O‘zbekistonda tadbirkorlar uchun “Ikkinchi imkon” iqtisodiy amnistiyasi e’lon qilinadi

O‘zbekistonda kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari uchun "Ikkinchi imkon" deb nomlangan iqtisodiy amnistiya joriy etilishi ma’lum qilindi. Ushbu tartib 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.
Amnistiya shartlariga ko‘ra, agar tadbirkorlar amnistiya e’lon qilingunga qadar yuzaga kelgan soliq qarzini 2026-yil 31-dekabrgacha to‘liq to‘lasalar, ushbu qarzdorlik bo‘yicha hisoblangan penya bekor qilinadi va unga bog‘liq ijro ishlari yakunlanadi. Shuningdek, tadbirkor avval topshirgan soliq hisobotiga mustaqil ravishda tuzatish kiritib, qo‘shimcha hisoblangan soliqni belgilangan muddatgacha to‘liq to‘lagan taqdirda, ushbu summaga penya hisoblanmaydi.
Iqtisodiy amnistiya doirasida tadbirkorlar soliqlar va yig‘imlarni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini bankka taqdim etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod etiladi. Amnistiya doirasida yo‘l qo‘yilgan xatolarni mustaqil ravishda bartaraf etgan tadbirkorlarning barqarorlik reytingidagi ballari ham pasaytirilmaydi.
Bundan tashqari, 2026-yil 1-yanvargacha shakllangan ayrim qarzdorliklar hisobdan chiqariladi. Jumladan, soliq hisobotini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun qo‘llanilgan ma’muriy jarimalarning to‘lanmagan qismi hamda qat’iy belgilangan miqdorda aylanmadan olinadigan soliqni to‘lovchi subyektlarga qo‘llanilgan moliyaviy jarimalarning to‘lanmagan qismi bekor qilinadi.
Shuningdek, avval tuzilgan mehnat shartnomalarini Yagona milliy mehnat tizimiga kiritishga ruxsat beriladi. Ularni kechiktirib kiritganlik uchun tadbirkorlarga jarima qo‘llanmaydi.

