Iqtisodiyot

2025-yilda yo‘lovchilardan 353 mlrd so‘m daromad tushdi — Toshkent metropoliteni

O‘tgan yili Toshkent metropoliteni yo‘lovchilardan 353 mlrd so‘m daromad olgan. Biroq tizim xarajatlarini qoplashda hamon davlat subsidiyasiga tayanilmoqda. Asosiy xarajatlar xodimlar ish haqi va elektr energiyasiga to‘g‘ri keladi. 'Bir yo‘lovchini tashish tannarxi 5300 so‘m atrofida', — dedi metropoliten mas’uli.

2025-yilda yo‘lovchilardan 353 mlrd so‘m tushum olindi — Toshkent metropoliteni

2025-yilda Toshkent metropoliteni yo‘lovchilardan 353 mlrd so‘m daromad olgan. Ammo tizimning yillik xarajatlari 950 mlrd so‘mdan oshgani bois, yetishmayotgan mablag‘ davlat budjeti hisobidan qoplangan.

Boshqaruv raisining o‘rinbosari Yo‘ldosh Yusupovning aytishicha, metropoliten davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan ijtimoiy ahamiyatga ega tizim hisoblanadi. Yo‘lovchilardan tushadigan mablag‘ uning barcha xarajatlarini yopishga yetmaydi.

“Metropoliten alohida toifalangan obyekt hisoblanadi. Bugungi kunda u zarar bilan, ya’ni subsidiya mablag‘lari hisobiga ishlaydi. Yo‘lovchilarni tashishdan tushadigan daromadlar umumiy xarajatlarning taxminan uchdan bir qismini qoplaydi. Qolgan mablag‘lar davlat budjeti tomonidan subsidiya tariqasida ajratiladi”, — deydi u.

Yusupovning ma’lum qilishicha, metropolitenda qariyb 6 ming xodim faoliyat yuritadi. Ularning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar uchun oyiga 60 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanadi. Elektr energiyasi xarajatlari esa oyiga qariyb 10 mlrd so‘mni tashkil etadi. Bundan tashqari, harakat tarkibi, yo‘llar, tunnellar va boshqa inshootlarni saqlash hamda ta’mirlash xarajatlari ham mavjud.

“Metropolitenning asosiy xarajatlari ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar hamda elektr energiyasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan mablag‘lar yo‘llarimizni ta’mirlash, vagonlarga texnik xizmat ko‘rsatish va metropolitenni saqlash bilan bog‘liq boshqa ishlarga yo‘naltiriladi”, — deydi Yusupov.

Uning qayd etishicha, 2026-yil uchun davlat budjetidan dastlab 572 mlrd so‘m subsidiya ajratish rejalashtirilgan. Biroq yo‘lovchilar sonining ortishi va metropoliten infratuzilmasining eskirishi bilan bog‘liq xarajatlar ko‘paygani sababli subsidiya ehtiyoji 700 mlrd so‘mga yaqinlashgan.

Matbuot anjumanida bir yo‘lovchini tashish tannarxi taxminan 5300 so‘m ekani ham aytildi. Hozirda yo‘lovchi bir safar uchun 2500 so‘m to‘laydi, qolgan qismi davlat subsidiyasi hisobidan qoplanadi.

Yusupov jamoat transportida, xususan metroda yo‘l haqining 1700 so‘mdan 2500 so‘mga oshirilishini ham izohladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflarni qayta ko‘rib chiqishda kommunal xizmatlar narxi, boshqa xarajatlarning o‘sishi va metropoliten xodimlarining mehnat sharoitlarini yaxshilash zarurati inobatga olingan.

Metropoliten rahbariyati kelgusida davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘larga ehtiyojni kamaytirish uchun qo‘shimcha daromad manbalarini rivojlantirishni maqsad qilgan. Bunda reklama, telekommunikatsiya va boshqa xizmatlarni kengaytirishga e’tibor qaratilmoqda.

“Metropoliten imkoniyatlaridan kelib chiqib, qo‘shimcha daromadlarni oshirishni ko‘zlayapmiz. Reklama, telekommunikatsiya va boshqa xizmatlarni kengaytirish orqali kelgusida xarajatlarimizning ko‘proq qismini o‘z daromadlarimiz hisobidan qoplash rejalashtirilgan”, — deydi Yusupov.

Ulug‘bek Salihovning aytishicha, metropoliten 2025-yilda reklama orqali qariyb 30 mlrd so‘m daromad olgan. 2026-yilda bu ko‘rsatkichni 40 mlrd so‘mga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

“Qo‘shimcha daromadlarni oshirish borasida bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. 2026-yilda reklama yo‘nalishidagi daromadlarni 40 mlrd so‘mgacha yetkazishni rejalashtirganmiz”, — deydi Salihov.

Unga ko‘ra, metropolitenda qo‘shimcha daromad manbalaridan yana biri savdo avtomatlari — vending qurilmalari hisoblanadi. 2025-yilga qadar tizimda oltita shunday qurilma mavjud edi. 2026-yil may oyiga kelib ularning soni 67 taga yetkazilgan. Yil oxirigacha qurilmalar sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.

“Vending qurilmalarini o‘rnatish ishlari davom ettirilyapti. Bundan tashqari, naqd puldan voz kechganimiz sababli avvalgi kassetali savdo shoxobchalari o‘rniga zamonaviy savdo nuqtalarini tashkil etish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda. Tadbirkorlardan yaxshi takliflar tushsa, ularni inobatga olamiz. Bu ham metropoliten uchun qo‘shimcha daromad manbai bo‘ladi”, — deydi Salihov.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.