1 yilda ham tugamagan tergov: ichki ishlar oʻnlab odamlar aldanishiga sharoit yaratib berdi
Toshkentda odamlar yana avtofiribgarlarga chuv tushdi: ochilganiga 2 oy boʻlmagan “avtosalon” muhrlab ketilgan. Kun.uz holatni oʻrgandi. Kalavaning uchi Kun.uz bir yil avval surishtiruv oʻtkazgan “Global avto” ishi mansabdorlariga borib taqalmoqda. 2025-yil noyabrida jinoyat ishi qoʻzgʻatilganda ushbu shaxslar ochiqda qoldirilgan. Ular bundan foydalanib, odamlarni chuv tushirishda davom etgan.

1 yildan ham oshmagan tergov: ichki ishlar oʻnlab odamlar aldanishiga yoʻl ochib bergan
Toshkent shahrida bir necha oy avval ochilgan avtosalon Xitoydan qulay shartlarda mashina olib kelib berishni vaʼda qilib, oʻnlab fuqarolarni chuv tushirgani maʼlum boʻldi: ular avtofiribgarlar ekani aniqlangan.
**Eʼlondan “avtosalon”gacha bo‘lgan yo‘l**
Toshkent shahrida yashovchi Kamoliddin Nabiyev qulay shartlar chiqsa, BYD E2 avtomobilini sotib olishni rejalashtirgan edi. Olx’dagi eʼlonlardan biri uning diqqatini tortdi — aynan shu rusumdagi mashina bo‘lib to‘lash sharti bilan taklif qilingan edi.
“Telegram orqali lokatsiya tashlab berishdi, bordim. Besh-olti qiz ishlayotgan edi, iliq kutib olishdi. Keyin menga Samandar ismli bolaning telefon raqamini berishdi. Gaplashdim. Oradan 10-15 daqiqa o‘tib, u keldi. Hammasini tushuntirdi, mashina va shartlar menga maʼqul keldi.
Mashina Xitoydan 25-30 kunda keladi, deyishdi. Men nega ularda arzonligini so‘radim. Firma bo‘lganimiz uchun shunaqa deb javob qilishdi. Boshlang‘ich to‘lov sifatida 4200 dollar to‘ladim, Samandar sanab oldi. Keyin shartnoma tuzildi.
Samandardan kim bo‘lib ishlashini so‘raganimda ish yurituvchiman dedi. Oradan vaqt o‘tdi. 25 kundan so‘ng ham menga VIN-kod jo‘natishmadi. Telegram orqali aloqaga chiqdim. Menga har xil telefon raqamlari tashlab berishdi.
Xalilulloh degani bilan bog‘landim. U qaysi tumanga to‘lov qilgansiz, deb so‘radi. Yakkasaroyga dedim. Sizga tez orada aloqaga chiqishadi, dedi, ammo hech kim aloqaga chiqmadi. Shundan keyin bildim ular firibgar ekanini”.
Avtosalon xodimlarining mashinani Xitoydan keltirib berish va boshlang‘ich to‘lovdan tashqari pulini bo‘lib to‘lash sharti Kamoliddin Nabiyevga maʼqul kelgan edi. Chunki bunday taklif boshqa rasmiy avtosalonlarda uchramaydi. Shu sababli u mazkur avtosalonni mashina xarid qilishni istagan singlisiga ham tavsiya qilgan.
“Drive avenue” haqida akamdan eshitdim. Akam zo‘r takliflar bo‘lyapti, ishonchli ekan, oylik to‘lovlari ham yaxshi, surishtirdim, dedi. Biz ham borib to‘lov qildik. 6200 dollar to‘ladik, BYD uchun. Oylik to‘lovi 5,1 mln so‘m, akangizniki bilan birga keladi, deyishdi. Keyin aldanganimizni bildik”.

