UFC jangchisi Allan Nasimento vafot etdi

UFC promoushenining o‘ta yengil vazn toifasidagi braziliyalik aralash yakkakurash (MMA) ustasi Allan Nasimento 34 yoshida vafot etdi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berdi.
Jangchining jasadi 3-avgust, dushanba kuni topilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘limga uyqu vaqtidagi yurak xuruji sabab bo‘lgan. Voqea joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari 34 yoshli sportchining hayotini saqlab qola olmagan va uning o‘limi shu yerning o‘zida qayd etilgan.
UFC rasmiy bayonotida shunday deyiladi: “Ushbu og‘ir damlarda Allanning oilasi, do‘stlari, jamoadoshlari va barcha yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz”.
Sportchining vafoti munosabati bilan Dastin Porye, Genri Sexudo va amaldagi kamar sohibasi Makkenzi Dern kabi taniqli yulduzlar ta’ziya bildirishdi. Ayniqsa, Charlz Oliveyra do‘stining yo‘qotishini juda og‘ir qabul qilib, birinchilardan bo‘lib ta’sirli post qoldirdi:
“Bugun yakkakurashlar orqali topgan qadrdonimdan ayrildim. Har doim yonimda turganing, zalda ham, jangda ham menga yelkadosh bo‘lganing uchun rahmat. Mashg‘ulotlarda, oktagon burchagida va oddiy hayotda doim men bilan birga bo‘lganingdan cheksiz minnatdorman. Seni yaxshi ko‘raman, sen afsonasan. Birodarim, bunga hamon ishongim kelmayapti... O‘rning juda bilinadi”.
Ma’lumot uchun, Nasimento o‘ta yengil vazn toifasida jang qilgan. Professional faoliyati davomida u 22 ta g‘alaba va 7 ta mag‘lubiyat qayd etgan. UFC doirasida o‘tkazgan 6 ta jangining 4 tasida g‘alaba qozongan va 2 tasida mag‘lubiyatga uchragan.

