315 ming tadbirkor soliqlar boʻyicha penyalarni hisobdan chiqarishi mumkin boʻladi
Yil oxirigacha soliq qarzdorligi toʻliq toʻlangan taqdirda, 315 mingdan ortiq kichik va oʻrta biznes vakillarining penyalari hisobdan chiqarilishi mumkin boʻladi.

315 ming tadbirkor soliqlar boʻyicha penyalarni oʻchirish imkoniyatiga ega boʻladi
Oʻzbekistonda 315 mingdan ortiq tadbirkor «Ikkinchi imkoniyat» iqtisodiy amnistiya mexanizmidan foydalanish va 2026 yil yakuniga qadar soliq qarzdorligini toʻliq toʻlagan taqdirda hisoblangan penyalarni oʻchirish imkoniyatiga ega boʻladi. Bu haqda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar bermoqda.
Prezidentning PF–175-sonli farmonidan kelib chiqishicha, ushbu chora 2026 yil 1 sentyabr holatiga koʻra yuzaga kelgan soliq qarzdorligini 31 dekabrgacha toʻliq toʻlagan kichik va oʻrta biznes vakillariga taalluqlidir.
Ushbu shart bajarilgan taqdirda, tadbirkorlarning hisoblangan penyalari oʻchiriladi. Bundan tashqari, ularga nisbatan qoʻzgʻatilgan ijro ishlari tugatiladi.
SSP maʼlumotlariga koʻra, hozirda 315,2 ming tadbirkorning soliq qarzdorligi mavjud. Qarzning umumiy hajmi 9,5 trln soʻmni, hisoblangan penya esa 1,5 trln soʻmni tashkil etadi.
Farmonda qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash choralari ham koʻzda tutilgan. Soliq hisobotlaridagi xatolarni mustaqil ravishda tuzatgan va yil yakuniga qadar qoʻshimcha hisoblangan soliqni toʻlagan tadbirkorlarga penya hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, 2019–2025 yillarda toʻplanib qolgan umumiy qiymati 1,6 trln soʻmlik ayrim jarima qarzdorliklarini oʻchirish rejalashtirilgan. Aylanmadan olinadigan soliq boʻyicha 39,8 mlrd soʻmlik jarima qarzdorliklarini oʻchirish alohida koʻzda tutilgan.
«Ikkinchi imkoniyat» mexanizmi doirasida penyani oʻchirish huquqiga ega boʻlish uchun tadbirkor 2026 yil 31 dekabrgacha soliq qarzdorligini toʻliq toʻlashi lozim.

