Layfstayl

«Xuddi shunday, janob prokuror»

«Hovli olma − qo‘shni ol» degan gapni aytgan kishining otasiga rahmat, onasiga qulluq. Nega deysizmi?

«Xuddi shunday, janob prokuror»

«Hovli olma, qo‘shni ol» degan naqlning muallifiga ming rahmat. Nima uchun deysizmi?

To‘qsoninchi yillarning boshlarida Toshkent markazidagi Darxon mavzesida, olti qavatli «moskovcha» uylarda yashardik. Qo‘shnilarimiz ham shunga yarasha – vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, prokurorlar, sudyalar, yuqori lavozimli harbiylar va endigina oyoqqa turayotgan yangi boylar edi. Qo‘shnichilik munosabatlari deyarli sezilmasdi. Ko‘pchilik o‘z ishlari bilan band bo‘lib, bir-biri bilan kirishib-chiqishmasdi.

Bahorda hovlini tozalash uchun hasharga chorlaganimizda, ellikdan ortiq xonadondan atigi uch-to‘rt kishi pastga tushdi. Ba’zi xonadon egalari vaqtlari yo‘qligi sababli mardikor yollashgan edi.

Mayli, shunga ham shukur, deb hovlini tozaladik, suv yo‘llarini ochdik, daraxtlar tagini yumshatib, ularga shakl berdik. Natijada ko‘rgan kishining bahri-dilini ochadigan go‘zal hovli paydo bo‘ldi. Ammo...

Oradan uch-to‘rt kun o‘tib-o‘tmay, biz tozalagan joylar yana ifloslana boshladi. Kimdir balkondan chiqindi to‘la paketni otganmi, hovli bo‘ylab sochilib yotardi. Paket ichida bo‘sh konserva idishlari, konfet, sigareta, kolbasa, baliq tuzlamasi, qora-qizil uvuldiriq va oddiy odamlarning ko‘zi tushmagan boshqa qimmatbaho yegulik-ichimliklarning qoldiqlari bor edi. Hatto non bo‘laklari ham sochilib yotardi.

Kim shunday qilishi mumkin? O‘zimcha jurnalistik tekshiruv o‘tkazdim. Olti qavatli uyning har qavatida ikkitadan xonadon bor edi. Birinchi qavat – yo‘q, bu qo‘shnilar bunday qilishmaydi. Ikkinchi qavatda o‘zimiz turamiz, qo‘shnimiz bir-ikki oydan beri uyiga kelmaydi. Uchinchi qavatdagilarga ham shubha yo‘q...

Asta-sekin yuqoriga ko‘tarila boshladim. O‘zbekistonda tartib o‘rnatish uchun kelgan desantchi prokuror yashaydigan xonadonga to‘xtadim. «Ha, bu shu oilaning ishi. Bu domda «Marlboro» sigaretasini shu «tartibchi»dan boshqa hech kim chekmaydi. Qimmat konfetlar, kolbasalar shundaylarning dasturxonida bor».

Xulosam aniqligiga ishonch hosil qilgach, sochilib yotgan axlatni paketga joylab, yuqoriga ko‘tarildim va eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdim. Paketni menga yovuz nigoh bilan qarab turgan xizmatkor ayolning qo‘liga berib, orqamga qaytdim...

Ertasi kuni ertalab prokuror Gaydanov bilan hovlida xizmat mashinalarimizga o‘tirayotib uchrashib qoldik. U menga o‘dag‘aylab, prokurorona po‘pisa qildi va «Mening uyim senga musurxonami?» dedi.

Men harbiychasiga «Xuddi shunday, janob prokuror», deb battar jazava qo‘zg‘adim. Yana bir-ikki jumladan keyin uning popugi o‘z-o‘zidan pasaydi. Chunki... qo‘lidagi sigareta uni allaqachon fosh qilib bo‘lgan edi.

Ahmadjon Meliboyev

neighborhood relationspublic cleanlinesssocial classpersonal accountabilityjournalistic investigationabuse of powercorruptionsocial responsibility