Texnologiya

Şimoliy dengizdagi kemaga yadro reaktori örnatişmoqçi

Norvegiyada tijorat kemalari uçun ixçam yadro reaktorlarini yaratiş loyihasiga 2 million dollar ajratildi. Reaktor modulini har 5–15 yilda almaştiriş közda tutilgan. Tizimning dastlabki sinovlari 2027-yilda quruqlikda, yadroviy yonilğisiz ötkazilişi rejalaştirilmoqda.

Şimoliy dengizdagi kemaga yadro reaktori o‘rnatishmoqchi

Norvegiya Tadqiqotlar kengashi Marine Nuclear Propulsion System — MarNuPS loyihasini moliyalashtirish uchun mablag‘ ajratdi. Loyiha ishtirokchilari dengiz transportiga moslashtirilgan kichik modulli yadro reaktorlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etishni maqsad qilgan.

Bunday energetik qurilmalar ochiq dengizda ishlaydigan kemalarning qazilma yoqilg‘iga ehtiyojini yo‘qotishi mumkin. Ishlab chiquvchilar reaktorlar yuqori quvvatni ta’minlashi va kemalarning tez-tez yonilg‘i zaxirasini to‘ldirmasdan uzoq vaqt ishlashiga imkon berishini kutmoqda.

Dastlabki bosqichda sinovlar Norvegiyaning Olesunn shahri yaqinidagi Stette hududida o‘tkaziladi. Bu yerda kema energetik qurilmasining haqiqiy o‘lchamdagi maketi yig‘ilib, uning turli qismlari birgalikda qanday ishlashi tekshiriladi.

Ushbu sinovlarda yadroviy yonilg‘i qo‘llanmaydi. Muhandislar reaktor ajratishi kerak bo‘lgan issiqlikni elektr yordamida hosil qiladi. Bu tizimning ishlash xususiyatlari va boshqaruvini yadroviy yonilg‘i bilan bog‘liq radiatsiya xavfisiz baholash imkonini beradi. Sinovlarni 2027-yilda boshlash rejalashtirilgan.

Energetik tizimning asosini Emerald Nuclear kompaniyasi ishlab chiqayotgan Gem mikroreaktori tashkil etadi. Uning elektr quvvati 5 megavatt bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Reaktorda TRISO turidagi yoqilg‘idan foydalanish rejalashtirilmoqda. Unda boyitilgan uran saqlovchi mayda zarrachalar bir necha qatlamli keramika va uglerod qoplamalari bilan himoyalangan.

Bu qatlamlar juda yuqori haroratga bardosh berish va radioaktiv moddalarning tashqariga chiqish xavfini kamaytirish uchun mo‘ljallangan. Reaktorda hosil bo‘ladigan issiqlikni elektr energiyasiga aylantiruvchi maxsus qurilmalarni Peregrine Turbine Technologies kompaniyasi yetkazib beradi.

Loyihaning asosiy xususiyatlaridan biri — almashtiriladigan reaktor modulidir. Hozirgi rejaga ko‘ra, reaktor germetik modul ichiga joylashtiriladi va bu modul har 5–15 yilda yangisiga almashtiriladi. Shu tariqa portlarda yadroviy yonilg‘ini bevosita almashtirish bilan bog‘liq murakkab operatsiyalarni o‘tkazishga ehtiyoj qolmasligi kutilmoqda.

Norvegiyaning Island Offshore kema egasi kompaniyasi ushbu texnologiyani dengizda birinchi bo‘lib qo‘llash niyatida. Kompaniya 2031–2032-yillarda dengizdagi neft-gaz platformalariga ta’minot yetkazuvchi kemaga ishlaydigan Gem reaktorini o‘rnatishni rejalashtirgan.

Reja amalga oshsa, bu Shimoliy dengizda ishlaydigan tijorat kemalarida yadro energetikasidan foydalanishga yo‘l ochishi mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.