2040 yilga borib Oʻzbekistonda yillik tugʻilishlar soni 1 milliondan oshishi mumkin
2050 yilga kelib Oʻzbekistonda tugʻilishlar soni 2025 yilga nisbatan 354,5 ming kishiga yoki 40,3 foizga oʻsishi prognoz qilinmoqda. Hududlar kesimida eng yuqori oʻsish surʼatlari Toshkent viloyati (62 foiz), Toshkent shahri (61 foiz) va Andijon viloyatida (48,6 foiz) kuzatilishi mumkin.

2040 yilga borib Oʻzbekistonda tugʻilishlar soni yiliga 1 milliondan oshishi mumkin
«Oila va gender» ilmiy-tadqiqot instituti tugʻilish koʻrsatkichlari boʻyicha uzoq muddatli prognozlarni taqdim etdi. Tadqiqot natijalariga koʻra, yaqin yillarda Oʻzbekistonda tugʻilishlar soni oʻsishda davom etishi va quyidagicha koʻrinish olishi kutilmoqda:
2030 yilda — 892,7 ming;
2040 yilda — 1 016,1 ming;
2050 yilda — 1 234,1 ming.
Shu tariqa, 2050 yilga borib tugʻilishlar soni 2025 yilga nisbatan 354,5 ming kishiga yoki 40,3 foizga koʻpayishi kutilmoqda. Hududlar kesimida eng yuqori oʻsish surʼatlari quyidagi joylarda prognoz qilinmoqda:
Toshkent viloyati — 62 foiz;
Toshkent shahri — 61 foiz;
Andijon viloyati — 48,6 foiz;
Samarqand viloyati — 43,3 foiz;
Namangan viloyati — 42,4 foiz.
Umumiy tugʻilish koeffitsiyenti boʻyicha oʻrta muddatli istiqbolda biroz pasayish, shundan soʻng barqaror oʻsish boshlanishi kutilmoqda. Respublika boʻyicha ushbu koʻrsatkich 2030 yilda 21,2 promilleni, 2040 yilda 20,8 promilleni va 2050 yilda 21,9 promilleni tashkil etishi mumkin.
2050 yilda tugʻilish koeffitsiyenti eng yuqori boʻlishi kutilayotgan hududlar:
Surxondaryo viloyati — 24,7 promille;
Qashqadaryo viloyati — 23,8 promille;
Namangan viloyati — 23,1 promille;
Samarqand viloyati — 23,1 promille;
Andijon viloyati — 22,9 promille;
Toshkent shahri — 22,3 promille.
«Yaqin yillarda tugʻilishlar sonining prognoz qilinayotgan oʻsishi taʼlim, sogʻliqni saqlash, maktabgacha taʼlim, uy-joy, ijtimoiy xizmatlar va mehnat bozori infratuzilmasiga boʻlgan ehtiyojni oshiradi. Shu nuqtai nazardan, demografik oʻzgarishlarni oldindan baholash davlat resurslarini samarali taqsimlash, hududlarni kompleks rivojlantirish va inson kapitaliga investitsiyalarni strategik rejalashtirish imkonini beradi», — deyiladi ilmiy-tadqiqot instituti xabarida.

