Siyosat

Ziroat Mirziyoyeva, Aygul Japarova va Mehribon Aliyeva bolalar uchun reabilitatsiya markazida bo‘ldi

O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva Qirg‘iziston birinchi xonimi Aygul Japarova va Ozarboyjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva bilan birgalikda Qirg‘izistondagi «Altin balalik» reabilitatsiya markaziga tashrif buyurib, muassasa faoliyati, bolalar uchun yaratilgan sharoitlar hamda ularning ijodiy ishlari bilan tanishdi.

Ziroat Mirziyoyeva, Aygul Japarova va Mehribon Aliyeva bolalar reabilitatsiya markaziga tashrif buyurishdi.

Ushbu tashrif davomida yuqori martabali mehmonlarga markaz tarbiyalanuvchilari uchun uyushtirilgan mahorat darslari namoyish etildi. Birinchi xonimlar bolalar bilan iliq suhbatlashib, ularning ijodiy ishlari va iste’dodlari bilan yaqindan tanishdilar.

Mehmonlar sharafiga "Shattik" milliy raqs ansambli va yosh komuzchilar ansambli o‘z chiqishlarini taqdim etdi. Shuningdek, "Aqilman" iqtidorli bolalar prezident litseyi o‘quvchilari tomonidan loy va kigizdan yasalgan buyumlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Shundan so‘ng, birinchi xonimlar markazning sohil bo‘yidagi hududi va san’at galereyasini ko‘zdan kechirdilar. Galereyada Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan bolalar ijodiyoti bo‘yicha xalqaro tanlovlar g‘oliblarining, jumladan, o‘zbekistonlik yosh rassomlarning asarlari ham namoyish etildi.

Tashrif doirasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik ramzi bo‘lgan "Do‘stlik daraxti" nomli kigiz pannosiga yakuniy bezak elementini qo‘yish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Tashrif yakunida Qirg‘iziston birinchi xonimi Aygul Japarova O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyevaga an’anaviy qirg‘iz milliy musiqa asbobi – changqo‘bizni sovg‘a qildi.

friendship treegift exchangerehabilitation centercultural exchangekyrgyzstanhandicraftsfirst ladieschildren's creativity