ma’yus tortib qoladi. O‘zbek askarining:
“O‘zing chizgan suratlaring va kashtalaringni nega olib ketding?” degan savoliga Moriko:
“Nega men o‘zim chizgan rasmlarim-u mehr bilan tikkan kashtalarimni bizni xor qilgan askarlarga qoldirib ketarkanman!?” deya qahr bilan javob qaytaradi.
Mag‘lub bo‘lsa-da, g‘ururini boy bermagan yapon oilasining fojiasi va “sevib qolgani” uchun pogonlari yulib olinib, armiyadan haydalgan mayor qismati yosh askar xotirasiga umrbod muhrlandi.
“Bilasizlarmi, ijodkorda, avvalo, dard bo‘lishi lozim. Dardi yo‘q ijodkor katta yozuvchi bo‘la olmaydi”.
(Odil Yoqubov)
### “Soyuzpechatning bolasi”
Olti yillik xizmatdan so‘ng, 1950-yilda Odil Yoqubov qishlog‘iga qaytdi. Qarnoqda uni kutishi kerak bo‘lgan sevgan qizi uzoq ayriliqqa chidolmagan ota-onasi tomonidan boshqaga uzatib yuborilgan edi (bu armon keyinchalik “Tilla uzuk” qissasiga asos bo‘ldi).
1951-yili u O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi va shu yili uning ilk yirik asari — “Tengdoshlar” qissasi “Lenin uchquni” gazetasida e’lon qilindi va mashhur bo‘lib ketdi. 1952-yilning yozida Toshkentdan ota-bobolarining yurti Qarnoqqa ta’tilga borgan talaba qiz Maryamxon “Tengdoshlar” muallifi qishloq do‘konida opasining o‘rniga vaqtincha sotuvchilik qilayotganini eshitib qoladi.
Qizlar palto xarid qilish bahonasida do‘konga kirishadi. Peshtaxta ortida turgan yozuvchi yigit xaridorga sinchkov tikilib: “Juda yarashdi, ochilib ketdingiz... Aslida siz paltoni ochib yubordingiz shekilli, xuddi o‘n besh kunlik oydek”, deya xushomad qiladi. So‘ng qiz do‘kondan tez chiqib ketmasligi uchun paltoni atayin sekin taxlab, pulni qayta-qayta sanaydi… uyog‘i esa ishqiy qissa. Biroq qizning diniy ulamo bo‘lgan bobolari nevarasini kommunistning o‘g‘liga, ustiga-ustak o‘zidan 11 yosh katta va “kitob yozib oila tebratib bo‘lmaydigan” uysiz yigitga berishga qattiq qarshi chiqsa-da, yoshlarning qat’iyati ustun keldi.
To‘ydan so‘ng ular Toshkentda ikki xonali ijara uyda — bir xonada yosh kelin-kuyov, ikkinchisida onasi Gulshan aya, opalarining yetim bolalari, ukasi va jiyanlari bilan bir burda nonni teng bo‘lishib yashashdi. Odil Yoqubov kechalari bitta stol ustida asar yozar, kunduzi mehmon kelsa, shu stolga dasturxon yozilardi.
1955-yil oxirida Milliy teatrda uning “Chin muhabbat” dramasi, ketidan “Aytsam tilim kuyadi, aytmasam dilim”, “Yurak yonmog‘i kerak” va “Olma gullaganda” pyesalari sahnalashtirilib, oilani yo‘qchilikdan olib chiqdi. Ularga Amir Temur xiyoboni yonidagi Yozuvchilar uyushmasi binosidan bir xonali uy berildi.
Biroq jamiyatda yozuvchiga munosabat haminqadar edi: Maryamxon aya o‘g‘illarini bog‘chaga bermoqchi bo‘lib mudiraning oldiga borganida, erining Yozuvchilar uyushmasida ishlashini eshitgan mudira: “Menga soyuzpechatning bolasi kerakmas”, deya rad etgan va to‘rtala farzand ham bog‘cha ko‘rmay o‘sgan.
### Qahhorning “suyak va go‘sht” sharti
1960-yilda e’lon qilingan “Muqaddas” qissasi Odil Yoqubovga katta shuhrat keltirdi. Lirik nasrni xushlamaydigan Abdulla Qahhor dastlab qissaning chop etilishiga qarshi chiqqan, faqat asar yaxshi baholangachgina uni qo‘llab-quvvatlagan edi. Qissa chiqqach, muallif o‘quvchilardan bir qop xat oldi — maktublardan biriga 182 kishi imzo chekkandi. Oradan yillar o‘tib, 1998-yili adibning uyiga mehmonga kelgan Chingiz Aytmatov: “Adil! Mening “Jamila”m va “Sarvqomat dilbarim” rus tilida chiqdi. Aslida sening “Muqaddas”ing avvalroq chiqqanida sen mendan ham mashhur bo‘lib ketarding”, deya tan olgandi.
Adibning 1959–1963 hamda 1967–1970-yillarda Moskvaning nufuzli “Literaturnaya gazeta” nashrida O‘zbekiston bo‘yicha maxsus muxbir bo‘lib ishlagani uning qalamini charxladi. Yozuvchining eslashicha, sobiq ittifoqda “loaqal bitta gazeta haqiqatni yozsin” degan ma’noda Politbyuroning yashirin qarori bo‘lgan. Shu tirqishdan foydalangan muxbir oddiy odamlarning shikoyat xatlari izidan borar, o‘tkir sud ocherklari e’lon qilib, nohaq qamalgan insonlarning ozod bo‘lishiga erishardi.
### Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan surat
Shu o‘rinda Abdulla Qahhorning bir maqolasini eslab o‘tsak, 1967-yili adibning 60 yillik yubileyi oldidan Odil Yoqubov “Literaturnaya gazeta” vakili Valentina Pankina bilan bog‘lanib, ustoz adibning maqolasini chiqarishga kelishadi. Shunda Qahhor qat’iy shart qo‘yadi:
“Maqolamga qalam tekkizmay, qisqartirmay bossalar, yozib beraman. Agar qaychilab, go‘shtini axlatga tashlab, faqat suyagini chiqaradigan bo‘lsa, undan ko‘ra hech narsa bermaganlari yaxshi”.
Qahhor yozib bergan maqolada paxtakor ayollarimizning og‘ir mehnati, ba’zi yuzaki adiblar esa qiz-juvonlarni dalaga atlas ko‘ylakda chiqarib, qirq daraja issiqda karnay-surnay jo‘rligida o‘ynatib tasvirlashi achchiq kinoya ostiga olingan edi. Maqola ayni terimga tayyorgarlik qurultoylari ketayotgan kunlarda chop etilib, mashhur mexanizatorlar Tursunoy Oxunova va Valentina Tyupkolarga chayon chaqqandek ta’sir qildi va respublikada katta to‘polon ko‘tardi.
### Partkom kotibini joyiga o‘tqazgan muallif
1970–1982-yillarda G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotda bosh muharrir o‘rinbosari bo‘lib ishlagan davr Odil Yoqubov ijodining oltin pallasiga aylandi. “Pravda Vostoka” gazetasida Ali Qushchi tomonidan Mirzo Ulug‘bekning kitoblari tog‘larga yashirib ko‘milgani haqidagi kichik xabarni o‘qib qolgan adib halovatini yo‘qotadi va bir yillik izlanishlardan so‘ng 1973–1974-yillarda mashhur “Ulug‘bek xazinasi” romanini yozib tugatadi.
### Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan surat
Ammo asar chop etilishidan avval Yozuvchilar uyushmasining “Maliy zal”ida qattiq qarshilikka uchradi. Muhokamani uyushmaning partiya qo‘mitasi kotibi Rahmat Fayziy boshqarardi. Partkom kotibining gapi o‘sha davrda hukm bilan barobar edi. Rahmat Fayziy ikki varaq qog‘ozni ko‘ziga yaqin tutib, “asar yaxshi, ammo ayrim juz’iy mulohazalarim bor” deya gap boshlab, bir soat davomida romanni tanqid qiladi. Zalda o‘tirganlarda “roman qayta yozilishi kerak ekan” degan xulosa va muallifga nisbatan achinish paydo bo‘ladi.
Rahmat Fayziy muhokamani yopmoqchi bo‘lganida, bo‘g‘riqib-qizarib o‘tirgan Odil Yoqubov irg‘ib o‘rnidan turadi va partkom kotibining gapini shartta kesadi:
“O‘zim so‘zlasam, so‘zim shu: men, masalan, sizning fikrlaringizdan bittasini ham qabul qilmayman. Qabul qilolmayman, o‘rtoqlar!.. Bu romanni man yazganman! Man uni, masalan, juda yaxshi bilaman... Siz shu mavzuda yazsangiz, marhamat, aytganingizday qilib yazing. Lekin birovga diktovka qilmang ... Kontsa-kontsov, siz qanday yazuvchi bo‘lsangiz, man ham shunday yazuvchiman...
Sizning buyrug‘ingiz bilan shu roman bosilmasa, bosilmay qo‘ya qolsin...”.
Aksariyat adiblar tanqid oldida bosh egib, “xatolarni tuzatishga va’da beradigan” zamonda o‘z asarini bunday himoya qilish chinakam isyon edi. Roman o‘zgarishsiz chop etildi, Chingiz Aytmatov “Literaturnaya gazeta”da maxsus maqola yozib, Ulug‘bek obrazini Kopernik va Galiley qatoriga qo‘ydi, 1977-yilda esa asar Hamza nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
### “Birortasi o‘qimagan”
Odil Yoqubov adabiyotdagi xushomadgo‘ylikka ham xuddi shunday murosasiz edi. Uyushma rahbari Komil Yashin qabulxonasida amaldor adib Ibrohim Rahimning “Odam qanday toblandi” nomli bo‘sh romani muhokama qilinganida, bosh mafkurachi Laziz Qayumov chap lunjidagi turshakni tili bilan aylantirib asarni ko‘klarga ko‘taradi, Ramz Bobojon esa “uch marta o‘qib to‘ymadim” deya tilyog‘lamalik qiladi. Yosh nosir Shukur Xolmirzayev chidolmay, ko‘targich krandan yiqilgan yigitning yerga tushguncha 20 bet davomida xayol surishi va parashyutdagidek omon qolishi g‘irt yolg‘on ekanini aytganida, hamma unga tashlanadi.
### Sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan surat
Shunda Odil Yoqubov qizarib-bo‘g‘ilib o‘rnidan turadi-da:
“O‘rtoqlar, qachongacha badiiy asarning temasiga qarab baho beramiz? Hech bo‘lmaganda, shu tor davramizda haqiqiy adabiyot haqida so‘zlashaylik! Agar Ibrohim akaga to‘g‘ri gapni aytmasak, adabiyotimizga xiyonat qilayotgan bo‘lmaymizmi? Shukurning gaplariga kelsak, rost gapirdi bu yosh do‘stimiz!” deya yig‘ilishni tark etadi.
Ko‘chaga chiqqach esa Shukur Xolmirzayevga piqirlab kulib: “Ishonasanmi, shu romanni Laziz ham, Ramz Bobojon ham, Narbay ham o‘qimagan”, deydi.
Nashriyotdagi yillarida u Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanini ham hujumlardan qattiq turib himoya qildi, o‘zi esa ketma-ket “Diyonat” (1977) hamda Ibn Sino va Beruniy fojiasiga bag‘ishlangan “Ko‘hna dunyo” (1982) romanlarini yaratdi.
### “Bu qiztaloqni kim o‘qiydi?”
1982-yilda Odil Yoqubov “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga bosh muharrir etib tayinlandi. U ish boshlaganida gazeta adadi 40 ming nusxa atrofida bo‘lsa, 1987-yilga kelib tiraj salkam 1 millionga yetdi.
Bosh muharrir quloch-quloch yozilgan suvli maqolalarni va “TASS” hamda O‘zTAGdan keladigan quruq rasmiy xabarlarni jinidan battar yomon ko‘rardi. Navbatchi xodim: “Bu siyosiy material, qisqartirib bo‘lmaydi”, desa, u kishi o‘ziga xos lahjada: “Lavozimlar bilan familiyalar to‘g‘ri yozilsa bo‘ldi. Bunday siyqa maqalalarni kimlar yazadi? Bu qiztaloqni kim o‘qiydi? O‘quvchini gazetadan bezdiradi, xalas!” deya teng yarmiga qisqartirib tashlardi.
Tabiatan ko‘ngilchan bo‘lgan Odil Yoqubov majlislarda: “Rahmatli bobom Yoqub shayx juda jahldor odam bo‘lgan. Mening ham jahlim chiqsa, juda yomon qilaman”, deb po‘pisa qilib qo‘yardi. Ammo biror xodimga yig‘ilishda hayfsan e’lon qilsa, uch-to‘rt soat o‘tar-o‘tmas uni xonasiga chaqirar, buyruqni ko‘rsatib: “Bunday ishlarni ikkinchi takrorlamang-da, jan do‘stim”, derdi-da, qog‘ozni yirtib tashlardi.
1985-yilda adibga “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvoni berildi, 1987–1991-yillarda esa u O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qildi.
### Kremlni muzlatgan nutq
1989-yil 25-maydan 9-iyunga qadar Moskvada SSSR xalq deputatlarining birinchi syezdi bo‘lib o‘tdi. Qurultoy kunlari deputat Odil Yoqubovning halovati yo‘qoldi: bir tomondan Toshkentdan tinimsiz qo‘ng‘iroqlar bo‘lib, “O‘zbekistonlik deputatlar Moskvada magazinma-magazin yurishdan bo‘shamayaptimi?” degan ta’nalar eshitilsa, ikkinchi tomondan o‘zbekistonlik bir ayol deputatning minbarga chiqib, 1937-yilgi uslubda akademik Andrey Saxarovni shallaqilik bilan qoralagani millat yuziga isnod keltirgan edi.
Qurultoy tugashiga bir kun qolganda, foyeda Islom Karimov Odil Yoqubovni uchratib: “Mabodo, so‘z tegib qolsa, bizni xijolatga qo‘ymaysizmi? Nimalarni gapirmoqchisiz?” deb so‘raydi. Yozuvchi maqsadini qisqa tushuntirgach, Islom Karimov gaplashib ko‘rishga va’da beradi va 9-iyun kuni unga so‘z olib beradi. Hayajondan nutq matnini mehmonxonada unutib qoldirgan adib taksida yeldek mehmonxonaga borib keladi va Anatoliy Lukyanov uning nomini e’lon qilgan lahzada minbarga ko‘tariladi.
Odil Yoqubov partiyaga hamd-sano o‘qish odatini buzib, gapni foyeda ikki juvonning “O‘zbeklar namuncha o‘z paxtalari to‘g‘risida javrab qolishdi? Ularning ruhiy olami bo‘lganmi o‘zi?” degan istehzoli suhbatidan boshladi.
U Stalinning “paxta mustaqilligi” shiori o‘zbekning yuz minglab gektar bog‘larini qirib tashlaganini, saraton jaziramasida 12 soatlab ta’tilsiz ishlayotgan, kechqurun esa o‘choqqa tezak qalab bolalariga obi-yovg‘on pishirayotgan, zaharli ximikatlar dastidan saraton, sariq va kamqonlikka chalingan, “misdek qorayib, kuyib ketgan qayinlarni eslatuvchi” o‘zbek ayollarining fojiasini, so‘nggi ikki yilda 500 ga yaqin ayol bu zulmga chidolmay o‘ziga o‘t qo‘yganini Kreml minbaridan baralla aytdi.
“Amerika janubidagi oqtanli bag‘ritosh fermerlar ham qullardan sog‘lom, ishga yaroqli nasl olish maqsadida ularni obdon to‘ydirishgan. Shunday qilib, bo‘yi ikki metrli qora tanli polvonlar tug‘ildiki, ularning avlodlari hozir Amerika sportining va san’atining gultojidir.
Xo‘sh, bizning qishloqdagi bolalarimiz-chi? Och-nahor yashashayotgani (jon boshiga 20 kilogramm go‘sht to‘g‘ri keladi), og‘ir mehnat qilishayotgani natijasida ularni armiyaga ham olishmayapti. Agar olishsa ham faqat qurilish batalyonlarida xizmat qilishyapti!”
Odil Yoqubov 1989-yil 9-iyundagi nutqidan Adib majlisni boshqarayotgan SSSR Ministrlar Soveti raisi Nikolay Rijkovga yuzlanib, talonchilikning aniq arifmetikasini keltirdi: inqilobga qadar rus savdogari bir pud paxtaga 18 pud bug‘doy bergan. Sho‘ro davlati esa kamida 50 so‘mlik ikkita erkaklar ko‘ylagi chiqadigan bir kilogramm paxtaga o‘rtacha 50 tiyin to‘lamoqda, holbuki, Toshkentning Oloy bozorida yarim kilogramm bodring ham 50 tiyin turadi! Ozod Sharafiddinov ta’biri bilan aytganda, bu so‘zlar “ustasi farang sho‘ro mustamlakachilarining yuziga urilgan tarsaki edi”.
Nutqining ikkinchi qismida u Rossiya 70 yil davomida boshqa respublikalarni boqib kelib o‘zi g‘arib bo‘lib qolgani haqida da’vo qilgan Boris Yelsinga javoban Xo‘ja Nasriddin va darveshlarning “xalfana” oshi haqidagi rivoyatni aytib berdi: o‘rtaga go‘sht, dumba va guruch solganlar qolib, bitta sarimsoq olib kelgan mullamirquruq gado hammadan ko‘p osh yeyishga uringanda Xo‘ja Nasriddin yog‘och qoshiq bilan uning boshiga urganini, bugun esa qo‘shningning boshiga qoshiq bilan ursang, u cho‘mich bilan solishini aytib, Stalin joriy qilgan yashirin statistikani ochishni talab qildi.
KGB raisi Kryuchkovga esa ayg‘oqchilarni ijodiy uyushmalardan qidirmaslikni, “chunki biz yaqin orada o‘z uyushmalarimizda bir-birimizning go‘shtimizni yeb bitirsak kerak” deya achchiq qochirim qildi.
Lukyanov qovoq-tumshug‘ini osiltirib qizil chiroqni yoqqanida, zalda gulduros qarsaklar yangradi. Minbardan tushayotgan Odil Yoqubov zalda akademik Andrey Saxarov o‘rnidan tik turgancha, chehrasi tabassumdan yorishib unga qarsak chalayotganini ko‘rdi. Oradan ikki-uch oy o‘tib Saxarov vafot etganida, O‘zbekistondan faqat Odil Yoqubovning yolg‘iz o‘zi Moskvaga borib, olimning tobuti boshida vidolashdi.
### “Meni birov kuyov qilarmidi?”: Mansabdan keyingi yolg‘izlik va so‘nggi e’tirof
Mustaqillik yillarida Odil Yoqubov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamashunoslik qo‘mitasi raisi (1991-yildan) va Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati Assambleyasining birinchi vitse-prezidenti (1995-yildan) bo‘lib ishladi. “Oqqushlar, oppoq qushlar” (1988) romanidan so‘ng “Muzaffar Temur” (1996), “Adolat manzili” (1998), “Bir koshona sirlari” (2000) va “Osiy banda” asarlarini yaratdi. 1994-yilda “Do‘stlik”, 1998-yilda “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlandi.
Biroq umrining keksaygan pallasida, mansab va deputatlik kursilaridan ketgach, adib bir paytlar dasturxonidan non-tuz yeb, atrofida parvona bo‘lgan soxta shogird va do‘stlarning yuz o‘girganiga ham guvoh bo‘ldi.
“Yozuvchilar uyushmasini faqat mukofot beradigan supermarket, deb biladilar... Kamina ba’zida adolatni yozib-yozib, o‘zim adolatga zor o‘tganim ham, adolat haqida kuylab-kuylab, so‘ylab-so‘ylab, oxir-oqibat, adolatga xor bo‘lganim ham bor haqiqat... Men uchun eng katta adolat bu — Vatanimning mustaqil va xalqimning ozod bo‘lgani. Bundan ziyoda, bundan Buyuk Adolat bormi?”
Hayotda nihoyatda kamtarin, bolalari “boshqa ko‘ylak, boshqa plash kiying” desa, “meni birov kuyov qilarmidi?” deb kulib qo‘yadigan, uyda xamir ovqat pishgan kuni ko‘chadagi oddiy qo‘shnilarini chaqirmay tomog‘idan luqma o‘tmagan va umrining so‘ngida vafodor rafiqasiga “Men sizni jonimdan ortiq sevdim, ammo hech qachon sizga xiyonat qilmadim” deya ko‘nglini ochgan yozuvchi 83 yoshida yiqilib, oyog‘ini sindirib oldi.
Bir oy davomida hushsiz yotgan Odil Yoqubov 2009-yilning 21-dekabr kuni Toshkentda vafot etdi va Chig‘atoy qabristoniga dafn qilindi. 2026-yil 28-mayda esa millat dardini eng baland minbarga olib chiqa olgan adib vafotidan so‘ng “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi.

