Layfstayl

“U boshqalar baxti uchun tug‘ilgan edi”. Bir umr otasini kutgan aktrisa va dublyaj ustasi Rimma Ahmedovaning sinovlarga to‘la hayoti

“U boshqalar baxti uchun tug‘ilgan edi”. Aktrisa va dublyaj ustasi Rimma Ahmedovaning sinovlarga to‘la hayoti, bir umr otasini kutib o‘tganligi haqida

Sahnada o‘nlab unutilmas rollarni ijro etgan, dublyaj san’atida minglab qahramonlarga ovoz bergan Rimma Ahmedovaning hayoti go‘yo kino ssenariysini eslatadi. Urush tufayli otasiz o‘sgan, ketma-ket og‘ir yo‘qotishlarni boshidan kechirgan aktrisa barcha qiyinchiliklarga qaramay, o‘zbek teatr va kino san’atida o‘chmas iz qoldirdi. Bugun, 4-avgust san’atkorning tavallud kuni munosabati bilan uning hayoti va ijodini yodga olamiz.

Rimma Ahmedova 1942-yil 4-avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U oilada yagona qiz edi. Rimma dunyoga kelganida otasi Ashur Ro‘ziyev frontda edi. Buvisi Anor xola o‘g‘lini uzoq kutgan. Oradan 11 yil o‘tgach, kelini Aleksandraga: “Qizim, yoshsan, endi o‘g‘lim kelmasa kerak, men roziman”, deb, uni turmushga bergan. Shundan so‘ng Irisoy (Rimma Ahmedovaning oiladagi ismi) buvisining qo‘lida qoladi.

“Kinoteatrga faqat urush haqidagi filmlarni ko‘rish uchun borardim. Ekrandan otamni, suratdagi otamga o‘xshash odamni izlardim... Mening bu odatimga buvim ham ishonib, umid bilan og‘zimga tikilardilar. Hatto bir necha marta xatlar ham yozganman. Kutaman, kutaman... hech qanaqa javob bo‘lmasdi. Har gal o‘zimcha po‘pisa qilib: “Dada, bu oxirgisi...” deb yakunlardim xatni.

Keyin hayron qolardim, qo‘shnilar meni ko‘rdi deguncha “Ashurning qizimisan?” deb yig‘lab, yuz-ko‘zlarimdan o‘pib, qo‘limga qurtmi, qandmi berishardi. “Nega bunaqa qilishadi?” deb onamdan so‘raganimda aytgan edi: “Dadang yuk mashinasi haydardi. Qo‘shnilar uchun tekinga o‘tin-ko‘mir olib kelib tashlardi. Urush boshlangan. Odamlar tushkun kayfiyatda. Biroz bo‘lsa ham ko‘ngillarni ko‘tarish uchun qo‘shnilarni uyga chaqirardi-da, dutor chertib qo‘shiq aytardi”. Dadam urushga ham ko‘ngillilar safida jo‘nagan ekanlar. Yana xafa bo‘lganman, demak, bizni o‘z ixtiyorlari bilan tashlab ketgan ekanlar-da, deb”.

Bo‘lajak aktrisa maktabda o‘qib yurgan vaqtlarida balet to‘garagiga qatnagan. Keyinchalik yaqinlarining noroziligi sabab baletni tashlashga majbur bo‘lgan. Rimma Ahmedova maktabni tamomlagach, Toshkent teatr va rassomchilik san’ati oliygohining Drama va kino aktyorligi bo‘limida tahsil olgan.

Oliygohdagi o‘qishni yakunlash arafasida u, bir oy ichida ham onasidan, ham boqib katta qilgan buvisidan ayrilgan. Bu yo‘qotishlardan keyin u anchagacha o‘ziga kela olmagan.

“Onamni ko‘rgim kelardi, borsam-u, bag‘rida bir necha kun yotib kelsam. Lekin oyi(buvi)m yolg‘iz o‘zimni hech qo‘ymasdilar. Birga borib, yana birga qaytardik. “O‘gay ota qovog‘ini uyib, bolamning dilini og‘ritmasin”, degan o‘y bilan meni ayaganlar. Bir kun dona-dona qilib tushuntirdilar ham: “Iris, chirog‘im, onangni endi o‘z hayoti, oilasi, bolalari bor. U qancha tinch yashasa, sen bilan menga shuncha yaxshi. Hadeb boraverib, xalal berma”. Shundan keyin tinchib qoldim. Lekin onam ham ko‘p yashamadi. Yigirma yoshimda avval buvim, yigirma kundan keyin – 16-yanvarda onam vafot etdi”.

Aktrisa o‘z faoliyatini hozirgi O‘zbek milliy akademik drama teatrida boshlagan. Ushbu teatrda u “Qirol Lir”, “Kelinlar qo‘zg‘aloni” va “Parvona” kabi o‘nlab mashhur spektakllarda rol ijro etgan. 1987-yilga kelib u ko‘plab hamkasblari bilan birga O‘zbek milliy drama teatriga o‘tgan va o‘z faoliyatini ushbu teatrda davom ettirgan.

Aktrisa kinoda ham o‘ziga xos obrazlar yaratgan bo‘lib, “Dallol”, “Yuzsiz”, “Sho‘rpeshonalar”, “Bomba” singari bizga tanish filmlarda suratga tushgan.

Aktrisa o‘zbek tomoshabinlariga asosan dublyajdagi faoliyati bilan yaxshi tanish. Rimma Ahmedova dublyajdagi dastlabki faoliyatini XX asrning 60-yillarida boshlagan.

O‘sha davrlarning mashhur filmlari sanalgan “Urush va tinchlik” (Natasha Rostovaga), “Maugli” (qoplon Bagiraga), “Sangam” (Radhaga), “If qal’asining mahbusi” (Mersedesga), “Ivan Vasilyevich o‘z kasbini o‘zgartiradi” (Zinaga), “Qaynona” (Ofatga), “Ishdagi ishq” (Olga Rijovaga), “Odam amfibiya” (Gutiyera), “Zita va Gita” kabi filmlarning ovozlashtirilishida ishtirok etgan. Ushbu sohadagi qariyb 35 yillik faoliyati davomida 2 mingga yaqin film qahramonlariga ovoz bergan.

Rimma Ahmedova taniqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev bilan oila qurgan. Bu paytda aktrisaning avvalgi turmushidan ikki qizi bo‘lgan. Rimma Ahmedova Bahodir Yo‘ldoshev bilan ko‘p yil birga yashashgan — bir o‘g‘il farzandli bo‘lishgan. Keyinchalik turli kelishmovchiliklar sabab ajrashgan.

“O‘g‘lim onam vafot etgan sanada tug‘iladi, deb hech o‘ylamagandim. Moskvaga ketish oldidan Bahodir do‘xtirlarning taxminini aytganida, “Xavotir olmang, ko‘zim bu kunda yorishi mumkin emas!” deganman. Truppa 1979-yil yanvar oyi o‘rtalarida “Ro‘yxatlarda yo‘q” spektakli bilan Moskvaga ketgandi. Uchinchi kun ularni kutib olgani aeroportga chiqqan Mirg‘iyos akam “Bahodir, suyunchi ber, o‘g‘il ko‘rding. To‘rt kilo!” degan quvonib. O‘shanda derazadan qarasam, Bahodirning ko‘zlaridan duv-duv yosh oqardi”.

Aktrisaning qizlari san’at sohasini tanlamagan. Katta qizi Lola Ahmedova Sharqshunoslik universitetini fors tili mutaxassisligi bo‘yicha bitirgan, kichik qizi Yulduzxon esa filolog sifatida faoliyat yuritadi. Ammo ota-onasidan meros o‘tgan san’atga qiziqish sababmi Lola Ahmedova 2021-yilda “Meni asra” serialida Dilbar rolini o‘ynab, tomoshabinlar e’tiborga tushdi.

Aktrisaning yolg‘iz o‘g‘li Bobur Yo‘ldoshev ham ota-onasi kabi taniqli aktyor, hozirda otasi tashkil qilgan “Diydor” teatrida bosh rejissyor sifatida faoliyat yuritadi.

Rimma Ahmedova boshqalarning baxti uchun tug‘ilgan edi. Aksar hollarda eri rejissyor bo‘lgan aktrisalar teatr repertuarini o‘zining siyosatiga bo‘ysundiradi. Biroq Rimma opa hech qachon “rejissyorning xotini” maqomini egallamagan. U uchun birinchi o‘rinda Bahodirning manfaatlari turardi. Jarayonlardan o‘zini chetga olardi. Truppada faqat onalik rolini o‘ynardi. Aktyorlar dardini, sirini Rimma opaga yorardi. Otani chalg‘itmaslik, uni ayash uchun “bola”larining mayda-chuyda gaplarini yetkazmas, o‘z navbatida, ularning ham ko‘nglini o‘ksitmay, silab-siypalab yarasiga malham izlardi. Haqiqiy Tereza ona edi. Teatr tarixida bunaqasi kam. Albatta, bu “rol” uni ruhan toliqtirardi... Jamoadagi muvozanatni ushlab turishda opaning avtoriteti ham katta rol o‘ynardi. So‘zi o‘ziga mos tushadigan yaxlit odam edi, notasi tugal musiqiy asarni eslatardi u.

“Umrining so‘nggi yili... Og‘ir betob. O‘zini biroz yaxshi sezdi deguncha, farzandlarimni bezovta qilmay deb, ism-familiyasi, uy manzili, telefon raqami yozilgan qog‘ozchani yengiga qistirib, hech kimga bildirmay bozorga chiqib ketardi... Bolalar uyg‘onganda hamma narsa tayyor turardi”, deb eslaydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Dilorom Karimova.

Rimma Ahmedova ko‘krak saratoniga chalingach, 1997-yilda faoliyatini butunlay yakunlashga majbur bo‘ldi. Aktrisa ushbu og‘ir kasallik sabab u 2006-yil 13-noyabr kuni 64 yoshida olamdan o‘tdi.

Aktrisa Chig‘atoy qabristoniga dafn qilingan.

Rimma Ahmedovaning hayoti va ijodiy faoliyati publitsist Iqbol Qo‘shshayeva tomonidan yaxshi o‘rganilgan. Iqbol Qo‘shshayevaning ilk kitobi Rimma Ahmedovaning hayotiga bag‘ishlangan.

2025-yilda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti farmoni bilan aktrisa “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlandi.

actressbiographycinemarimma ahmedovadubbing artisttheateruzbek artbahodir yo‘ldoshev