Turkiyada tuman meri va taniqli aktyor korrupsiyada ayblanib hibsga olindi

Turkiyada tuman hokimi lavozimida ishlovchi taniqli aktyor Erdal Beshikchiog‘lu va yana 39 nafar shaxs korrupsiya ayblovlari bilan hibsga olindi. Bu haqda "Türkiye" gazetasi ma’lum qildi.
Xabarda aytilishicha, sud Anqaraning Etimesgut tumani hokimi Erdal Beshikchiog‘lu hamda boshqa 39 kishini qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqargan.
G‘arbiy Anqara prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan tergov ishlari tender natijalarini soxtalashtirish, tovlamachilik va jinoiy guruh tuzish holatlarini o‘z ichiga oladi. Dastlab prokuratura Beshikchiog‘lu bilan birga 55 nafar gumonlanuvchini hibsga olishga ruxsat bergan edi. So‘roqdan so‘ng 44 kishi sudga olib kelinib, ularga nisbatan qamoqqa olish chorasi qo‘llash masalasi ko‘rib chiqildi.
Hozirda 40 nafar sudlanuvchi hibsda saqlanmoqda. Ular orasida hokimdan tashqari uning o‘rinbosarlari Mutlu Kerimog‘lu, Taylan O‘zguven va Ihsan Bahri Beyler, shahar hokimligi xodimlari, "Etimkent" direktorlar kengashi va tender komissiyasi a’zolari, shuningdek, Beshikchiog‘luning qo‘riqchisi Huseyin Yilmaz ham bor.
Erdal Beshikchiog‘lu "Behzat Ç." teleserialidagi politsiya komissari roli bilan keng tanilgan. U 2024-yilda muxolifatdagi "Respublika xalq partiyasi"dan Etimesgut tumani hokimi etib saylangan edi. Avvalroq "Taqiqlangan sevgi" seriali aktrisasi Beren Saatning turmush o‘rtog‘i bilan giyohvand moddalar bilan bog‘liq ish bo‘yicha qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.

