Yunusoboddagi 271-maktab hududida o‘rganish o‘tkazildi: yer maydoni avvalgi holatiga qaytarildi
Tunuka bilan o‘ralgan hudud demontaj qilindi

Yunusobod tumanidagi 271-maktab hududida o‘tkazilgan tekshiruv natijasida yer maydoni asl holatiga keltirildi.
Joriy yilning 31-iyul kuni Yunusobod tumanida bolalar maydonchalari va sport inshootlari hududlaridagi qurilish holatlari o‘rganildi. Xususan, Amir Temur shohko‘chasi, 41-uy manzilida joylashgan 271-sonli maktab hududidagi obyekt ko‘zdan kechirildi.
Tekshiruvlar davomida maktab hududidagi yer uchastkasi hamda bino-inshootlar amaldagi hujjatlar asosida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgani, hududda o‘zboshimchalik bilan egallangan yer maydoni yoki noqonuniy qurilmalar mavjud emasligi aniqlandi.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik bitimi va ijara shartnomasi asosida "ASIAN SCHOOL" MChJga 4 ming kvadrat metr yer maydoni ijaraga berilgani ma’lum bo‘ldi.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, tunuka bilan o‘ralgan hudud demontaj qilinib, yer uchastkasi avvalgi holatiga qaytarildi.
Hududlarda qonuniylikni ta’minlash, bolalar maydonchalari va ijtimoiy obyektlarning daxlsizligini saqlash bo‘yicha nazorat ishlari izchil davom ettiriladi. Har bir holat qonuniy asosda ko‘rib chiqilib, adolat ta’minlanadi.

