Özbekiston raqamli reklama bozori xaosdan tizimga ötmoqda: Sohadagi muammolar qanday hal qilinadi?

Oʻzbekiston raqamli reklama bozori xaosdan tizimga oʻtmoqda: sohadagi muammolar qanday hal qilinadi?
Bugungi kunda Oʻzbekistonda inflyuyenser-marketing, yaʼni ijtimoiy tarmoqlardagi blogerlar va kanallar orqali reklama berish bozori misli koʻrilmagan darajada jadal rivojlanmoqda. Norasmiy hisob-kitoblarga koʻra, ushbu raqamli bozor hajmi 100 million dollardan oshib ketgan. Ammo sohaning nisbatan yoshligi sababli, uning katta qismi hanuz eskicha, “qoʻlbola” usullarda boshqarilayotgani sir emas. Shu oʻrinda bozorga shaffoflik va tizimlilik olib kirish maqsadida mahalliy startaplar oʻz texnologik yechimlarini taklif qila boshladi. Xoʻsh, raqamli reklama bozoridagi asosiy muammolar nimalardan iborat va zamonaviy texnologiyalar ularni qanday hal qilmoqda?
Bozor hajmi katta, ammo tizim va tartib yoʻq
Marketing sohasi mutaxassislari, SMM-menejerlar va bevosita biznes egalari uchun Telegram yoki Instagram orqali reklama berish jarayoni koʻpincha haqiqiy bosh ogʻrigʻiga aylanadi. Odatda, reklama kampaniyasini ishga tushirish uchun oʻnlab, baʼzan yuzlab kanallar maʼmurlari bilan alohida muloqot qilish, savdolashish, toʻlovlarni xususiy kartalarga oʻtkazish va nihoyat, post oʻz vaqtida chiqqanini qoʻlda nazorat qilish talab etiladi.
Loyiha hammasoschilaridan biri Abror Ismoilov vaziyatni shunday tushuntiradi:
“Reklama bozoridagi eng katta muammolardan biri - shaffoflikning yetishmasligi. Adolatli narx, ochiq statistika va mablagʻ xavfsizligi boʻyicha ishonch boʻlishi kerak. 10 ta reklama joylashtirish - 10 ta admin bilan alohida chat degani. Buni 100 taga koʻpaytirsangiz, 30 yoshda soch oqarishi mumkin”
Haqiqatan ham, bozorning yozishmalar va elektron jadvallar (Excel) ustiga qurilgan eskicha modeli qator xatarlarni keltirib chiqaradi. Birinchidan, toʻlov qilingach post chiqarilmasligi yoki muddatlarning buzilishi kabi holatlar tez-tez uchrab turadi. Ikkinchidan, statistika koʻpincha ishonchsiz boʻlib, buyurtmachi faqat ochiq koʻrinib turgan raqamlarga ishonishga majbur boʻladi. Uchinchidan, byurokratiya va rasmiy yopuvchi hisobotlarning yoʻqligi yirik korporativ brendlar uchun byudjet mablagʻlarini toʻgʻri sarflashda jiddiy toʻsiq hisoblanadi.

