130–161 km/soatda aloqa yoʻqolmoqda: Zelenskiy Starlink’dagi muammolarni aytdi
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy frontning turli uchastkalarida Starlink va Starshield uskunalari soatiga 130–161 kilometr harakat tezligida ishlashdan toʻxtayotganini bildirdi. Uning aytishicha, bu front logistikasini sekinlashtirib, dronlardan, jumladan, reaktiv Shahed’larni tutib qoluvchi apparatlardan foydalanishni cheklamoqda.

130–161 km/soat tezlikda aloqa uzilmoqda: Zelenskiy Starlinkdagi muammolar haqida gapirdi
Zelenskiy 19-oktabr kuni bu maʼlumotlarni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qoʻmondonining hisobotiga tayangan holda Telegram’da eʼlon qilgan, deb yozadi.
Bu yerda internet orqali maʼlumot uzatish tezligi emas, balki sunʼiy yoʻldosh aloqasi uskunasi oʻrnatilgan vositaning harakat tezligi nazarda tutilmoqda. Zelenskiyning aytishicha, uzilishlar turli dronlarga, ayniqsa oʻrta masofali apparatlar va reaktiv uchuvchisiz vositalarni tutib qoluvchi dronlarga taʼsir qilmoqda.
Ukraina prezidenti 17-oktabr kuni ham shunga oʻxshash muammoni tilga olgan edi. Oʻshanda u aloqadagi cheklovlar Rossiya dronlari hujumlarini qaytarishga toʻsqinlik qilayotganini, Kiyev bu masalani AQSH vakillari bilan muhokama qilayotganini bildirgan. Zelenskiyga koʻra, Amerika tomoni cheklovlarni texnik sabablar bilan izohlagan.
AQSH davlat kotibi Marko Rubio esa 17-oktabr kuni Vashington Starlink ishini ataylab cheklagani haqidagi iddaolarni rad etdi.
«Oq uyda hech kim internetni sekinlashtirish yoki maʼlumot uzatish tezligini pasaytirish boʻyicha koʻrsatma bermagan», - degan u. Rubio texnik muammolarning sababi hali nomaʼlumligini, biroq tizimdan foydalanish imkoniyati tiklanganini aytgan.
Ukraina Mudofaa vazirligi maʼlumotiga koʻra, Starshield’dagi cheklovlar 14-oktabrga oʻtar kechasi paydo boʻlib, dronlar va logistika ishini qiyinlashtirgan. Vazirlik 15-oktabrda tizimning dala sharoitidagi faoliyati tiklanganini bildirgan boʻlsa-da, Zelenskiyning yangi bayonoti yuqori harakat tezligida muammolar saqlanib qolayotganini koʻrsatmoqda.
Cheklovlarni kim joriy qilgani borasidagi xabarlar bir-biriga zid. The Telegraph manbalari bu tashabbusni Ilon Mask ilgari surgani, Donald Tramp qoʻllab-quvvatlaganidan keyin Pentagon limitlar kiritganini aytgan. Reuters esa oʻz manbalariga tayanib, koʻrsatma Oq uydan berilganini xabar qilgan.
Mask Starshield boʻyicha bunday qarorlarni AQSH harbiylari va yakuniy hisobda mamlakat prezidenti qabul qilishini taʼkidlagan. Tramp esa 16-oktabr kuni oʻzi bunday koʻrsatma bermaganini va Mask ham bergan deb oʻylamasligini aytgan.
Shu bilan birga, Zelenskiy 19-oktabr kuni Kiyevda Lockheed Martin vakillari bilan havo mudofaasi uchun tutib qoluvchi vositalar yetkazib berishni koʻpaytirish masalasini muhokama qilganini maʼlum qildi. U kompaniya ballistik nishonlarni tutib qolish vositalari ishlab chiqarishni kengaytirayotganini, Ukraina esa ularning bir qismini sotib olishni rejalashtirayotganini bildirdi.

