Mahalliy

«Yashil to‘lqin»: Toshkent ko‘chalaridan birida qizil chiroqda deyarli to‘xtamasdan harakatlanish mumkin bo‘ldi

Buyuk ipak yo‘li ko‘chasining «To‘ra Buva» masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismida «Yashil to‘lqin» tizimi joriy

«Yashil to‘lqin» tizimi Toshkentning Buyuk ipak yo‘li ko‘chasida joriy etildi, bu esa haydovchilarga qizil chiroqda deyarli to‘xtamasdan harakatlanish imkonini beradi. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Tizim Buyuk ipak yo‘li ko‘chasining «To‘ra Buva» masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismida ishga tushirildi. Mutaxassislar ushbu yo‘nalishdagi 13 ta chorrahadagi svetoforlarning sinxron ishlashini hisoblab chiqib, tizimni moslashtirishdi.

Endilikda ertalabki tig‘iz vaqtlarda «Yashil to‘lqin» shahar markazi tomon, kechki payt esa qarama-qarshi yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatadi.

Svetoforlarning sinxronlashtirilishi natijasida «To‘ra Buva» masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalishda harakatlanish vaqti o‘rtacha 8,5 daqiqadan 6 daqiqagacha, ya’ni 29 foizga qisqardi. Qarama-qarshi yo‘nalishda — Salom ko‘chasidan «To‘ra Buva» masjidigacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish vaqti esa 10 daqiqadan 8 daqiqagacha, ya’ni 20 foizga kamaydi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tizim samarali ishlashi uchun haydovchilar yo‘l harakati qoidalari hamda belgilangan 40–60 km/soat tezlik me’yoriga amal qilishlari lozim. Shunda chorrahalardan svetoforning qizil chirog‘ida deyarli to‘xtamasdan o‘tish mumkin bo‘ladi.

Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ayni paytda aqlli svetoforlar o‘rnatilgan Toshkentning boshqa ko‘chalarida ham «Yashil to‘lqin» tizimini joriy etish bo‘yicha hisob-kitob va loyihalash ishlarini olib bormoqda.

traffic managementsynchronized traffic lightsreduced travel timegreen wave systemurban planningtraffic flow optimizationtashkentsmart city