2600 ishtirokchi va ikkita rekord: Toshkent viloyatida navbatdagi Sky Camp Bo‘stonliq tog‘ marafoni o‘tkazildi
Amirsoyda Markaziy Osiyodagi eng yirik tog‘ marafoni — Sky Camp Bo‘stonliq sport festivali bo‘lib o‘tdi. 20 ta davlatdan kelgan 2600 nafar ishtirokchini birlashtirgan musobaqada ikkita yangi trassa rekordi o‘rnatildi. Unda eng ulug‘ ishtirokchi sifatida 79 yoshli yuguruvchi qayd etildi.

Toshkent viloyatida navbatdagi Sky Camp Bo‘stonliq tog‘ marafoni o‘tkazilib, unda 2600 nafar ishtirokchi qatnashdi va ikkita rekord qayd etildi.
Gazeta muxbirining xabar berishicha, 22-23-avgust kunlari Toshkent viloyatining Amirsoy dam olish maskanida to‘rtinchi marotaba Sky Camp Bo‘stonliq tog‘ bo‘ylab yugurish (treyl) marafoni tashkil etildi.
Markaziy Osiyodagi eng yirik treyl-starti sifatida e’tirof etilgan ushbu tadbir bu yil dunyoning 20 ta davlati va O‘zbekistonning 77 ta shahridan kelgan 2600 nafar ishtirokchini jamladi. Jumladan, Hindiston, Xitoy, Ukraina, Fransiya, Filippin, Yaponiya va AQSh kabi mamlakatlardan vakillar ishtirok etdi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda o‘tkazilgan ushbu sport festivalida qatnashchilar 5 km, 10 km va 20 km masofalarga yugurishdi. Shuningdek, PEAK vertikal yugurish, ZEN (qisqa yugurish va yoga), bolalar poygalari hamda chiqindilarni yig‘ib yuguriladigan ekologik plogging kabi yo‘nalishlarda ham bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
5 km masofaga yugurgan Muzaffar Bobomurodov o‘z taassurotlarini shunday izohladi: "Ilgari faqat shahar asfaltida yugurganman, tog‘lardagi bu debyut men uchun haqiqiy sinov bo‘ldi. Ayniqsa, tik ko‘tarilishda oyoqlar toliqib, nafas siqilgan soniyalarda atrofdagilarning "olg‘a" deb bergan daldasi menga kuch bag‘ishladi. Tashkilotchilik, yo‘l-yo‘lakay taqdim etilgan suv, mevalar va marradagi olma atmosferani yanada unutilmas qilar ekan. Endi oktabr oyidagi Orolbo‘yida o‘tadigan startlarga tayyorgarlikni boshlayman."
Ishtirokchilarning 65 foizini erkaklar, 35 foizini ayollar tashkil etdi. Eng yoshi ulug‘ ishtirokchi sifatida 79 yoshli samarqandlik Qosim G‘ilmonov qayd etildi.
Sky Camp – O‘zbekistonda Xalqaro treyl yugurish assotsiatsiyasiga kiruvchi yagona shu kabi formatdagi tadbirdir. Treyl va PEAK trassalari sertifikatlangan bo‘lib, ishtirokchilarning natijalari shaxsiy kvalifikatsiyaga o‘tadi. 20 km masofasi esa o‘zbekistonlik yuguruvchilarga Alp va Pireney kabi tog‘lardagi startlarda qatnashish uchun ball to‘plash imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, 2019-yilda asos solingan Samarkand Marathon Series xayriya seriyasiga Sky Camp Bo‘stonliq, Zaamin Ultra, Bukhara Night Race va Samarkand Marathon kiradi. 2026-yildan esa Aral Ultra loyihasi ham qo‘shildi.
Seriyaning navbatdagi startlari 3-4-oktabr kunlari (Aral Ultra) va 7-8-noyabr kunlari (Samarkand Marathon) bo‘lib o‘tadi.

