Mahalliy

1-oktabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?

Tadbirkorlar jarimani 1 oyda to‘lasa, yarmidan ozod qilinadi, YAIDXP orqali mulkka taqiq qo‘yish, o‘z nomidagi telefon raqamlari va bank kartalarini ko‘rish mumkin bo‘ladi, qurilishga tayyor yerlar auksion orqali sotiladi — 1-oktabrdan kuchga kiradigan o‘zgarishlar Gazeta sharhida.

1-oktabrdan O‘zbekistonda bir qator qonunchilik o‘zgarishlari va boshqa yangiliklar kuchga kiradi.

1-oktabrdan tadbirkorlar uchun moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy to‘lashni rag‘batlantiruvchi yagona tartib joriy etiladi. Unga ko‘ra, tadbirkor bir oy ichida jarimaning 50 foizini to‘lasa, qolgan qismidan ozod etiladi. Shuningdek, jarimani 6 oy davomida teng miqdorlarda bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Jarima qo‘llash haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, undirilgan mablag‘lar 15 kun ichida qaytariladi. Agar bu muddat buzilsa, kechiktirilgan har bir kun uchun Markaziy bank asosiy stavkasining 1/300 qismi miqdorida foiz to‘lanadi.

1-oktabrdan O‘zbekistonda istiqbolli uy-joy qurish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha manzilli ro‘yxat — “Yer banki”ga kiritilgan yer uchastkalari qurilishga tayyor holatda ochiq elektron onlayn auksionlarga chiqariladi. Bunda yer uchastkalari bosh reja konsepsiyasi va qurish loyihalariga muvofiqlashtirilib, hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan, qurilishga ruxsatnoma va zarur loyiha hujjatlari tayyorlangan holda auksionga qo‘yiladi. Yerlar, qoida tariqasida, yirik bo‘lmagan lotlarga ajratiladi. “Yer banki”ga tuman va shahar hokimliklari tasarrufidagi bo‘sh yerlar, xususiylashtiriladigan davlat mulki obyektlari joylashgan uchastkalar, renovatsiya hududlari hamda qonunchilikda belgilangan tartibda toifasi o‘zgartiriladigan ayrim qishloq xo‘jaligi yerlari kiritiladi.

1-oktabrdan jismoniy va yuridik shaxslar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali o‘ziga tegishli ko‘chmas mulk va avtomototransport vositalarini garovga yoki ipotekaga qo‘yishga, shuningdek, ularni begonalashtirishga taqiq qo‘yishi yoki taqiqni bekor qilishi mumkin bo‘ladi. Jismoniy shaxslar uchun taqiq qo‘yish Face ID orqali identifikatsiyadan o‘tgandan keyin amalga oshiriladi. Yuridik shaxslar esa muassislar, ishtirokchilar yoki aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan qarorini taqdim etishi kerak.

1-oktabrdan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) fuqarolar o‘z nomiga rasmiylashtirilgan barcha telefon raqamlari va bank kartalari haqida ma’lumotni ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, fuqarolar portal orqali telefon raqamini muayyan muddatga nofaol holatga o‘tkazish yoki qayta faollashtirish, foydalanilmayotgan raqamga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatish va unga ulangan pullik xizmatlar haqida ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi. Bank kartalari bo‘yicha esa portal orqali kartani chiqargan bankka uni bloklash yoki yopish haqida elektron ariza yuborish mumkin bo‘ladi.

1-oktabrdan davlat organlarining axborot tizimlarida fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini avtomatik yangilash tartibi kuchga kiradi. Fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va boshqa shaxsiy ma’lumotlari o‘zgargan taqdirda, davlat idoralari bu haqdagi ma’lumotlarni idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali oladi va o‘z elektron bazalarini mustaqil ravishda yangilaydi. Shuningdek, shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali olinadigan shaxsiy ma’lumotlar o‘zgargani haqidagi elektron ma’lumotnoma asosida qayta rasmiylashtiriladi.

1-oktabrdan elektrotexnika korxonalariga “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” mablag‘lari hisobidan 2 yilgacha muddatga, 3 oylik imtiyozli davr bilan yillik 6 foiz stavkada kredit ajratiladi. Bir tadbirkor uchun kredit miqdori 5 mln dollardan oshmaydi. Kreditning 50 foiziga, biroq 20 mlrd so‘m ekvivalentidan oshmagan miqdorda “Biznesni kafolatlash milliy kompaniyasi” kafillik beradi. Qolgan qismi likvidli mol-mulk, sug‘urta polisi, eksport shartnomasi yoki boshqa ta’minot bilan qoplanadi. Shuningdek, “O‘zsanoateksport”ga korxonalarning mis xomashyosi xaridini moliyalashtirish uchun 40 mln dollar ajratiladi. Birja savdolarida korxona to‘lovning 25 foizini, “O‘zsanoateksport” esa qolgan 75 foizini to‘laydi. Korxona ushbu mablag‘ni 90 kun ichida qaytarishi kerak.

Andijon viloyatida xususiy kompaniyalarga suyultirilgan gazni to‘g‘ridan-to‘g‘ri import qilib, aholiga maishiy ballonlarda erkin narxlarda sotishga ruxsat beriladi. Tajriba “Hududgazta’minot” huzurida aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash bo‘yicha maxsus operator sifatida tashkil etiladigan LPG-Trade kompaniyasi tizimi bilan parallel ravishda amal qiladi. Loyihada kamida ikkita xususiy operator ishtirok etishi kerak. Ular gazni tashish, qabul qilish, saqlash va tarqatish uchun o‘z yoki ijaraga olingan quvvatlarga, zarur litsenziya va ruxsatnomalarga ega bo‘lishi, shuningdek, o‘qitilgan xodimlar bilan ta’minlanishi lozim. Xususiy operatorlarga gaz ballonlarini saqlash va sotish shoxobchalarini tashkil etishga ham ruxsat beriladi. Keyinchalik tajriba natijalariga ko‘ra, ushbu modelni boshqa hududlarga ham bosqichma-bosqich joriy etish mumkin bo‘ladi.

1-oktabrdan soliq organlarida xavf darajasi past bo‘lgan va QQS guvohnomasi faol bo‘lgan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga import qilinadigan tovarlar uchun to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini o‘zaro hisobga olish imkoniyati yaratiladi. Shu sanadan eksportda nazorat jarayonlarini raqamlashtirish va takomillashtirish hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikati, fumigatsiya hamda tovarning kelib chiqish sertifikati uchun yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamaytiriladi.

1-oktabrdan Buxoroning tarixiy qismida yo‘lovchi tashishga mo‘ljallanmagan ayrim transport vositalari harakati cheklanadi. Cheklov Ark qo‘rg‘onidan Poyi Kalon ansambli va Haqiqat ko‘chasi orqali Labi Hovuzgacha bo‘lgan hududga taalluqli. Hududda elektroskuter, riksha, moped, to‘rt g‘ildirakli velosiped, elektrosamokat, karting va boshqa shunga o‘xshash transport vositalari, shuningdek, ot va tuyada harakatlanish cheklanadi. Hokimlik bu chorani sayyohlar va piyodalar xavfsizligini ta’minlash, tartibsiz harakatlanish hamda jarohatlanishlarning oldini olish zarurati bilan izohlagan. Mazkur transport vositalarida xizmat ko‘rsatuvchi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun muqobil hududlar belgilanadi. Ular Yangi O‘zbekiston bog‘i yoki “Boqiy Buxoro” bog‘ida xizmat ko‘rsatishi mumkin.

1-oktabrdan boshlab davlat budjeti hisobidan teatr, kino va konsert tadbirlariga bepul vaucherlar beriladi. Ularni har yili 500 ming nafar o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, faol o‘quvchi va talabalar, shuningdek, Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilaning har biridan bir nafardan bola hamda nogironligi bo‘lgan bolalar olishlari mumkin bo‘ladi. Vaucher qiymati bo‘yicha mablag‘lar vaucher oluvchilarning nomiga ochiladigan ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi.

1-oktabrdan suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda yangi talablar kuchga kiradi. Ta’minotchi korxonalar va mahalliy ishlab chiqaruvchilar nasos hamda filtr qurilmalarini QR-kodli maxsus yorliq bilan ishlab chiqarishi va ularga GPS-treker o‘rnatishi kerak bo‘ladi. Shu sanadan suv tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish ishlari tasdiqlangan minimal talab va me’yorlar asosida amalga oshiriladi. Texnologiyalarni bank krediti jalb qilmasdan, o‘z mablag‘i hisobidan joriy etuvchilarga subsidiya ajratish tartibi ham o‘zgaradi. Bunda loyiha-smeta hujjatlari va ta’minotchi bilan tuzilgan shartnoma asosida hisoblangan subsidiyaning 50 foizi oldindan to‘lanadi. Qolgan 50 foiz texnologiyalar o‘rnatilib, foydalanishga topshirilgandan keyin beriladi. Agar subsidiyaning birinchi 50 foizi to‘langanidan keyin ikki oy ichida texnologiyalar o‘rnatilib, ishga tushirilmasa, ajratilgan mablag‘ qaytariladi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.