Mahalliy

«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» milliy tanlovi g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi (foto)

Tanlovning tuman va shahar bosqichida 124 ming nafardan ziyod yoshlar o‘z iste’dod va qobiliyatlarini namoyon

«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» milliy tanlovining g‘olib va sovrindorlari taqdirlandi (foto)

Bugun «Humo Arena» majmuasida Prezident sovrini uchun mamlakatimizda ilk bor tashkil etilgan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» kasbiy mahorat milliy tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning tanlov g‘oliblariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

Tanlovning tuman va shahar bosqichlarida 124 ming nafardan ziyod yoshlar o‘z iste’dod va qobiliyatlarini namoyish etdi. Ushbu tanlov ko‘plab maktab bitiruvchilari hayotida yangi sahifa ochib, 22 ming nafar yigit-qizga ishlash, ta’lim olish yoki mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish imkoniyatini yaratdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, o‘nta kasb yo‘nalishida eng yuqori natijaga erishgan 120 nafar ishtirokchi g‘olib va sovrindor deb topildi.

Tabrikda tanlov g‘oliblari va yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar orasidan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirib, ularni «WorldSkills International» xalqaro kasbiy mahorat musobaqasida munosib ishtirok etishga hozirdan tayyorlash zarurligi ta’kidlandi. Bu maqsadga erishish uchun eng kuchli mahalliy va xorijiy mutaxassislarni jalb etish, jamoani zamonaviy uskunalar va o‘quv-mashq bazasi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Davlatimiz rahbarining qutlovida butun O‘zbekiston yoshlariga xalqimizning yuksak ishonchini oqlash uchun doimo izlanish, yangi bilim va texnologiyalarni egallash, xorijiy tillarni o‘rganish hamda o‘z kasbining eng ilg‘or mutaxassisi bo‘lib yetishishga da’vat etildi.

Ular o‘z mehnati, bilimi va ko‘nikmalari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, Yangi O‘zbekistonni bunyod etadigan oltin avlod bo‘lib yetishishiga ishonch bildirildi.

uzbekistanvocational trainingprofessional skills competitionaward ceremonyworldskills internationalpresidential addresshumo arenayouth