Unutilgan shahar va toshbaqaga aylangan odam qissasi | 5 daqiqa
Toshbaqaning hayoti yomon emas: uyi hamisha yelkasida, ijara to‘lamaydi, hech qayerga shoshilmaydi, ustiga-ustak uzoq yashaydi. Faqat shunday qulayliklarga erishish uchun insoniylikdan voz kechish talab qilinsa, ko‘pchilik ikkilanib qolishi mumkin.

Unutilgan shahar va toshbaqaga aylangan odam qissasi | 5 daqiqa
Karvonsaroy egasi Benishonning hayoti kutilmaganda o‘zgarib ketadi: kechagina odamlar orasida yurgan bu kishi asta-sekin toshbaqaga aylana boshlaydi. "5 daqiqa"ning ushbu sonida o‘zbek adabiyotining eng g‘ayrioddiy va falsafiy asarlaridan biri – Temur Po‘latovning "Taroziy toshbaqasi" romani haqida so‘z boradi.
Roman markazidagi qahramon Taroziy – buxorolik shoir va olim. U bir joyda muqim yashamaydi, shaharma-shahar kezib, risolalar yozadi, tabiat hodisalarini kuzatib, boshqalar ko‘rmagan bog‘liqliklarni topadi.
Uning navbatdagi manzili qum bosib borayotgan sirli shahar bo‘ladi. Taroziy karvonsaroyga yetib kelganida, u yerda allaqachon g‘alayon boshlangandi. Karvonsaroy egasi Benishon g‘oyib bo‘lgan, uning xonasining devorida esa katta teshik paydo bo‘lgandi.
Savdogarlar turli taxminlarni ilgari surishadi. Kimdir uni qarzdan qochgan desa, boshqasi devorni yirtqich teshgan deb o‘ylaydi. Qozi surishtiruv boshlaydi. Benishonning xizmatkori xo‘jayini so‘nggi paytlarda uyidan kam chiqqani, oyoqlarini o‘rab yurgani va harakatlarida g‘alati o‘zgarishlar paydo bo‘lganini aytadi.
Taroziy shahardan chiqqach, sahroda ulkan toshbaqaga duch keladi. Toshbaqa uning ortidan ergashadi. Keyin ma’lum bo‘lishicha, bu oddiy jonivor emas, balki karvonsaroydan g‘oyib bo‘lgan Benishonning o‘zi edi.
Benishon toshbaqa qiyofasida Taroziyga boshidan o‘tganlarini so‘zlab beradi. Avval uning orqa terisi qotib, sezmaydigan bo‘lib qolgan. Qo‘l-oyoqlari shishgan, tanasi shaklini o‘zgartirgan. Yurolmay, to‘rt oyoqlab sudralishga majbur bo‘lgan. O‘zgarish oxiriga yetgach, kosasi bilan devorni teshib, tashqariga chiqib ketgan.
Ammo Benishonning toshbaqaga aylanishi tasodif bo‘lmagan.
Uning oilasida avlodlari toshbaqadan tarqalgani haqida qadimiy gap yurardi. Benishon bu gaplarni shunchaki irim deb qabul qilardi. O‘zi toshbaqaga aylangach, avlodlardan o‘tib kelgan belgi uning tanasida qayta uyg‘onganini tushunadi.
Taroziy uchun esa Benishon tabiat taqdim etgan noyob tajriba edi. Olim toshbaqalarni o‘rganadigan yangi yo‘nalish bilan shug‘ullanar, hayvonni inson qiyofasiga qaytarish imkonini izlardi. U Benishon ustida muolajalarni boshlaydi.
Tajriba muvaffaqiyatli chiqadi: toshbaqaning oyoqlari inson oyog‘iga, panjalari qo‘lga aylanadi, dumi tushib ketadi, kosasi yo‘qoladi. Benishon yana ikki oyoqda turadi, kiyim kiyadi va gapiradi. Biroq har bir muolaja uni o‘n yilga qaritadi. Yigirma yetti yoshli Benishon qisqa vaqt ichida o‘rta yoshli kishiga aylanadi.
Taroziy uning tanasini odam qiyofasiga qaytaradi, ammo irsiyatdagi belgilarni o‘chira olmaydi. Benishonning odatlari, qo‘rquvlari va xarakteri avvalgidek qoladi.
Jamiyatda ham odamni tashqi ko‘rinishiga qarab baholaymiz. Kiyinishi joyida, mansabdor, ravon gapiradi, demak, hammasi yaxshi. Ammo inson maqomi yuz, qo‘l va ikki oyoq bilan belgilanmaydi. Benishonning tanasi tuzalgani bilan, uning odamlardan qochishi, gumoni va o‘z manfaatiga o‘ralib yashashi yo‘qolmaydi. Qoliplar yelkasidan tushgani bilan ichkarida o‘zgarish sodir bo‘lmaydi.
Taroziy bu haqiqatni kechroq tan oladi.
Benishon yana toshbaqaga aylanadi. Bu safar uni odamlar ilmiy mo‘’jiza sifatida emas, daromad manbai sifatida qabul qiladi. Dengizxon va Holdfinger gapiradigan toshbaqani tomoshaga qo‘yib, pul ishlay boshlaydi. Kechagina karvonsaroy egasi bo‘lgan Benishon endi chipta sotiladigan tomoshaning bir qismiga aylanadi.
Jamiyat o‘zi shunday, g‘aroyib narsani tushunishga shoshilmaydi, undan qanday foyda olishni esa juda tez o‘zlashtirib oladi.
Shaharni tark etayotgan Taroziy Buxoro yaqinida bir necha toshbaqaga duch keladi va ular orasidan Benishonni taniydi. Uning yoshini hisoblaydi: inson sifatidagi yigirma yetti yil, tajribalarda yo‘qotilgan o‘ttiz yil va toshbaqalar orasida o‘tgan yana bir necha yil. Inson uchun bu qariyb bir umr, toshbaqa uchun esa hali yo‘lning yarmi.
Demak, muammo yo‘q. Toshbaqalarning umri uzoq bo‘ladi. Biroq toshbaqaga aylangan Benishon uchun bu uzoq umr mukofotmi yoki jazomi, endi buni Taroziyning hisob-kitobi ham aniqlab berolmasdi.
Qobiqda yashash qulay. Ijarasi ham yo‘q. Lekin odam bo‘lib qolish uchun ba’zan ajdodlardan o‘tib kelayotgan salbiy illatlarga, jamiyat tayyorlab qo‘ygan qoliplarga qarshi chiqa olsakkina o‘zligimizni saqlab qolamiz.

