1-noyabrdan xalqaro kurerlik joʻnatmalari uchun bojxona yigʻimi 20 foizga kamayadi
2026-yil 1-noyabrdan xalqaro kurerlik joʻnatmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazganlik uchun amaldagi yigʻim stavkasi 20 foizga pasaytiriladi. Shuningdek, belgilangan talablarga javob beradigan transport-logistika markazlari 2040-yilgacha yer va mol-mulk soligʻidan ozod qilinadi.

1-noyabrdan xalqaro kurerlik joʻnatmalari uchun bojxona yigʻimi 20 foizga pasaytiriladi.
Bu choralar prezidentning 2026-yil 12-oktabrdagi «Transport-logistika tizimini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PQ–368-son qarorida belgilangan.
Qarorga ko‘ra, 2026–2030-yillarda transport-logistika markazlarining yillik quvvatini kamida 40 million tonnaga yetkazish maqsad qilingan. Transport va logistika xizmatlari eksportini 3,5 milliard dollarga, Oʻzbekiston hududi orqali tranzit yuk tashish hajmini esa 18,5 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Barcha talablarga javob beradigan xalqaro quruqlik portlari soni 24 tadan 30 taga oshiriladi. Davlat chegarasidan oʻtkazish punktlarining yuk tashish qobiliyati hamda logistika markazlarida konteynerlarga ishlov berish quvvati ikki barobar ko‘paytiriladi.
Andijon viloyatining Xonobod shahri, Buxoro viloyatining Olot tumani, Surxondaryo viloyatining Termiz tumani, Toshkent viloyatining Yangiyoʻl va Ohangaron tumanlari transport-logistika sohasiga ixtisoslashtiriladi.
Markazlarda terminallarni boshqarish — TOS va omborni boshqarish — WMS tizimlari joriy etiladi. Ular 2030-yil oxirigacha Transport vazirligining E-logistika platformasiga ulanadi.
2040-yilgacha yer va mol-mulk soligʻidan toʻliq ozod boʻlish uchun logistika markazi ESKATOning quruqlik portlari toʻgʻrisidagi bitimiga kiritilgan, belgilangan boshqaruv tizimlarini joriy etgan hamda E-logistika platformasida BB yoki undan yuqori reytingga ega boʻlishi shart.
Transport-logistika markazlari reyestriga kiritilgan markazlar uchun respublikada ishlab chiqarilmaydigan omborxona uskunalari, yuk ortish-tushirish texnikasi, agregatlar va ehtiyot qismlar 2029-yil 1-avgustgacha bojxona boji hamda majburiy sertifikatlashdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, M₂, M₃ va N toifadagi transport vositalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar 2027-yil 31-dekabrgacha respublikada ishlab chiqarilmaydigan komponentlarni bojxona boji toʻlamasdan import qilishi mumkin boʻladi.

