«Zakladka» usulida narkotik tarqatgan shaxslar qo‘lga olindi
Toshkent shahrida giyohvandlik vositalarini «zakladka» usulida tarqatish bilan shug‘ullangan ikki nafar shaxs ushlandi. Tezkor tadbirlar davomida ulardan 3 kilogrammdan ortiq turli xil narkotik moddalar, shuningdek, ularni qadoqlash uchun mo‘ljallangan anjomlar musodara qilindi.

«Zakladka» usuli orqali giyohvand moddalar tarqatgan shaxslar hibsga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Toshkent shahrining Sergeli tumanida yashovchi, 1993-yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli avtomashina va uning yashash xonadoni xolislar ishtirokida tekshirildi.
Tekshiruv natijasida 1,1 kilogramm «Alfa-PVP», 1,9 kilogramm marixuana, 65 gramm geroin hamda 16 gramm «5F-APINASA» giyohvandlik vositalari topildi. Shuningdek, narkotiklarni qadoqlashda ishlatilgan zip-paketlar va elektron tarozi ashyoviy dalil sifatida olindi.
Tezkor tadbir davomida ushbu shaxsga giyohvandlik vositalarini «zakladka» usulida tarqatish bo‘yicha topshiriq bergan, 1988-yilda tug‘ilgan va avval giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan ayol ham qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ularga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Idora murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishini kafolatlashini ma’lum qildi.

