Shaxmat. Magnus Karlsen Esports World Cup turnirida g‘olib bo‘ldi

Shaxmat bo‘yicha dunyoning birinchi raqamli o‘yinchisi Magnus Karlsen Parijda bo‘lib o‘tgan 2026-yilgi Esports World Cup turnirida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Finalda u 19 yoshli belaruslik grossmeyster Denis Lazavikni mag‘lub etdi. Karlsen musobaqani guruh bosqichidan boshlab pley-offgacha birorta ham partiyada mag‘lub bo‘lmasdan yakunladi.
Team Liquid jamoasi safida ishtirok etgan Karlsen Lazavikni ishonchli tarzda mag‘lubiyatga uchratdi, har ikki setda 3:1 hisobida ustun keldi.
Kibersport bo‘yicha Jahon chempionatidagi g‘alabadan so‘ng, norvegiyalik grossmeyster shunday dedi: “Men Denisning o‘yinlarini kuzatdim va murabbiylar bilan gaplashdim. Ayniqsa, Hikaru qo‘llagan yondashuv to‘g‘ri bo‘lmaganini his qildim. Qizig‘i shundaki, men uning endshpillarda himoyalanishi unchalik kuchli emasligini aytgandim. Shuning uchun Hikaru kabi xatoga yo‘l qo‘ymasdan, vaziyatni yaxshiroq ushlab turishim kerak deb o‘yladim”.
Karlsen Lazavik bilan avvalgi o‘yinlarda yo‘l qo‘ygan xatolarini ham eslab o‘tdi: “Men Denis bilan internetda ko‘p marta o‘ynaganman. O‘sha o‘yinlarda tavakkal qilib, buning uchun jazolanganman. Shu sababli unga aniq pozitsion ustunlik berishga harakat qilmadim”.
Turnir davomida Karlsen chorakfinalda hindistonlik grossmeyster Nihal Sarinni 2,5:0,5 hisobida, yarimfinalda esa fransiyalik shaxmatchi Alireza Firuzjani 4:1 hisobida mag‘lub etdi.
Karlsendan mag‘lubiyatga uchrashi mumkinligini his qilgan paytlari bo‘lgan-bo‘lmaganini so‘rashganda, u shunday javob berdi: “Albatta, shunday vaziyatlar bo‘ldi. Alirezaga qarshi bir necha bor, Nihalga qarshi ham shunday holatlar yuzaga keldi. Ayrim xavfli vaziyatlar bo‘lgan, ammo turnirni mag‘lubiyatsiz yakunlaganimdan juda xursandman. Men noodatiy narsa qilishga urinmadim. Imkoniyatlardan foydalanishga, biroz tavakkal qilishga harakat qildim va bundan mamnunman”.
Ma’lumot uchun, ushbu musobaqada NAVI (Natus Vincere) jamoasi nomidan ishtirok etgan O‘zbekistonning ikkinchi raqamli grossmeysteri Nodirbek Abdusattorov chorakfinalda Denis Lazavik bilan bahs olib bordi. Dastlabki to‘rtta partiyada g‘olib nomi aniqlanmadi. Shundan so‘ng, armaggedon bahsida Lazavik g‘alaba qozondi va keyingi bosqichga yo‘l oldi. O‘zbekistonlik shaxmatchi bu turnirdagi natijasi evaziga 75 ming dollar pul mukofotini qo‘lga kiritdi.
Shaxmatchilar turnirda “10+0” ya’ni rapid formatida bahslashdi. Turnirning sovrin jamg‘armasi 1,5 million AQSH dollarini tashkil etdi va g‘olib 250 ming dollarga ega bo‘ldi. Karlsen 2025-yilgi Esports World Cup musobaqasida ham bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.

