Dunyo

Xitoyga yilning eng kuchli to‘foni yopirildi: 1 milliondan ortiq odam evakuatsiya qilindi

Xitoyga yilning eng kuchli to‘foni yopirilishi sababli 1 milliondan ortiq kishi evakuatsiya qilindi.

9-avgust kuni Xitoyning sharqiy qirg‘oqlariga "Delfin" to‘foni yetib keldi. Bu joriy yilda mamlakatda kuzatilgan eng kuchli tropik siklon bo‘lib, kuchli yomg‘ir va shamollarni olib keldi. Rasmiylar suv toshqinlari va ko‘chkilar xavfi haqida ogohlantirdi, deb xabar berdi Reuters.

Xitoy meteorologiya idoralarining ma’lumotlariga ko‘ra, to‘fon yakshanba kuni taxminan soat 17:30 da Chjeszyan provinsiyasining sharqiy qismidagi Yuyxuan shahri yaqinidagi qirg‘oqqa yetib kelgan. To‘fon markazidagi maksimal doimiy shamol tezligi sekundiga 42 metrga (soatiga 151 km) yetgan, bu Saffir-Simpson shkalasi bo‘yicha 1-toifali dovul kuchiga teng.

Rasmiylar dengizdagi ishchilarni xavfsiz joylarga ko‘chirdi va kemalarni portlarga qaytarishga majbur qildi. Shuningdek, suv omborlari, tog‘ daryolari, ko‘chki xavfi mavjud hududlar, qurilish maydonchalari va sayyohlik ob’ektlarida nazorat kuchaytirildi.

**1 milliondan ortiq odam evakuatsiya qilindi**

"Delfin" to‘foni Xitoy sharqida transport qatnovini jiddiy ravishda buzdi. 1 milliondan ortiq kishi o‘z yashash joylaridan evakuatsiya qilindi. Shanxay shahrining o‘zida kamida 30 300 kishi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi.

VariFlight parvozlarni kuzatish xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda qariyb 1 500 ta aviaqatnov bekor qilingan.

**Chjeszyan provinsiyasida 900 mingdan ortiq kishi ko‘chirildi**

Qo‘shni Chjeszyan provinsiyasidagi Venchjou shahrida 900 mingdan ortiq aholi xavfsiz hududlarga ko‘chirildi. Shaharda 1 mingdan ziyod vaqtinchalik boshpana markazi ochildi.

Futszyan provinsiyasida esa xavfli hududlardan 98 900 kishi evakuatsiya qilindi. Rasmiylar to‘fon bilan bog‘liq favqulodda vaziyat rejimini III darajaga ko‘targan. Chjeszyan, Shanxay va Szyansu provinsiyalarida ham III darajadagi favqulodda vaziyat rejimi joriy etilgan.

Futszyan dengiz ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, qirg‘oq bo‘ylab 55 ta yo‘lovchi parom yo‘nalishi vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, dengizdagi 115 ta qurilish loyihasi to‘xtatilib, 290 ta qurilish kemasi xavfsiz joylarga olib chiqilgan.

**Kuchli yomg‘irlar davom etishi kutilmoqda**

Meteorologlar 10-avgustgacha Chjeszyan, Shanxay, Futszyanning shimoliy qismi, Szyansi provinsiyasining shimoli-sharqi, Anxuy markazi va janubi hamda Szyansu provinsiyasining katta qismida kuchli yomg‘ir yog‘ishini prognoz qilmoqda. Chjeszyanning markaziy va sharqiy hududlarida yog‘ingarchilik miqdori 250–500 millimetrgacha yetishi mumkin.

Xitoy Milliy meteorologiya markazi bosh prognozchisi Van Xaypinning aytishicha, quruqlikka chiqqach, "Delfin" to‘foni g‘arbga qarab harakatlanadi. Keyinchalik u Xitoyning markaziy va janubi-g‘arbiy hududlari ustida sekinlashib, asta-sekin kuchsizlanishi kutilmoqda.

Biroq to‘fonning sekinlashishi kuchli yomg‘irlarning uzoqroq davom etishiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, tog‘li hududlar va kichik daryolar bo‘yida suv toshqini hamda ko‘chki xavfi yuqori.

Suv resurslari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Tsyantang, Yun, Szyao va Shuyyan daryolarida suv sathi keskin ko‘tarilishi mumkin. Eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardagi kichik daryolarda esa suv sathi xavf chegarasidan oshishi ehtimoli mavjud.

Rasmiylar Chjeszyanning ayrim hududlarida geologik ofatlar xavfi yuqori ekanidan ogohlantirdi. Tog‘lardan keluvchi sel xavfi bo‘yicha qizil darajadagi ogohlantirish e’lon qilingan hududlar aholisi evakuatsiya to‘g‘risidagi mahalliy ko‘rsatmalarga amal qilishga chaqirildi.

tabiiy ofatxitoysuv toshqinito'fon"delfin" to'foniko'chkiob-havoevakuatsiya