Zelenskiy AQSh bilan Patriot raketalari bo‘yicha kelishuv haqida ma’lum qildi
Aprel oyida Zelenskiy Ukraina havo mudofaasi uchun raketalar zaxirasi «istalgan haftada» tugab qolishi mumkinligini aytgandi.

Zelenskiy AQSh bilan Patriot raketalari bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi.
Ukraina va Qo‘shma Shtatlar Patriot havo mudofaasi tizimlari uchun har oy raketalar yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Belgradda Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Ular bizga har oy raketalar ajratib berishadimi? Ha, bizda bunday kelishuv bor", — dedi u.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh raketaga qarshi mudofaa tizimlarini ishlab chiqaruvchi sifatida Kiyevga zarur bo‘lgan raketalarga ega va Ukraina tomoni ularni yetkazib berish masalasida Vashington bilan ish olib bormoqda.
Shu bilan birga, Ukraina prezidenti kelishilgan miqdor Ukraina havo mudofaasi ehtiyojlari uchun yetarli bo‘lmasligini qayd etdi. Uning aytishicha, "2026-yilda bu raketalar soni kamayadi".
Aprel oyida Zelenskiy Ukraina havo mudofaasi uchun raketalar zaxirasi "istalgan haftada" tugab qolishi mumkinligini aytgandi. May oxirida esa u AQShdan Kiyevga Patriot raketalarini ishlab chiqarish litsenziyasini berishni so‘ragan.
Iyul oyi boshida AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington bunday litsenziyani berishga tayyorligini bildirgan. Biroq avgust oyida Amerika qishga qadar raketalar ishlab chiqarish bo‘yicha uzoq muddatli kelishuv bo‘lmasligini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Tramp AQShning o‘ziga ham Patriot raketalari zarurligini va Ukrainaga qo‘shimcha o‘q-dorilarni kerakli miqdorda yetkazib berish imkoni yo‘qligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, AQSh Kongressida tomonlar Kiyevga Patriot havo mudofaasi tizimlarini ishlab chiqarish texnologiyalarini berish masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlar olib borayotgani ma’lum qilindi.

