1-noyabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?
SMS-xabarnomalar faqat abonent roziligi bilan yuboriladi, ayrim fuqarolarga pensiya murojaatsiz tayinlanadi, tadbirkorlar uchun elektr va gazga oldindan to‘lov kamayadi — O‘zbekistonda 1-noyabrdan kuchga kiradigan shu va boshqa qonunchilik o‘zgarishlari Gazeta sharhida.

1-noyabrdan O‘zbekistonda nimalar o‘zgaradi?
1-noyabrdan O‘zbekistonda bir qator qonunchilik o‘zgarishlari va boshqa yangiliklar kuchga kiradi.
1-noyabrdan O‘zbekistonda mobil aloqa orqali tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarnomalarga yangi talablar joriy etiladi. Reklama yuborish uchun fuqaroning oldindan yozma yoki elektron roziligini olish kerak bo‘ladi.
Shuningdek, reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarnomalarini soat 18:00 dan 09:00 gacha yuborish taqiqlanadi. Abonent talab qilsa, mobil aloqa operatorlari reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarni to‘liq yoki qisman bloklashi shart bo‘ladi.
Reklama tarqatish xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar esa o‘z axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak. Ushbu talablarni buzish reklama va shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb baholanadi.
1-noyabrdan O‘zbekistonda ayrim fuqarolarga yoshga doir pensiya murojaatsiz tayinlanadi. Shuningdek, imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash xizmati interaktiv shaklda ko‘rsatiladi.
Ishlar hajmi qisqarishi yoki korxona tugatilishi munosabati bilan ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan ikki yil oldin yoshga doir pensiya proaktiv shaklda, ya’ni alohida murojaatsiz tayinlanadi. Bunda fuqaro o‘ziga shu tartibda tayinlangan pensiyani rad etish huquqiga ega.
Mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda band bo‘lgan, shuningdek, boshqa asoslarga ko‘ra pensiya yoshi qisqartirilgan holda pensiya olish huquqiga ega shaxslarga imtiyozli shartlarda pensiya tayinlash xizmati interaktiv shaklda ko‘rsatiladi. Buning uchun fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi mumkin.
1-noyabrdan O‘zbekistonda aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlashning yangi tizimi joriy etiladi. “Hududgazta'minot” huzurida tashkil etiladigan LPG-Trade kompaniyasi aholiga gaz yetkazib berish bo‘yicha ixtisoslashgan operator vazifasini bajaradi.
“O‘zbekneftgaz” va Lukoil Overseas Supply and Trading Ltd kompaniyasi ishlab chiqaradigan suyultirilgan gaz to‘liq hajmda tovar-xomashyo birjasining alohida savdo maydonchasiga chiqariladi. LPG-Trade aholi ehtiyojlari uchun gazni shu maydonchadan xarid qiladi, hajm yetarli bo‘lmasa, ochiq birja savdolari orqali qo‘shimcha gaz olishi mumkin. Import qiluvchilar ham gazni ushbu maydonchada sotishi mumkin.
Aholiga gaz davlat tomonidan tartibga solinadigan chakana narxlarda yetkazib beriladi. Ushbu narxlar bilan iqtisodiy jihatdan asoslangan xarajatlar o‘rtasidagi tafovut LPG-Trade kompaniyasiga respublika budjeti hisobidan qoplab beriladi. Kompaniya tizimni qayta tashkil etish uchun budjetdan 200 mlrd so‘m ssuda oladi.
1-noyabrdan tadbirkorlar uchun elektr va gaz to‘lovlari hamda hisobot topshirish tartibi soddalashtiriladi.
Xususan, elektr energiyasi va tabiiy gaz hisobini avtomatlashtirilgan tizimga ulagan, masofadan o‘chirish va yoqish imkoniyatiga ega hisoblagichlardan foydalanuvchi tadbirkorlar oylik iste’mol uchun 15 foiz oldindan to‘lov qiladi. Avval oldindan to‘lov miqdori 100 foizni tashkil etardi. Biroq so‘nggi ikki oy davomida to‘lov intizomiga rioya qilmagan tadbirkorlarga bu yengillik tatbiq etilmaydi.
Shuningdek, elektr energiyasi va gaz sarfi bo‘yicha yozma hisobotlarni hududiy ta’minot korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinadi. Elektr va tabiiy gaz bilan ta’minlash xizmatlari bo‘yicha shartnomalarni elektron shaklda tuzish orqali ularni qog‘ozda rasmiylashtirish tartibi ham bekor qilinadi.
Issiqxona xo‘jaliklarida energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va ularning barqaror ishlashini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1-noyabrdan elektr energiyasi xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi.
2026-yil 1-noyabrdan 2030-yil 1-aprelgacha maxsus issiqlik saqlovchi “ko‘rpa” bilan qoplangan yoki energiya samarador “yashil” isitish uskunalaridan foydalanayotgan issiqxonalarga oktabr-mart oylarida iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Bunday uskunalar qatoriga issiqlik nasoslari, geotermal va quyosh isitish tizimlari, shuningdek, elektr energiyasida ishlaydigan yuqori samarali isitish tizimlari kiradi.
1-noyabrdan ichki ishlar organlarining patrul-post va qo‘riqlash xizmatlari faoliyatiga o‘zgartirishlar kiritiladi. Ular jamoat joylaridan tashqari, aholi xonadonlarida sodir bo‘lgan jinoyat va hodisalar haqida “112” orqali kelib tushgan xabarlar bo‘yicha ham tezkor yetib borishi kerak bo‘ladi.
Yana bir o‘zgarish — patrullik yo‘nalishlariga mahallalarning ichki ko‘chalari ham kiritiladi. 24/7 rejimdagi gastronomik ko‘chalarda jamoat tartibini saqlash patrul-post xizmati bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi. Buning uchun ichki ishlar organlari va hududiy hokimliklar o‘rtasida shartnoma tuziladi.
Ommaviy tadbirlarda jamoat tartibini buzgan shaxslarning keyingi ommaviy tadbirlarga kirishi ham vaqtincha cheklanishi mumkin.
O‘zbekistonda 2026-yil 1-noyabrdan xalqaro kurerlik jo‘natmalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun undiriladigan yig‘im 20 foizga pasaytiriladi.
Hozirda yig‘im jo‘natmaning har bir kilogramm brutto vazni uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 2 foizini, ya’ni 8800 so‘mni tashkil etadi. 1-noyabrdan stavka BHMning 1,6 foiziga tushirilib, har bir kilogramm uchun 7040 so‘mni tashkil qiladi.
1-noyabrdan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kuzgi ko‘chat ekish mavsumi boshlanadi. Bu yil kuzda respublika bo‘yicha jami 140 mln tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
Ko‘chat ekish ishlari hududlarda turli muddatlarda boshlanadi: Buxoro va Navoiy viloyatlarida 5-noyabrdan, Andijon, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Namangan, Toshkent, Farg‘ona viloyatlari va Toshkent shahrida 10-noyabrdan, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida esa 20-noyabrdan.
Shuningdek, 1-noyabrga qadar har bir tuman va shaharni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqilishi kerak. Ularda yangi bog‘ va parklar barpo etish, soyali sayr ko‘chalarini tashkil qilish hamda suvni tejaydigan sug‘orish tizimlarini joriy etish choralari belgilanadi.
O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay to‘lov xizmatlaridan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ldi. 27-oktabrdan iPhone foydalanuvchilari Apple Wallet’ga mahalliy banklarning kartalarini qo‘shishi mumkin bo‘ldi. Google Pay ishga tushirilgani esa 19-oktabr kuni rasman e’lon qilingan, kartalarni servisga ulash 27-oktabrdan boshlangan.
Markaziy bank ma’lum qilishicha, Uzcard va Humo kartalarini Apple Pay’ga ulash bo‘yicha ishlar davom etmoqda va bu imkoniyat tez orada taqdim etiladi. Regulyator xizmatdan foydalanish imkoniyati banklar va to‘lov tizimlarining texnik tayyorligiga qarab bosqichma-bosqich kengaytirilishini bildirgan.

