12 yildan soʻng oqlangan sobiq bojxonachi lavozimiga qayta tiklanishga erishdi

12 yildan soʻng oqlangan sobiq bojxonachi lavozimiga qayta tiklanishga erishdi
2014 yilda 10 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan «Navoiy» bojxona postining sobiq inspektori Husan Nigmatov oqlanish, yetkazilgan zararni qoplash va ishga qaytishga erishdi. Sud boʻshatish toʻgʻrisidagi buyruqni noqonuniy deb topdi va uni avvalgi yoki unga tenglashtirilgan lavozimga qayta tiklash majburiyatini yukladi.
Nigmatov bojxona organlarida 2009 yil may oyidan 2013 yil fevral oyigacha xizmat qilgan. U Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi «Navoiy» chegara postida bojxona koʻrigi, yuklarni roʻyxatdan oʻtkazish va rasmiylashtirish guruhi inspektori lavozimini egallagan.
2014 yil noyabr oyida viloyat sudi uni Jinoyat kodeksining bojxona qoidalarini buzish, mansabdorlik jinoyatlari va pora olish bilan bogʻliq bir nechta moddalari boʻyicha aybdor deb topdi. Unga 10 yilu 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Hukm eʼlon qilingunga qadar, tergov davomida Nigmatov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan edi.
U aybsizligini taʼkidlashda davom etdi va advokati bilan birga Oliy sudga murojaat qildi. 2026 yil 15 yanvarda Oliy sudning jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati Nigmatovga nisbatan 2014 yil 19 noyabrdagi hukm va 2016 yil 9 avgustdagi apellyatsiya ajramini bekor qildi. U Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi asosida oqlandi.
Oqlanganidan soʻng Nigmatov moddiy va maʼnaviy zararni qoplashni talab qilish huquqiga ega boʻldi. Toshkent viloyati sudining ajrimiga koʻra, unga 576,3 million soʻm toʻlanmagan ish haqi va ilgari davlat daromadiga oʻtkazilgan 15,4 million soʻmni qaytarish belgilandi. Umumiy summa 591,7 million soʻmni tashkil etdi. Bundan tashqari, Uchtepa tumanlararo fuqarolik ishlari boʻyicha sudi uning foydasiga maʼnaviy zarar kompensatsiyasi sifatida 350 million soʻm undirish haqida qaror chiqardi.
Shundan soʻng Nigmatov Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasiga uni avvalgi lavozimiga qayta tiklash iltimosi bilan murojaat qildi. Biroq 2026 yil fevral oyida unga rad javobi berildi va ishga tiklanish uchun sudga murojaat qilish kerakligi tushuntirildi.
Sobiq inspektor Uchtepa tumanlararo fuqarolik ishlari boʻyicha sudiga daʼvo arizasi bilan murojaat qildi. U Bojxona qoʻmitasi raisining 2014 yil 16 yanvardagi buyrugʻining uni ishdan boʻshatishga oid qismini noqonuniy deb topish va bekor qilishni, uni ishga tiklashni hamda majburiy bekor yurgan davrini mehnat stajiga qoʻshishni soʻradi.
Sud Jinoyat-protsessual va Mehnat kodekslarining jinoiy taʼqib tufayli noqonuniy hukm qilingan yoki lavozimidan chetlashtirilgan shaxslarni ishga tiklashni nazarda tutuvchi normalarini inobatga oldi. Yakunda Nigmatovning daʼvosi qanoatlantirildi.
Sud boʻshatish toʻgʻrisidagi buyruqni noqonuniy deb topdi va Nigmatovni inspektor yoki unga tenglashtirilgan lavozimga qayta tiklash haqida qaror chiqardi. Majburiy bekor yurgan davr mehnat stajiga qoʻshiladi.
Avvalroq «Navoiy» postida Oʻzbekistondan 240 ming dollarni noqonuniy olib chiqib ketishga boʻlgan urinish bartaraf etilgan edi. Qoʻshni davlatning ikki nafar fuqarosi bojxona nazoratidan yashirish va deklaratsiyalashdan qochish maqsadida valyutani skotch bilan oyoqlariga boylab olishgan.

