“Lavozimi va mavqeidan qat’i nazar jazoga tortilyapti”. Akmal Burxanov korrupsiyaga qarshi kurash haqida
2026-yilning 1-yarmida O‘zbekistonda 96 ta pora olish jinoyati qayd etildi. Antikorrupsiya agentligi nafaqat amaldorlarning yordamchilari, balki katta lavozimdagilar ham jazolanayotganini bildirdi. 'Lavozimi va mavqeidan qat’i nazar, barcha uchun jazo muqarrarligi ta’minlanyapti', — deydi Akmal Burxanov.

**Akmal Burxanov: "Lavozimi va mavqeidan qat'i nazar jazoga tortilyapti" – Korrupsiyaga qarshi kurash haqida**
2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 96 ta pora olish bilan bog‘liq jinoyat qayd etildi. Bu ma’lumot 28-iyul kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida oshkor etildi, deya xabar beradi Gazeta muxbiri.
Tadbirda jurnalistlardan biri 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida "favqulodda holat" e’lon qilinganidan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda pora bilan qo‘lga tushganlar haqidagi xabarlar keskin ko‘payganini ta’kidlab, agentlikdan korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan aniq yechimlar yuzasidan izoh so‘radi.
Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxanovning so‘zlariga ko‘ra, jamoatchilik asosan korrupsiya bilan qo‘lga tushganlar haqidagi xabarlarga e’tibor qaratmoqda, yangi tizim va mexanizmlar esa ko‘pincha e’tibordan chetda qolmoqda.
"Bizning tahlillarimizga ko‘ra, bir haftada OAVda chiqqan 10 ta materialning yettitasi korrupsiyaning oldini olish choralari haqida, uchtasi esa kimningdir javobgarlikka tortilgani yoki pora bilan ushlanganiga oid bo‘ladi. Lekin aynan tezkor tadbirlarda ushlanganlar yoki qanchadir yilga qamalganlar haqidagi xabarlar ko‘proq rezonans uyg‘otmoqda," – dedi u.
Burxanovning ta’kidlashicha, "favqulodda yil" e’lon qilingach, pora olish bilan bog‘liq har bir jinoyat ommaga ochiq yoritilmoqda. Bu esa ayrimlarda korrupsiya kuchaygan, degan tasavvurni uyg‘otyapti.
"Aslida esa raqamlar boshqacha manzarani ko‘rsatadi. O‘tgan yilning birinchi yarmida pora olish bilan bog‘liq 107 ta jinoyat qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida ular soni 96 tani tashkil qildi. Biz har bir holatni yoritish orqali jinoyat jazosiz qolmasligi va jazo muqarrarligini ko‘rsatmoqchimiz," – dedi agentlik rahbari.
Uning so‘zlariga ko‘ra, jazo muqarrarligini ta’minlash bilan bir qatorda, byurokratiyani qisqartirish, korrupsiya xavflarini kamaytirish kabi profilaktik choralarni kengroq tushuntirish ham muhim hisoblanadi.
"Korrupsiyaga qo‘l urmaslik uchun qanday choralar ko‘rilayotganini ko‘proq tushuntirishimiz kerak. Bu borada targ‘ibot va profilaktika ishlarini kuchaytirishimiz lozim," – dedi u.
Akmal Burxanov agentlik aniqlagan korrupsiya holatlarining qanchasi sudgacha yetib borishi va qanchasi hukm bilan yakunlanishi haqidagi savolga javob berarkan, korrupsiyaga oid ishlarni jamoatchilikka e’lon qilishda ehtiyotkorlik muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, hozir jinoyat ustida ushlangan shaxslar haqida ma’lumotlar ochiq e’lon qilinayotgan bo‘lsa-da, bu har doim ham shaxsning aybi isbotlanganini anglatmaydi.
"Bizda hali aybi sudda tasdiqlanmasidan oldin shaxslarning ismi-sharifi, surati bilan e’lon qilish holatlari uchrab turadi. Biroq bu yerda shaxsning qadr-qimmati, shaxsiy ma’lumotlari masalasi ham mavjud. Shuning uchun bu borada muvozanat saqlanishi kerak," – dedi u.
Burxanov misol sifatida Surxondaryo viloyatidagi tumanlardan birining sobiq hokimiga nisbatan jinoyat ishi doirasida tarqalgan ma’lumotlarni keltirdi. Uning aytishicha, sobiq hokim korrupsion jinoyatda gumonlanuvchi sifatida e’lon qilinganidan so‘ng jamoatchilik uni aybdor deb qabul qilgan. Keyinchalik esa sud uning aybini tasdiqlamagan.
"Natijada odamlarda "Jinoyat ustida ushlangan shaxs qanday qilib yana rahbarlik lavozimiga tayinlandi?", degan savol paydo bo‘ldi. Vaholanki, uning aybi isbotlanmagan, tergov ham shu asosda to‘xtatilgan," – dedi agentlik rahbari.
Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda korrupsion jinoyatga qo‘l urgani sudda isbotlangan shaxslarni davlat xizmatiga qabul qilmaslik to‘g‘risida qonun mavjud va bu amalda ishlaydi. Shu bois shaxsga nisbatan huquqiy xulosa faqat sud qarori bilan chiqarilishi lozim.
Burxanov Yevropa davlatlarida, odatda, korrupsiya ishlari bo‘yicha ma’lumotlar sud hukmidan keyin e’lon qilinishini eslatib, ommaviy axborot vositalarini ham sud jarayoni yakunlanmasidan turib oldindan xulosa chiqarmaslikka chaqirdi.
"Har bir ishning yakuni turlicha bo‘lishi mumkin: ayb isbotlanishi ham, isbotlanmasligi ham ehtimoldan xoli emas," – dedi u.
Yana bir jurnalist korrupsiya haqidagi xabarlarda ko‘pincha yuqori lavozimli amaldorlar emas, balki ularning yordamchilari yoki quyi bo‘g‘in xodimlari tilga olinishini qayd etdi. U korrupsiya uchun aynan yuqori mansabdorlar nega kamroq javobgarlikka tortilayotgani, bu holatlarga qachon barham berilishi yuzasidan izoh so‘radi.
Akmal Burxanov korrupsiya uchun javobgarlikka faqat amaldorlarning yordamchilari tortilayotgani haqidagi qarash haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi. U so‘nggi vaqtlarda respublika darajasidagi birinchi rahbarlar ham, tuman hokimlari ham korrupsiya jinoyatlari bo‘yicha javobgarlikka tortilayotganini ta’kidladi.
"O‘tgan yili o‘nlab tuman hokimlari korrupsiya jinoyatlari uchun javobgarlikka tortildi. Bu yil ham birinchi rahbarlarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilmoqda. Lavozimi, mansabi yoki mavqeidan qat’i nazar, korrupsiya jinoyati uchun jazoning muqarrarligi ta’minlanyapti," – dedi u.
Burxanov tuman va shahar darajasida korrupsiya holatlari ko‘proq uchrashiga mazkur bo‘g‘inlarda ishlovchilar soni respublika darajasiga nisbatan ancha ko‘pligi hamda aholi bilan bevosita ishlash vakolati asosan ularga berilgani sabab bo‘lishini qayd etdi.
Uning ta’kidlashicha, yuqori mansabdorlarga nisbatan jinoyat ishlari haqida ma’lumotlarning kechroq e’lon qilinishi tergov jarayoni talablari bilan bog‘liq.
"Masalan, ko‘prik qulashi yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va sudga oshirildi. Olti nafar yo‘l qurilishi sohasidagi mansabdor shaxs javobgarlikka tortilmoqda. Ammo hali sud hukmi chiqqani yo‘q. Ayb avval sudda isbotlanishi kerak. Shu kunlarda hukm e’lon qilinishi kutilyapti," – dedi u.
Burxanovning aytishicha, tergov davom etayotgan ishlar bo‘yicha barcha ma’lumotlarni ochiqlash mumkin emas.
"Jurnalistlar va blogerlardan shuni so‘rardimki, ish yakuniga yetgach, jamoatchilik to‘liq axborot olishi kerak. Ammo tergov jarayonida oshkor etilishi mumkin bo‘lmagan ma’lumotlar ham bo‘ladi. Bu yerda protsessual qonunchilik talablariga rioya qilish muhim," – dedi agentlik rahbari.

