Xitoy olimlari asteroid ichiga yadroviy bomba joylashtirishni taklif qildi

Xitoylik olimlar Yerga yaqinlashayotgan yirik asteroidni yo‘q qilish yoki uning traektoriyasini o‘zgartirish uchun yadroviy qurilmani uning ichiga joylashtirib portlatish usulini taklif qildi. Bu haqda The Independent nashri xabar berdi.
So‘nggi yillarda Yerga yaqin uchib o‘tuvchi asteroidlar muntazam ravishda aniqlanmoqda, ammo hali kashf etilmagan yirik kosmik jismlar ham mavjud. Xitoyning Uchirish apparatlari texnologiyalari akademiyasi olimlarining fikricha, bunday asteroidlarni yo‘q qilish yoki ularni uzoqlashtirishning eng samarali usuli yadroviy portlatishdir.
Agar Yer bilan to‘qnashuv xavfi haqida kech xabar topilsa, bu yagona samarali yechim bo‘lishi mumkin. Yangi tadqiqotda olimlar Yerga yaqin yirik asteroidni portlatishning yangi yondashuvini taklif etdi: kosmik kema avval asteroid yuzasida chuqur krater hosil qiladi, so‘ngra yadroviy zaryad aynan shu krater ichiga joylashtirilib portlatiladi.
Tadqiqotchilar turli quvvat va chuqurlikdagi yadroviy portlashlarning asteroidlarga taʼsirini baholadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 200 ta Xirosima bombasining quvvatiga teng portlash diametri taxminan 100 metr bo‘lgan asteroidni butunlay parchalab tashlashi mumkin.
Shuningdek, bombani asteroid ichiga taxminan 30 metr chuqurlikka joylashtirish uni sirtida portlatishga qaraganda ancha samaraliroq ekani aniqlangan. Diametri bir kilometr bo‘lgan asteroid ichida 20 metr chuqurlikda amalga oshirilgan portlash uning Yerdan uzoqlashishiga yordam berib, tezligini sekundiga 30 santimetrdan ortiqqa oshirishi mumkin.
Olimlarning xulosasiga ko‘ra, bu kashfiyot Yerga tahdid solayotgan yirik asteroidlardan himoyalanishda yordam beradi. Avvalroq Xitoyga Kongo DRdan 1 500 tagacha yadroviy jangovar kallak ishlab chiqarish imkonini beruvchi minglab tonna uran yetkazib berilgani ma’lum qilingandi.

