1-sentabrdan ish haqi va stipendiyalar oshiriladi
Oʻzbekistonda 2026-yil 1-sentabrdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi. Shu sanadan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori oyiga 1 mln 360 ming soʻm, bazaviy hisoblash miqdori esa 440 ming soʻm etib belgilanadi.

1-sentabrdan boshlab ish haqi va stipendiyalar miqdori oshiriladi.
Bu haqda Prezidentning 2026-yil 23-iyundagi "Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish toʻgʻrisida"gi PF–115-sonli farmonida koʻrsatilgan.
Hujjatga binoan, 1-sentabrdan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi 7 foizga oshiriladi. Talabalarga beriladigan stipendiyalar miqdori ham xuddi shunday 7 foizga koʻpayadi.
Shuningdek, 1-sentabrdan boshlab mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori hozirgi 1 million 271 ming soʻmdan 1 million 360 ming soʻmga koʻtariladi.
Bazaviy hisoblash miqdori esa 412 ming soʻmdan 440 ming soʻmga oshiriladi.
Bazaviy hisoblash miqdori, jumladan, qonunchilikda belgilangan ayrim davlat bojlari, yigʻimlar, jarimalar va boshqa toʻlovlarni hisoblashda qoʻllaniladi.
Farmon bilan pensiya va nafaqalarni oshirishning boshqa muddati belgilangan edi. Ular 2026-yil 1-iyuldan 7 foizga oshirilgan. Xususan, yoshga doir eng kam pensiya oyiga 983 ming soʻm, nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori 1 million 83 ming soʻm, pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori esa 504 ming soʻm etib belgilangan.
Ish haqi, pensiya, stipendiya va nafaqalar miqdorini oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Davlat byudjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.

