Dunyo

Xitoyda 27 ming kilometrlik megahalqa qurilishi boshlandi

Xitoy hukumati mamlakatning quruqlikdagi chegaralari va dengiz sohillari bo‘ylab o‘tadigan, umumiy uzunligi 27 ming kilometrdan ortiq yagona transport halqasini barpo etish loyihasini boshladi. Loyiha 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan 15-besh yillik taraqqiyot dasturi doirasida amalga oshiriladi.

Xitoyda 27 ming kilometrdan ortiq uzunlikdagi ulkan transport halqasi qurilishi boshlandi. Xitoy Transport vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu yangi tizim uchta milliy avtomagistral – G219, G331 va G228 yo‘llaridan iborat bo‘lib, ular mamlakatning deyarli butun perimetrini qamrab oladi.

Bu uch magistral Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni, Lyaonin viloyati va Guansi-Chjuan avtonom rayonida bir-biriga ulanadi. Natijada, Xitoyning shimoliy, g‘arbiy, janubiy va sharqiy sohillarini yagona transport tarmog‘iga birlashtiruvchi tizim shakllanadi.

Transport halqasining eng uzun qismi G219 avtomagistrali bo‘lib, uning uzunligi qariyb 10 ming kilometrni tashkil etadi. Bu yo‘l Shinjondagi Kanas hududidan boshlanib, Guansidagi Dunsin shahrigacha yetib boradi. U cho‘llar, Tsinxay–Tibet tog‘ligi, Himolay tog‘lari, chuqur daralar, muzliklar va botqoq hududlar orqali o‘tadi.

G331 magistrali taxminan 9,2 ming kilometrga cho‘zilgan bo‘lib, Lyaonindagi Dandun shahridan Shinjondagi Oltoy shahrigacha boradi. U Xitoyning shimoliy chegaralari, Ichki Mo‘g‘uliston dashtlari hamda mamlakatning yirik qishloq xo‘jaligi, o‘rmonchilik va energetika hududlarini kesib o‘tadi.

Sharqiy va janubiy sohil bo‘ylab o‘tuvchi G228 magistrali esa qariyb 7,4 ming kilometr uzunlikka ega. U Dandun va Dunsin shaharlarini bog‘lab, o‘nlab port shaharlari hamda Yanszi va Chjutszyan (Marvarid) daryolari havzalarini o‘zaro tutashtiradi.

Xitoy Transport vazirligining ta’kidlashicha, ushbu loyiha nafaqat avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish, balki mamlakatning chegara hududlarini rivojlantirish, tabiiy resurslarni o‘zlashtirish va ichki turizmni rag‘batlantirishga ham xizmat qiladi. Shuningdek, transport halqasi yuzlab tabiiy va tarixiy obidalarni, yirik sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligi markazlarini o‘zaro bog‘laydi.

Loyiha doirasida 100 dan ortiq yirik chegara o‘tish punktlari va ko‘plab dengiz portlari yagona transport tarmog‘iga integratsiya qilinadi. Bu esa logistika samaradorligini oshirish, tashqi savdoni rivojlantirish hamda chegara hududlarining iqtisodiy va transport salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

ghighwaysinfrastructurechinaeconomic developmenttransport