Sport

15 yoshli hindistonlik shaxmatchi Magnus Karlsenni mag‘lub etdi

Dehlilik 15 yoshli shaxmatchi Vandan Alankar Savay onlayn blits-turnirda dunyoning birinchi raqamli shaxmatchisi Magnus Karlsenni mag‘lub etdi. Biroq u faoliyatidagi eng yirik g‘alabalardan birini o‘ta xotirjamlik bilan qabul qildi va bu haqda ota-onasi yoki murabbiyiga darhol aytmadi.

Times of India nashrining xabar berishicha, FIDE reytingida 2288 ochkoga ega bo‘lgan Vandan 18-avgust kuni Chess.com saytida o‘tkazilgan Titled Tuesday turnirida reytingi 2823 ga teng bo‘lgan Karlsenni 50-yurishda taslim etgan.

"Menda yo‘qotadigan hech narsa yo‘q, aksincha, yutadigan narsam ko‘p edi. Men o‘zim uchun qulay o‘yin ko‘rsatishga qaror qildim va oq donalarda odatiy 'e4' yurishi bilan bahsni boshladim", deydi Vandan.

Shaxmatchining oilasi bu g‘alabadan keyinroq xabar topdi. Otasi Alankar Savay tasodifan Chess.com saytiga kirganida o‘g‘lining natijasini ko‘rib qolgan. Onasining aytishicha, Vandan boshida bu turnirda qatnashishni umuman istamagan ekan.

"Turmush o‘rtog‘im bilan uyda edik, Vandan kelib, turnirda o‘ynaganini aytdi. Otasi qanday natija bo‘lganini so‘raganidangina, u Karlsenga qarshi o‘ynab, g‘alaba qozonganini aytdi. Aslida Vandan musobaqada qatnashishni istamagandi. Biz uni o‘ynashga majbur qilgandik", deydi onasi.

Yosh shaxmatchining murabbiyi Gurpreet Pal Singx ham shogirdining g‘alabasidan ertasiga xabar topgan. Karlsen bilan to‘qnashuvdan so‘ng Vandan yana ikkita raund o‘ynagan va jami 4 ta o‘yindan iborat ishtirokini 3 g‘alaba hamda 1 mag‘lubiyat bilan yakunlab, charchagani sababli uxlashga yotgan.

Ikkinchi bosqichda Karlsen bilan to‘qnash kelgan Vandan mashhur raqibidan umuman cho‘chimadi va o‘zining odatiy o‘yinini ko‘rsatdi. Besh daqiqalik bahsda hindistonlik yigitcha vaqtdan unumli foydalandi. Vandanning fili Karlsenning shohiga xavf solgan bir vaziyatda, norvegiyalik sportchi xatoga yo‘l qo‘ydi va ustunlikni raqibiga boy berib qo‘ydi.

"U qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yganida, hayratda qoldim", deydi yosh shaxmatchi.

Vandan bilan yetti yildan beri ishlab kelayotgan murabbiy Singx uni doska ortida agressiv, ammo hayotda juda bosiq va kamgap yigit sifatida ta’riflaydi. Shaxmatga qiziqish Vandanda oilasidan o‘tgan — onasi yoshligida akasi bilan shaxmat o‘ynaganini aytib, farzandiga ham bu o‘yinni o‘rgatgan. Keyinchalik iqtidori sezilgach, uni murabbiy Singxga olib kelishgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.