Mahalliy

Rossiyada bayroq tushirilgan poyandoz ishi: o‘zbekistonlik ayolga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmadi

Rossiyada bayroq tasviri tushirilgan poyandoz bilan bog‘liq voqea yuzasidan tekshirilgan O‘zbekiston fuqarosi M.S.ga nisbatan jinoyat ishi ochilmadi. Bu haqda Qozon shahridagi bosh konsulxona ma’lum qildi.

Nijniy Novgorod viloyatida Rossiya davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan poyandoz bilan bog‘liq holatda tekshirilgan O‘zbekiston fuqarosi M.S.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etildi.

Qayd etilishicha, avvalroq reyd davomida O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etgan holat yuzasidan bosh konsulxona tomonidan tegishli konsullik-huquqiy choralar ko‘rilgan. Diplomatik kanallar orqali Rossiyaning vakolatli idoralari bilan olib borilgan muzokaralar natijasida amaliy natijalarga erishilgan.

Xususan, Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Nijniy Novgorod shahridagi vakolatxonasi bilan hamkorlik natijasida M.S.ga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 329-moddasi (davlat ramzlarini tahqirlash) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shuningdek, migratsiya qonunchiligiga muvofiq fuqaroning O‘zbekistonga qaytishi bilan bog‘liq tartib-taomillar amalga oshirilmoqda. Uning vatanga qaytishi 2026-yil 6-avgustga belgilangan.

Bosh konsulxona O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur konsullik-huquqiy choralarni ko‘rishda davom etishini bildirdi.

uzbekistanrussiacriminal caserepatriationconsular assistancediplomatic effortsflag incidentmigratory law