Mahalliy

Yo‘l harakati qoidabuzarligi ishlari to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzishga oid ma’muriy ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish tartibi tubdan yangilanishi kutilmoqda. Yangi yo‘riqnoma loyihasiga ko‘ra, qoidabuzarliklarga oid barcha ma’muriy ishlar elektron shaklda yuritiladi, murojaatlar esa «yagona darcha», «eksterritoriallik» va «open speys» tamoyillari asosida ko‘rib chiqiladi.

Yo‘l harakati qoidabuzarliklariga oid ishlar to‘liq elektron tizimga o‘tkaziladi.

Yangi yo‘riqnoma loyihasiga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy ishlar Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimidagi "Ma’muriy amaliyot" moduli orqali elektron tarzda yuritiladi. Ishga oid barcha hujjatlar, moddiy va raqamli dalillar ham sudlarga elektron shaklda taqdim etiladi.

Loyihada fuqarolar va yuridik shaxslar uchun bir qancha yangiliklar ko‘zda tutilgan:

* **"Eksterritoriallik" tamoyili:** Ma’muriy ishlar bo‘yicha murojaatlarni mamlakatning istalgan hududiy markazida topshirish imkoniyati yaratiladi.

* **"Yagona darcha" tizimi:** Xizmatlar bir nuqta orqali ko‘rsatiladi.

* **"Open space" yondashuvi:** To‘siqsiz qabul ta’minlanadi.

Bundan tashqari, huquqbuzarliklarni rasmiylashtirishda planshetlardan foydalanish, elektron bayonnomalarni elektron grafik imzo yoki barmoq izi orqali tasdiqlash, shuningdek, qarorlar va xabarnomalarni mobil ilovalar, SMS xabarlar va shaxsiy kabinetlar orqali yuborish tartibi joriy etiladi.

elektron tizimeksterritoriallikyagona darchaopen speysdavlat xizmatlariyo‘l harakatiqoidabuzarlikraqamlashtirish