Iqtisodiyot

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li Yevropagacha uzaytirilishi mumkin

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li loyihasi kelajakda Yevropaga qadar cho‘zilishi mumkin bo‘lgan yirik transport yo‘lining bir qismiga aylanishi ehtimoli bor. Bu yo‘nalish Kaspiy dengizi, Ozarbayjon va Turkiya orqali o‘tadi. Bu haqda Qahramonmarash Sutchu Imom universiteti professori To‘g‘rul Ismoil AzerTac axborot agentligiga ma’lum qildi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, ushbu loyiha Markaziy Osiyoning transport geografiyasini sezilarli darajada o‘zgartirib, G‘arb bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini yaratadi. Professorning fikricha, temiryo‘l O‘zbekiston orqali Kaspiy dengiziga, so‘ngra Ozarbayjon va Turkiya orqali Yevropa mamlakatlariga ulanishi mumkin.

"Uzoq vaqt davomida ichki hududda joylashgan davlat sifatida ko‘rilgan Qirg‘iziston bu orqali G‘arb bozorlariga qisqa yo‘l topadi", — deydi To‘g‘rul Ismoil.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday yo‘nalishning rivojlanishi Ozarbayjon uchun ham katta foyda keltiradi. Bu mamlakatga Markaziy Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi transport va logistika xabi sifatidagi mavqeyini mustahkamlashga yordam beradi.

Ekspert loyihaning kelajagini O‘rta koridor (Xitoy va Yevropani Markaziy Osiyo, Kaspiy dengizi, Janubiy Kavkaz hamda Turkiya orqali bog‘laydigan yo‘nalish) bilan bog‘ladi. U Zangezur orqali o‘tadigan transport yo‘llarini ushbu tizimning qo‘shimcha halqasi sifatida tilga oldi. Ushbu yo‘nalish Ozarbayjonning asosiy hududi, Naxchivon va Turkiya o‘rtasidagi aloqani ta’minlashi mumkin.

To‘g‘rul Ismoilning qayd etishicha, Markaziy Osiyo davlatlari transport yo‘llarini ko‘paytirish, yangi bozorlarga chiqish va investitsiyalar jalb qilishdan manfaatdor. Ozarbayjon esa Sharq va G‘arb o‘rtasidagi transport hamda energetika markazi sifatidagi o‘rnini kuchaytirishga intilmoqda.

Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li qurilishi rasman 2024-yilning dekabr oyida boshlangan edi. Yo‘lning Qirg‘iziston qismi Torugart—Makmal—Jalolobod yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi va Xitoy hamda O‘zbekiston temiryo‘l tarmoqlarini bir-biriga bog‘laydi. Avvalroq Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li Turkiyagacha uzaytirilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.

zangezur corridortrade routeschina-kyrgyzstan-uzbekistan railwayregional connectivityeurope extensioncentral asia transportmiddle corridorazerbaijan transit