Turkiyada 36 yoshli o‘zbekistonlik tibbiyot xodimi shifoxonada vafot etdi
Turkiyaning Bursa viloyatida bemor parvarishi bilan shug‘ullangan 36 yoshli o‘zbekistonlik Oybek Niyozov xizmat vaqtida to‘satdan vafot etdi. Marhumning jasadi vatanga olib kelinib, yaqinlariga topshirildi. Ba’zi turk nashrlari politsiya voqea yuzasidan shubhali o‘lim holati bo‘yicha surishtiruv boshlaganini yozdi.

Turkiyaning Bursa viloyati Inego‘l tumanida ishlayotgan 36 yoshli o‘zbekistonlik tibbiyot xodimi Oybek Niyozov shifoxonada vafot etdi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.
Konsulxona marhumning oilasiga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatgan va Turkiyaning tegishli idoralari bilan tashkiliy masalalarni hal qilgan. O‘zbekiston Migratsiya agentligi tomonidan berilgan moddiy yordam tufayli Niyozovning jasadi O‘zbekistonga olib kelinib, yaqinlariga topshirilgan.
Turkiya vakolatli organlari Niyozovning o‘lim sabablarini aniqlash bo‘yicha surishtiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Turk OAVlarining xabar berishicha, 3-avgustga o‘tar kechasi Oybek Niyozov Inego‘l davlat shifoxonasining palliativ yordam bo‘limida bemorlarga qarash paytida tobi qochib, vafot etgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning ahvoli birdan yomonlashib, yerga yiqilgan. Buni ko‘rgan hamshiralar unga birinchi yordam ko‘rsatgan va tez tibbiy yordam bo‘limiga olib ketilgan.
Niyozovning jasadi o‘lim sababini aniqlash uchun Sud-tibbiyot institutiga yuborilgan. Boshqa bir turk nashrining yozishicha, politsiya ushbu voqea yuzasidan shubhali o‘lim holati bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlarini boshlagan.

