Siyosat

UXX 40 kunlik operatsiya natijalari haqida hisobot berdi

Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) Rossiyani urushni to‘xtatishga majburlash maqsadida o‘tkazilgan 40 kunlik maxsus operatsiya natijalarini e’lon qildi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, ushbu davr mobaynida Rossiya hududi va bosib olingan Ukraina yerlaridagi 100 dan ortiq strategik ob’yektga, front chizig‘ida esa 21 mingdan ziyod nishonga zarba berilgan.

Ukraina Xavfsizlik Xizmati (UXX) 40 kunlik operatsiyaning yakuniy natijalari bo‘yicha hisobot taqdim etdi.

UXX ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu operatsiya Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan 25-iyun kuni tasdiqlangan bo‘lib, uning asosiy maqsadi Rossiyaning harbiy va iqtisodiy qudratini muntazam ravishda zaiflashtirish orqali uni urushni to‘xtatishga majburlashdan iborat edi.

Idoraning xabar berishicha, hujumlar Rossiyaning harbiy-sanoat majmualari, aviabazalari, havo hujumidan mudofaa tizimlari, qo‘mondonlik punktlari, harbiy-dengiz floti kemalari, "soya floti"ga tegishli tankerlar, neftni qayta ishlash zavodlari, shuningdek, transport va harbiy logistika infratuzilmasiga qaratilgan.

UXX ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya davomida front chizig‘ida 21 mingdan ortiq harbiy texnika, qurol-yarog‘ va harbiy infratuzilma ob’yektlariga zarba berilgan. Shuningdek, idora qariyb 5 ming nafar rossiyalik harbiyni yo‘q qilganini da’vo qilgan.

Hisobotda ta’kidlanishicha, operatsiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri Rossiyaning yoqilg‘i-energetika infratuzilmasiga zarba berish bo‘lgan. So‘nggi 40 kun ichida 14 ta neftni qayta ishlash zavodi, o‘nlab neft bazalari, neft saqlash rezervuarlari, neft quvurlari nasos stansiyalari, neft terminallari va neft qazib olish platformasi nishonga olingan.

Bundan tashqari, Blue, Louise 1, Banda va Avero tankerlari, shuningdek, xalqaro sanksiyalar ostida bo‘lgan ikki yuk kemasiga ham zarbalar berilgani qayd etilgan.

UXX bayonotida mazkur 40 kunlik kampaniya Rossiyaning harbiy mashinasi uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ob’yektlarni bir vaqtning o‘zida zaiflashtirishga qaratilgani ta’kidlangan. Idora bunday operatsiyalar Rossiyaning harbiy-iqtisodiy salohiyatini kamaytirish maqsadida davom ettirilishini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, UXX rahbarining vazifasini bajaruvchi general-mayor Aleksandr Poklad bilan uchrashuvdan so‘ng Prezident Volodimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi yangi maxsus operatsiyalarni o‘tkazish rejasini ham ma’qullagan.

25-iyun kuni Volodimir Zelenskiy Rossiyani urushni to‘xtatishga undash maqsadida "tajovuzkor davlatga bosim o‘tkazish operatsiyasi" boshlanganini e’lon qilgan edi. U bundan bir kun avval Ukraina Rossiyani tinchlikni tanlashga majbur qiladigan sharoitlarni yaratishini bildirgan.

rossiyaukrainazelenskiyhujumlarneft infratuzilmasiharbiy operatsiyauxxharbiy-iqtisodiy salohiyat