2027–2028 yillarda bolalar va ayollar ahvoli monitoringi oʻtkaziladi
Milliy darajada bolalar va ayollarning ahvolini baholash uchun koʻp indikatorli klaster kuzatuvi rejalashtirilgan. Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9 oktyabrdagi 556-son qaroriga muvofiq, uy xoʻjaliklari oʻrtasida soʻrovnomalar BMTning Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF) bilan hamkorlikda oʻtkaziladi, tadqiqot natijalari esa 2028 yilning iyul oyida eʼlon qilinadi.

2027–2028 yillarda bolalar va ayollar ahvoli monitoringi oʻtkaziladi
Statistikani rivojlantirish boʻyicha Milliy strategiya – 2030 ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 09.10.2026 yildagi 556-son «2027–2028 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida koʻp indikatorli klaster monitoringini oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Kuzatuvni tashkil etishni Milliy statistika qoʻmitasi va YUNISEF taʼminlaydi. 2026 yil oktyabridan 2027 yil iyunigacha davom etadigan tayyorgarlik bosqichida xonadonlar tanlanmasini aniqlash, anketalarni ishlab chiqish va testdan oʻtkazish, byudjetni tayyorlash hamda intervyuyerlarni oʻqitish rejalashtirilgan.
Kuzatuvning dala bosqichi 2027 yil noyabriga moʻljallangan. Soʻrovlar planshetlardan foydalangan holda shaxsiy intervyu usulida oʻtkaziladi. Olingan maʼlumotlarni yigʻish va tahlil qilishni 2028 yil martigacha, milliy hisobotni tayyorlashni – iyungacha, natijalarni nashr etishni esa 2028 yil iyuligacha yakunlash rejalashtirilmoqda.
Ishlarni muvofiqlashtirish uchun Milliy idoralararo muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilishi nazarda tutilgan. U kuzatuv rejasi va byudjetini tasdiqlash, anketalarni kelishish, ishlar sifatini nazorat qilish hamda yakuniy hisobotni koʻrib chiqish uchun javob beradi.
Monitoringni moliyalashtirish Davlat byudjeti, xalqaro va donor tashkilotlar mablagʻlari, shuningdek boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi. Vazirlik va idoralarga qoʻshimcha moliyalashtirishni va zarur hollarda xalqaro ekspertlarni jalb etish boʻyicha choralar koʻrish topshirildi.
Kuzatuvni oʻtkazishda shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish va axborotning konfidentsialligiga eʼtibor qaratiladi. Tadqiqot uchun zarur boʻlgan tibbiy maʼlumotlardan faqat statistik maqsadlarda va belgilangan hajmda foydalanishga ruxsat beriladi. Monitoringni oʻtkazishda koʻmaklashuvchi tashkilotlarga xonadonlar soʻroviga aralashish taqiqlanadi.
Kuzatuv natijalari asosida tegishli vazirlik va idoralar tegishli yoʻnalishlarni rivojlantirish boʻyicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqishi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritishi kerak. Ushbu chora-tadbirlarni tayyorlashni 2028 yil noyabrigacha yakunlash rejalashtirilmoqda.
Hujjat Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 14.10.2026 yildan kuchga kirdi.

