Siyosat

“Dolzarb qirq kunlik”: Ukraina nimaga erishdi?

Kiyev e’lon qilgan “40 kunlik ta’sir operatsiyasi” muddati yakuniga yetmoqda. Bu davrda Ukraina Rossiya ichkarisiga zarba berishni mutlaq yangi bosqichga olib chiqa oldi. Lekin operatsiya natijalariga berilayotgan baholar bir xil emas. Ayrim tahlilchilar uni taktik muvaffaqiyat, ammo strategik jihatdan yakunlanmagan vazifa deb baholasa, boshqalar Rossiya jamiyatiga ko‘rsatilgan bosimni operatsiyaning asosiy natijasi sifatida ko‘rmoqda.

"Dolzarb qirq kunlik": Ukraina nimaga erishdi?

Kiyevning "40 kunlik" strategiyasi yakunlanmoqda: Ukraina o‘z maqsadlariga qanchalik erishdi?

Anvar Yo‘ldoshev:

"40 kunlik ta’sir operatsiyasi" davomida Ukraina Rossiya hududiga, jumladan, Moskva va uning atrofidagi hududlarga uyushtirilgan zarbalarni sezilarli darajada kuchaytirdi. Bu hujumlar Rossiya poytaxti aholisi urushning oqibatlarini bevosita his qilishi mumkinligini ko‘rsatdi hamda jamiyatda xavotirni kuchaytirdi. Mazkur operatsiyani tahlil qilar ekanmiz, buni ikki xil nuqtai nazardan baholash mumkin.

Taktik jihatdan qaraganda, Ukraina muayyan natijalarga erishdi. Rossiya hududidagi qator nishonlar, jumladan, neftni qayta ishlash zavodlari, energetika va logistika infratuzilmasiga zarbalar berildi. Bu esa Rossiya ichkarisida xavfsizlik masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ydi va aholi orasidagi xavotirni kuchaytirdi. Biroq strategik nuqtai nazardan kutilgan natijaga erishilmadi. Operatsiyaning asosiy maqsadi Kremlni muzokaralarga majbur qilish edi.

Zelenskiy bu davr ichida Rossiyaga bosim shu darajada kuchaytirilishini, natijada Vladimir Putin muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur bo‘lishini ta’kidlagan edi. Ammo amalda bunday bo‘lmadi. Aksincha, Rossiya ham javob zarbalarini kuchaytirdi va Ukraina hududiga raketa hamda dron hujumlari ko‘lamini kengaytirdi.

Xulosa qilib aytganda, Ukraina "40 kunlik ta’sir operatsiyasi" davomida ayrim taktik maqsadlariga erishgan bo‘lsa-da, uning asosiy strategik maqsadi – Rossiyani muzokaralarga majbur qilish vazifasi hozircha amalga oshgani yo‘q.

Kamoliddin Rabbimov:

Operatsiya davomida Rossiya ichidagi ijtimoiy kayfiyatda sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi. Bugun xalqaro ommaviy axborot vositalari va ochiq manbalar orqali Rossiya jamiyatidagi kayfiyatni ham ma’lum darajada baholash mumkin. Urush boshida Kreml qisqa muddat ichida Ukrainani egallashni rejalashtirgan edi. Ammo bugungi vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, urush endi faqat Ukraina hududida emas, balki Rossiya ichkarisida ham sezilmoqda.

So‘nggi haftalarda mamlakatdagi yirik logistika markazlari, neftni qayta ishlash korxonalari va boshqa muhim infratuzilma ob’yektlari nishonga olindi. Ayrim korxonalar faoliyatini davom ettirayotgan bo‘lsa-da, energetika va yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolar tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Natijada, dunyodagi eng yirik neft eksportchilaridan biri bo‘lgan Rossiya ayrim hududlarda yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga duch kelmoqda. Bu esa ichki bozordagi vaziyatga va jamoatchilik kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, 40 kunlik operatsiya Rossiya jamiyatining ruhiy holati va siyosiy kayfiyatiga ma’lum darajada bosim o‘tkaza oldi. Buni butunlay inkor etish qiyin.

Biroq Rossiyani muzokaralarga majbur qilish kabi strategik maqsad juda murakkab vazifa edi. Har qanday siyosiy rahbar bunday qarorlarni qabul qilayotganda muvozanatni saqlashga harakat qiladi. Chunki bosim haddan tashqari keskinlashsa, mojaro yanada xavfli bosqichga o‘tishi, hatto Rossiya tomonidan yanada keskin harbiy choralar ko‘rilishi ehtimoli ham mavjud.

Shu sababli Ukraina bosimni bosqichma-bosqich kuchaytirish strategiyasini tanlagandek ko‘rinadi. Zarbalar asosan Rossiyaning logistika va harbiy ta’minot tizimi bilan bog‘liq deb baholanayotgan ob’yektlarga qaratildi. Jumladan, Wildberries omborlariga uyushtirilgan hujumlar ham logistika zanjiriga bosim o‘tkazish strategiyasining bir qismi sifatida talqin qilinmoqda. Ayrim manbalarda ushbu logistika tarmoqlari orqali harbiy ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan yuklar ham tashilgani haqidagi da’volar uchraydi, biroq bunday ma’lumotlar mustaqil ravishda to‘liq tasdiqlanmagan.

Umuman olganda, ushbu ta’sir operatsiyasi orqali Ukraina ikki asosiy maqsadni ko‘zlagan edi: birinchisi, Kremlni muzokaralarga undash, ikkinchisi esa Rossiya jamiyatida urushning oqibatlarini yanada yaqqol his qildirib, ichki norozilik kayfiyatini kuchaytirish.

Suhbatni YouTube’dagi "Geosiyosatkunuz" kanalida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

logistikamuzokaralarukraina-rossiya urushineft infratuzilmasikunlik operatsiyarossiya hududiga hujumlarharbiy strategiyaijtimoiy kayfiyat