Yozda terlashni kamaytirishga yordam beradigan 3 odat

Yozda terlashni kamaytirishga yordam beradigan 3 ta odat
Inson tanasida uch millionga yaqin ter bezlari mavjud. Terlash tabiiy fiziologik jarayon bo‘lib, u orqali tanadan toksinlar va zararli moddalar ham chiqib ketadi. Issiq havoda inson organizmida o‘ziga xos "konditsioner" — termoregulyatsiya ishga tushadi. U tanani sovutib, haddan tashqari qizib ketishining oldini oladi.
Aslida terining hidi bo‘lmaydi, u shunchaki tuzlar va organik moddalarni o‘z ichiga olgan suyuqlikdir. Yoqimsiz hidning sababchisi toza bo‘lmagan tana va bakteriyalardir. Kundalik foydalanadigan dezodorant va antiperspirantlar yanada samarali ta’sir qilishi uchun quyidagi xalqona usullardan foydalanish tavsiya etiladi.
**Mavrak choyi**
Tananing haddan ortiq terlashi tibbiyotda gipergidroz kasalligi deb ataladi. Unga qarshi mavrakdan tayyorlangan choy va damlama foyda berishi isbotlangan. Mavrak tarkibidagi flavonoidlar, alkaloidlar, ursol kislotasi va olein kislotasi tufayli organizmdan ortiqcha namlik chiqishini kamaytiradi.
**Talk kukuni**
Xushbo‘y ifor bilan to‘yingan talk yoki chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan upa ham ortiqcha terlashda samarali hisoblanadi. Bolalar upasi nafaqat chaqaloq terisini qizarish va shikastlanishdan himoya qiladi, balki namlikni o‘ziga tortib olish xususiyatiga ham ega. Siz shunchaki terlash kuchaygan joylarga oz miqdorda qo‘llashingiz kerak. Bunday usulning yagona salbiy tomoni — talkni kun davomida bir necha marotaba yangilab turish kerak.
**Olma sirkasi**
Kechasi uyqudan avval qo‘ltiq sohasiga olma sirkasini surtish, so‘ng ertalab dushda yuvib tashlash hamda doimgidek dezodorant qo‘llash metodi ham mavjud.
Ortiqcha terlashga qarshi usullarning qaysi biridan foydalanishingizdan qat’i nazar, shifokor bilan maslahatlashishni unutmang, chunki gipergidroz menopauza yoki jiddiy kasalliklar borligidan ogohlantiruvchi belgi bo‘lishi mumkin.

