Turkiya Qora dengizda kemalar harakatini chekladi

Turkiya Qora dengizda kemalar harakatini chekladi. Bu cheklov mintaqada Rossiya va Ukraina tomonidan kemalarga qilingan hujumlar soni ortgani bilan bog‘liq, deb xabar berdi Bloomberg vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib.
Sohil xavfsizligi bosh boshqarmasi Rossiyaning Novorossiysk portiga yo‘l olgan bir nechta kemaga tranzit ruxsatnomasi berilmayotganini ma’lum qildi. Boshqa holatlarda esa Dardanell bo‘g‘ozi orqali o‘tish uchun arizalarni ko‘rib chiqish muddati uzaytirilmoqda. Novorossiysk neft va g‘alla eksporti uchun muhim markaz hisoblanadi.
Manbalarning ta’kidlashicha, rasmiylar ushbu qaror yuzasidan rasmiy izoh bermagan. Ushbu cheklov Qora dengizga kemalar oqimini amalda kamaytiradi. So‘nggi paytlarda mintaqada tijorat kemalariga, jumladan, Turkiya kemalariga hujumlar ko‘payganligi sababli Anqara xavfsizlikni kuchaytirishga chaqirmoqda.
Sohil xavfsizligi bosh boshqarmasi savollarni Anqaradagi Transport va infratuzilma vazirligiga yo‘naltirdi, biroq vazirlik ish vaqtidan tashqari yuborilgan so‘rovlarga javob bermadi. Hafta boshida Turkiya Tashqi ishlar vazirligi ikki turk kemasiga dronlar hujum qilgani haqida xabar bergan edi. Hujum natijasida ekipaj a’zolari, jumladan, Turkiya fuqarolari jarohatlangan.
Vazirlik bayonotida shunday deyiladi: “Biz barcha tegishli tomonlarni, ayniqsa, urushayotgan tomonlarni Qora dengizda harakatlanish xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishga yana bir bor chaqiramiz”.
Shuningdek, vaziyatning keskinlashuvi oziq-ovqat xavfsizligiga va boshqa sohalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi. Manbalarning aytishicha, bu cheklovlar Ukrainaga ketayotgan kemalarga ham taalluqli ekani haqida ogohlantirishlar berilgan.
Bu qaror jahon savdosida yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Hozirda Erondagi urush va Hormuz bo‘g‘ozi orqali tashuvlar kamaygani sababli neft yetkazib berishda uzilishlar kuzatilmoqda. Qolaversa, Qora dengiz hududidan g‘alla yetkazib berish bo‘yicha xavotirlar ortgan. Bu holat iyul oyida bug‘doy narxining so‘nggi ikki yildagi eng yuqori darajaga ko‘tarilishiga olib keldi.
Bloomberg agentligi to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, Bolgariya yoki Turkiya portlariga ketayotgan kemalar Dardanell bo‘g‘ozi orqali shimolga harakatlanishda davom etmoqda.

