Mahalliy

1-sentabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

Ish haqi va stipendiyalar oshiriladi, BHM va MHTEKM o‘zgaradi, avtobusga chiqish vaqtida yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchi chiptasiz yurgan hisoblanadi, talabalar yotoqxonasiga joylashish va ro‘yxatdan o‘tish bir vaqtda amalga oshiriladi — 1-sentabrdan kuchga kiradigan o‘zgarishlar Gazeta sharhida.

1-sentabrdan O‘zbekiston qonunchiligida bir qator muhim o‘zgarishlar va yangiliklar kuchga kiradi. Quyida "Gazeta.uz", Adliya vazirligi va Lex.uz saytlari ma’lumotlari asosida tayyorlangan sharh bilan tanishishingiz mumkin.

**Ish haqi va stipendiyalar oshiriladi**

1-sentabrdan boshlab budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi. Shu sanadan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori oyiga 1 360 000 so‘m (hozirda 1 271 000 so‘m), bazaviy hisoblash miqdori (BHM) esa 440 000 so‘m (hozirda 412 000 so‘m) etib belgilanadi. Eslatib o‘tamiz, 1-iyuldan pensiyalar, nafaqalar, shu jumladan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari 7 foizga oshirilgan edi. 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori ham 504 000 so‘m etib belgilangan.

**Avtobuslarda yo‘l haqi to‘lash tartibi o‘zgaradi**

1-sentabrdan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi – validator bilan jihozlangan avtobuslarda yo‘lovchi avtobusga chiqish vaqtida yo‘l haqini to‘lashi yoki imtiyozli/bepul yurish huquqini tasdiqlashi shart. Buning uchun transport yoki bank kartasi, smartfon va boshqa kontaktsiz elektron to‘lov usullaridan foydalanish mumkin. Yo‘l haqi avtobusga chiqish vaqtidayoq to‘lanmasa yoki imtiyozli yurish huquqi tasdiqlanmasa, yo‘lovchi chiptasiz yurgan deb hisoblanadi. Buning uchun BHMning 1/10 qismi miqdorida (sentabrdan 44 ming so‘m) jarima belgilangan. Eslatib o‘tamiz, 1-sentabrdan avtobusda yo‘l haqini to‘lamaganlik uchun amalda qo‘llanadigan jarima miqdorini 10 baravargacha oshirish rejalashtirilganligi aytilgan edi. Qonunchilik palatasiga kiritilgan taklifda birinchi qoidabuzarlik uchun 220 ming so‘m, takroriy holat uchun 440 ming so‘mgacha jarima belgilash ko‘zda tutilgan.

**Talabalar yotoqxonasiga joylashish va ro‘yxatga olishning kompozit tartibi**

1-sentabrdan talabalar yotoqxonasiga joylashish bo‘yicha shartnoma tuzish bilan bir vaqtda talabani turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishning kompozit tartibi joriy etiladi. Ya’ni yotoqxonaga joylashish va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari bir vaqtda amalga oshiriladi. Shuningdek, sentabr oyidan YAIDXP va davlat xizmatlari markazlari orqali xorijda yashayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekistonga taklif qilish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga biometrik harakatlanish hujjatlarini rasmiylashtirish uchun ariza berish hamda ayrim hollarda turgan joy bo‘yicha ro‘yxatga olinganlikni bekor qilish xizmatlari ham yo‘lga qo‘yiladi.

**Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalar uchun "oilabay" ishlash tizimi**

1-sentabrdan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’lim, ijtimoiy yordam va xizmatlarga jalb qilish bo‘yicha “oilabay” ishlash tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, ijtimoiy xodimlar ota-onalarga bolani ta’lim va ijtimoiy xizmatlarga jalb etishda amaliy yordam ko‘rsatadi, bolaning ushbu xizmatlardan foydalanishini doimiy monitoring qiladi va zaruratga ko‘ra boshqa ijtimoiy yordam va xizmatlarga yo‘naltiradi. Shuningdek, 3−18 yoshli bolalarning alohida ta’limga ehtiyoji “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining Bolani kompleks baholash guruhi tomonidan aniqlanadi va davlat ta’lim muassasalariga yo‘naltiriladi.

**Korreksion sinflar uchun subsidiyalar**

1-sentabrdan korreksion sinf tashkil etgan nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga har bir o‘quvchi uchun subsidiya ajratiladi.

**Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni joylashtirish tartibi**

1-sentabrdan muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar Ijtimoiy markazlarga faqat o‘z roziligi bilan joylashtiriladi. Sud qarori asosida ularni majburiy joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Markazlarga joylashtirilgan shaxslar vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat va shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi. Ular uchun hujjatlarni tiklash, tibbiy va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, kasbga o‘qitish hamda ishga joylashtirishni nazarda tutuvchi individual reja ishlab chiqiladi. Shuningdek, 1-sentabrdan tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalarining ishchi mutaxassislari, muhandis-texniklari va ishlab chiqarish xodimlari birinchi navbatda Ijtimoiy markazlarga joylashtirilgan shaxslar hisobidan shakllantiriladi.

**YAIDXPda virtual to‘lov kartalari**

1-sentabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP)da tijorat banklarining virtual to‘lov kartalarini joriy etish rejalashtirilgan. Foydalanuvchi virtual kartaga o‘zining amaldagi bank kartasini biriktirib, davlat xizmatlari uchun portal orqali to‘lovlarni amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Virtual kartani ochish, uni to‘ldirish va unda qolgan mablag‘ni foydalanuvchining boshqa bank kartasiga o‘tkazish uchun komissiya undirilmaydi. Shuningdek, ortiqcha yoki noto‘g‘ri to‘langan, asossiz rad etilgan davlat xizmati uchun to‘langan hamda kechiktirilgan xizmat uchun amalga oshirilgan to‘lovlar alohida arizasiz virtual kartaga avtomatik ravishda qaytariladi.

**Madaniyat va san’at sohasidagi tashkilotlar uchun soliq imtiyozlari**

2026-yil 1-sentabrdan 2036-yil 1-yanvarga qadar konsertlarni tashkil etish, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar, nodavlat teatrlar va teatr-studiyalar, shuningdek, madaniyat va san’at sohasidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qator soliqlardan ozod qilinadi. Jumladan, ular qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i va mulk solig‘ini to‘lamaydi. Shuningdek, ushbu tashkilotlar xodimlarining jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i ham ushbu davrda undirilmaydi. Bundan tashqari, nodavlat teatr va teatr-studiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun har yili 10 mlrd so‘m ajratiladi. Mablag‘lar hisobidan har yili 50 ta sahna asarini yaratish xarajatlari hamda xususiy binolar ijarasining bir qismi qoplanadi. Shuningdek, 1-iyuldan davlat va nodavlat teatrlarga sotilgan har bir chipta uchun qo‘shimcha subsidiya berila boshlagan: spektakl teatr faoliyat yuritayotgan hududda namoyish etilsa – 10 ming so‘m, boshqa hududga chiqib namoyish etilsa – 20 ming so‘m.

**Doktorantura qabul kvotalari va stipendiyalar**

2026-yil 1-sentabrdan davlat budjeti hisobidan ajratiladigan tayanch doktorantura va doktorantura qabul kvotasining kamida 60 foizi ustuvor ilmiy ixtisosliklarga ajratiladi. Shu yo‘nalishlarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi. Bundan tashqari, ustuvor ilmiy ixtisoslikda tahsil olayotgan doktorantlarning tadqiqot ishi uchun zarur asbob-uskunalarni xarid qilishga har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. Shuningdek, tayanch doktoranturaning birinchi o‘quv yilida ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozish, statistika va ma’lumotlar tahlili kabi fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Ustuvor ilmiy ixtisosliklar qatoriga raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt, atom va qayta tiklanuvchi energetika, agroinnovatsiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi, tibbiyot va biotexnologiyalar, suv resurslari va iqlim barqarorligi, yangi materiallar, robototexnika va avtomatlashtirish, shuningdek, seysmik xavfsizlik yo‘nalishlari kiritilgan.

**Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam berishning yangi tartibi**

1-sentabrdan odam savdosidan jabrlanganlarni aniqlash va ularga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning yangi tartibi joriy etiladi. Dastlabki aniqlash huquqi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligining ixtisoslashtirilgan muassasalari va ayrim NNTlarga beriladi. Ehtimoliy jabrlanuvchilarga moddiy ahvolidan qat’i nazar, minimal ijtimoiy xizmatlar paketi bepul ko‘rsatiladi. 1-sentabrdan 1146 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali jabrlanganlarning murojaatlari qabul qilinib, ijtimoiy, psixologik va huquqiy maslahatlar beriladi. Shuningdek, jabrlanganlarni kasbga o‘qitish va ishga joylashtirish, bolalarni reabilitatsiya qilish mexanizmlari yo‘lga qo‘yiladi. Jabrlangan deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga reabilitatsiya davrida O‘zbekistonda vaqtincha bo‘lib turish huquqi beriladi. Bundan tashqari, ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda uning hududiy bo‘linmalari Ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish respublika markazi deb qayta nomlanadi. Ehtimoliy jabrlanuvchilar ixtisoslashtirilgan markazlar xizmatlaridan bir oygacha, jabrlangan deb tan olinganlar esa olti oygacha foydalanishi mumkin.

**Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xarajatlarni qoplash**

1-sentabrdan Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan xorijiy sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan bir qator xarajatlar qoplab beriladi. Xususan, 2030-yil oxiriga qadar xorijdan taklif etiladigan turoperatorlar vakillarining transport, yashash va ovqatlanish xarajatlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi. Shuningdek, mahalliy turoperatorlarning xorijdagi targ‘ibot tadbirlari xarajatlarining 25 foizigacha, biroq 500 mln so‘mdan oshmagan qismi qoplanadi. Tadbirkorlarga sayyohlar uchun madaniy-ommaviy, konsert-tomosha va boshqa madaniy tadbirlarni tashkil etish xarajatlarining bir qismini bir yilgacha muddatga moliyalashtirish tartibi ham joriy etiladi.

**Yonilg‘i quyish shoxobchalarida uskunalardan foydalanish cheklovlari**

2026-yil 1-sentabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar barcha turdagi yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish obyektlarida, jumladan, o‘z ehtiyojlari uchun yonilg‘idan foydalanadigan obyektlarda ham, xizmat muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi aniqlanmagan ortiqcha bosim ostida ishlaydigan uskunalardan foydalanish cheklanadi. Shuningdek, 1-sentabrdan neft mahsulotlari, suyultirilgan uglevodorod gazi va siqilgan gazni saqlash sig‘imlari hamda ularni taqsimlash uskunalari bir joyda yonma-yon joylashtirilgan konteynerlarni o‘rnatishga faqat belgilangan xavfsizlik talablariga rioya qilingan holda ruxsat etiladi. Bunda sertifikatlangan modulli yonilg‘i quyish shoxobchalari, xavfsiz masofalar, mustahkam konstruksiyalar, yong‘inga qarshi to‘siqlar va avtomatik avariya blokirovkalari kabi talablar nazarda tutilgan.

**Qurilish sohasida yangi tartiblar**

1-sentabrdan O‘zbekistonning barcha hududlarida bino-inshootlarning ixtisoslashishini o‘zgartirish, qayta qurish, rekonstruksiya qilish hamda o‘z hududida qo‘shimcha bino-inshootlar qurishni loyihalashtirishga ruxsatnoma berish va arxitektura-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha davlat xizmatlari birlashtirilib, yagona davlat xizmati – arxitektura va shaharsozlik talabini berish tizimi joriy etiladi. Bosh rejasi raqamlashtirilgan aholi punktlarida bu talablar inson omilisiz, avtomatik shakllantiriladi. Shu sanadan boshlab qurilishi yangidan boshlanadigan ayrim obyektlarda videokuzatuv kameralarini majburiy o‘rnatish talabi ham joriy etiladi. Bu tadbirkorlar quradigan ko‘p kvartirali uylar, III va IV toifadagi ijtimoiy soha, mehmonxona, turizm, savdo va sanoat obyektlari, shuningdek, budjet mablag‘lari hisobidan quriladigan qiymati 3 mlrd so‘mdan yuqori obyektlarga taalluqli bo‘ladi.

**Naslchilik xo‘jaliklariga subsidiyalar**

2026-yil 1-sentabrdan 2030-yil 1-yanvarga qadar naslchilik xo‘jaliklariga o‘stirishga qoldirilgan identifikatsiya qilingan urg‘ochi nasldor qoramollarni saqlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya beriladi. Subsidiya miqdori buzoqning olinishi va saqlash muddatiga qarab belgilanadi: birinchi nasldor urg‘ochi buzoq uchun 1,5 mln so‘m, ikkinchi buzoq uchun 2 mln so‘m, 12 oylikkacha va 12−18 oylik davrlarining har biri uchun 1 mln so‘mdan ajratiladi. Shuningdek, Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi muassisligida servis korxonasi tashkil etilib, xorijdan yirik va mayda shoxli qoramollarni olib kelish va xo‘jaliklar hamda aholiga yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Yetkazib berilgan chorva mollari uchun kamida 12 oylik oziqlantirish, veterinariya, sun’iy urug‘lantirish, naslchilik va zootexnik xizmatlarni qamrab olgan servis paketi ham taqdim etiladi.

**Parrandachilik va omuxta yem ishlab chiqarishni moliyalashtirish**

1-sentabrdan parrandachilik xo‘jaliklari, parranda omuxta yemi ishlab chiqaruvchilar va “tayyor biznes” loyihalarini moliyalashtirish uchun “Mikrokreditbank” orqali yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi. Bu shartlar faqat yangi rasmiylashtiriladigan kredit shartnomalariga tatbiq etiladi. Kreditlar Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan bankka yo‘naltirilgan mablag‘lar hisobidan beriladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.