Şavkat Mirziyoyev V yozgi Paraosiyo öyinlari ğoliblari va sovrindorlarini tabrikladi
Prezident özbekistonlik parasportçilarning Hindiston, Janubiy Koreya, Eron, Tailand, Indoneziya kabi davlatlar jamoalarini ortda qoldirib, Xitoy Xalq Respublikasi va Yaponiyadan keyin uçinçi örinni zabt etganini çinakam qahramonlik deb atadi.

Shavkat Mirziyoyev V yozgi Paraosiyo o‘yinlari g‘oliblari va sovrindorlarini tabrikladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada bo‘lib o‘tgan V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi a’zolariga tabrik yo‘lladi.
“Mard va jasur farzandlarimiz Osiyo qit’asining 45 ta davlatidan 2 ming 600 nafardan ziyod kuchli para sportchi ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqalarda chinakam jasorat va matonat ko‘rsatib, mamlakatimiz sporti tarixida yana bir shonli sahifa ochganlari barchamizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi.
Sizlar qizg‘in va murosasiz ruhda kechgan bellashuvlarda 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targaningiz yuksak tahsinga munosibdir.
Sizlarning har bir chiqishingizni yurtimizdagi millionlab muxlislaringiz katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi.
Butun O‘zbekiston xalqi Yaratgandan omad va zafarlar tilab, sizlarni chin dildan qo‘llab-quvvatladi”, deyiladi tabrikda.
Prezident o‘zbekistonlik parasportchilarning Hindiston, Janubiy Koreya, Eron, Tailand, Indoneziya kabi davlatlar jamoalarini ortda qoldirib, Xitoy Xalq Respublikasi va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘rinni egallaganini chinakam qahramonlik deb atadi.
Tabrikda O‘zbekiston sport delegatsiyasi qo‘lga kiritgan oltin medallarning teng yarmi qizlar hissasiga to‘g‘ri kelgani alohida mamnuniyat bilan ta’kidlangan.
“Pauerliftingchi qizimiz Ro‘za Qo‘zieva delegatsiyamiz hisobiga oltin medal taqdim etish bilan birga jahon rekordini o‘rnatdi. Madina Muxtorova, Karomat Omonova yadro uloqtirishda, Shahina Yigitalieva nayza uloqtirishda, Navro‘za Ahmadova disk uloqtirishda, Xurshid Qodirov 100 metrga yugurishda, Yegor Bolotov 100 metrga chalqancha suzish va 200 metrga kompleks suzish dasturlarida, delegatsiyamiz tarkibidagi eng yosh sportchilarimizdan 16 yoshli Lolaxon Qodirova qizimiz 50 metrga erkin usulda suzishda Osiyo rekordini qayd etdi.
Bundan tashqari, para velosport, pauerlifting va para yengil atletika sport turlari bo‘yicha ham 16 nafar vakilimiz Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Dmitriy Xorlin to‘rtinchi bor, Bobirjon Omonov, Husniddin Norbekov, Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev, Faxriddin Hamroyev uchinchi bor Paraosiyo o‘yinlari shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Asila Mirzayorova, Shahina Yigitalieva, Guljonoy Naimova, Ro‘za Qo‘zieva ikkinchi marotaba qit’ada tengsiz ekanini amalda tasdiqladilar.

