Sport

“UFC hozirda APL, NBA va Chempionlar Ligasi bilan bir darajada” — Habib Nurmagomedov

“UFC hozirda APL, NBA va Chempionlar Ligasi bilan bir darajada” — Habib Nurmagomedov

UFC’ning sobiq yengil vazn toifasi chempioni Habib Nurmagomedov promoushening hozirgi rivojlanish darajasi haqida o‘z fikrlarini bildirdi va tashkilotni dunyoning eng nufuzli sport ligalari qatoriga qo‘shdi.

Nurmagomedovning so‘zlariga ko‘ra, UFC yaqinda Paramount bilan yetti yil davomida yiliga 1,1 milliard dollar miqdorida media huquqlari bo‘yicha shartnoma imzolagan. Bu esa promoushening moliyaviy barqarorligini yanada kuchaytirdi.

“Avval UFC uchun yangi bozorlarga kirish juda muhim edi. Hozir esa vaziyat butunlay o‘zgardi — endi mamlakatlar o‘zlari UFC musobaqalarini o‘tkazishga intilmoqda. Bu brend global miqyosda juda katta qiymatga ega bo‘ldi”, dedi Nurmagomedov Smol Talk YouTube kanaliga bergan intervyusida.

Sobiq chempionning fikricha, uzoq muddatli televizion shartnoma UFC’ga turnirlarning tijoriy natijasidan qat’i nazar, barqaror daromad keltiradi.

“Yiliga 1,1 milliard dollar — bu juda katta mablag‘. Turnir muvaffaqiyatli o‘tdimi yoki yo‘qmi, UFC har holda o‘z daromadini oladi. Televizion shartnoma sport tashkiloti uchun eng muhim omillardan biridir”, deya qo‘shimcha qildi u.

Habib Nurmagomedovning baholashicha, hozirgi kunda UFC o‘z nufuzi va brend qiymati bo‘yicha Angliya Premyer Ligasi (APL), NBA, NHL va UEFA Chempionlar Ligasi bilan bir qatorda turadi. Uning fikricha, Formula-1 ham xuddi shunday darajadagi global sport loyihalaridan biri hisoblanadi.

ufchabib nurmagomedovsport ligalarimedia huquqlarimoliyaviy barqarorlikglobal brendtelevizion shartnomasport tijorati