1-noyabrdan biznesning elektr va gazga oldindan toʻlovi 15 foizga tushiriladi
Prezident farmoniga asosan, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlariga ulangan tadbirkorlik subyektlari uchun avans toʻlovi miqdori 100 foizdan 15 foizga tushiriladi. Oxirgi ikki oy davomida toʻlov intizomiga rioya qilmagan tadbirkorlik subyektlari bundan mustasno. Biznesning elektr energiyasi va gaz sarfi toʻgʻrisida hisobot topshirish majburiyati ham bekor qilinadi.

1-noyabrdan boshlab tadbirkorlar uchun elektr va gazga oldindan toʻlov miqdori 15 foizga tushiriladi.
Bu Oʻzbekiston Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilingan farmonda koʻzda tutilgan.
Farmonga koʻra, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab, elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimlariga ulangan, masofadan oʻchirish (yoqish) imkoniyatiga ega hisoblagichi boʻlgan tadbirkorlik subyektlari uchun quyidagilar joriy etiladi:
* Elektr energiyasi va tabiiy gazning oylik isteʼmoli uchun oldindan toʻlanadigan haq miqdori 15 foiz etib belgilanadi (oxirgi ikki oy davomida toʻlov intizomiga rioya qilmaganlar bundan mustasno).
* Elektr energiyasi va gaz sarfi toʻgʻrisidagi yozma hisobotlarni hududiy elektr va gaz taʼminoti korxonalariga topshirish majburiyati bekor qilinadi.
Shuningdek, 1-noyabrdan boshlab isteʼmolchilarni elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan taʼminlash boʻyicha xizmatlar koʻrsatish shartnomalarini elektron tuzish orqali ularni qogʻozda rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi.
**Moliyaviy jarimalar oʻrtacha 2 barobarga kamaytiriladi**
Farmon bilan, uch oy muddatda barcha turdagi moliyaviy va maʼmuriy jarimalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazib, mutanosiblik prinsipidan kelib chiqqan holda ularning miqdorini oʻrtacha ikki barobar kamaytirish boʻyicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirigʻi berildi.
Ushbu topshiriq ijrosiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Biznes-ombudsman masʼul etib belgilandi.

