Mahalliy

Toshkentdagi Mustaqillik shoh ko‘chasi rekonstruksiyasining birinchi bosqichi yakunlanish arafasida — YHTEM

Toshkentda Mustaqillik shoh ko‘chasini kompleks yangilashning birinchi bosqichi yakunlanish arafasida. Bu yerda yo‘l qoplamasi, suv qochirish va tashqi yoritish tizimlari yangilanib, yangi avtobus bekatlari qurilmoqda. Yo‘lning bir qismi yaqin kunlarda transport harakati uchun ochiladi.

Toshkentdagi Mustaqillik shoh ko‘chasining rekonstruksiyasining birinchi bosqichi tugash arafasida — YHTEM

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida Mustaqillik shoh ko‘chasini kompleks yangilashning birinchi bosqichi yakunlanmoqda. Yo‘lning bir qismida asfalt yotqizish ishlari tugallandi va yaqin kunlarda ushbu hudud transport harakati uchun ochilishi kutilmoqda. Bu haqda poytaxt Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Ishlar doirasida mutaxassislar 23 ming kvadrat metr eski asfalt qoplamasini olib tashlab, shuncha hajmda yirik donali asfalt-beton yotqizdilar. Qariyb 29 ming kvadrat metr maydonga bazalt geoto‘ri yotqizildi.

Hozirda 23 ming kvadrat metr maydonga PSHMA-20 (eng yirik shag‘al donasi o‘lchami 20 mm bo‘lgan polimer-shag‘al-mastikali asfalt-beton aralashmasi) qoplamasi yotqizilmoqda. YHTEM ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu qoplama yuqori transport yuklamalariga, issiq havoda deformatsiyalanishga va izlar hosil bo‘lishiga chidamli bo‘lib, uzoq muddat foydalanishga mo‘ljallangan.

Shuningdek, suv qochirish tizimi ham yangilanmoqda. 1,14 km uzunlikdagi suv qochirish lotogi yangilandi, 111 metr metall quvur almashtirildi. 1,3 km yangi bordyur o‘rnatildi, yo‘l chetidagi yana 1,14 km bordyur yangilandi. Ajratuvchi tasmadagi 566 metr eski bordyur demontaj qilindi.

YHTEM ta’kidlashicha, bu ishlar yog‘ingarchilik vaqtida suvning yo‘l yuzasida to‘planib qolishini oldini olish va asfalt qoplamasining xizmat muddatini uzaytirishga xizmat qiladi.

Shoh ko‘chada tashqi yoritish tizimi ham yangilanmoqda. 34 ta eski yoritish ustuni o‘rniga 67 ta yangi ustun o‘rnatish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, bu yerda uchta avtobus maydonchasi tashkil etilmoqda va uchta yangi avtobus bekati paviloni o‘rnatilmoqda. Yo‘lovchilar uchun kutish hududlari kengaytiriladi va taktil yo‘naltiruvchi plitalar bilan jihozlanadi.

YHTEM ma’lumotlariga ko‘ra, ishlarga 30 dan ortiq maxsus texnika va 250 nafardan ziyod ishchi hamda mutaxassis jalb qilingan.

Eslatib o‘tamiz, kapital ta’mirlash ishlari sababli Mustaqillik shoh ko‘chasining Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan qismi 13-iyulgacha yopilgan edi. Biroq ishlarni belgilangan muddatda yakunlashning iloji bo‘lmadi.

rekonstruktsiyatoshkentyoritish tizimiavtobus bekatiyo‘l harakatimustaqillik shoh ko‘chasiasfalttransport