Toshkentdagi 180 mln soʻmlik yangi bekatlar: hammasi xalq pulidan qurilyaptimi?

Toshkentdagi 180 million so‘mlik yangi bekatlar: ularning qurilishi xalq mablag‘lari hisobidanmi?
Toshkent ko‘chalarida barpo etilayotgan yangi bekatlarga aholi puli sarflanmoqdami? Nima uchun ularga konditsionerlar o‘rnatilmayapti? Barcha bekatlarni auksionda bitta kompaniya yutib oldimi? Toshkent shahar hokimligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu savollarning aksariyatiga javob berildi. “Daryo” muxbiri eng muhim savollarga berilgan javoblarni jamladi.
**Toshkentda qancha bekat bor?**
Toshkent shahrida jami 2871 ta avtobus bekati mavjud. Ularning 813 tasida ayvon (naves) yo‘q, ya’ni usti ochiq. 1732 tasi yo‘l belgilari bilan ta’minlanmagan. 836 tasida o‘rindiq, 1622 tasida chiqindi qutilari yo‘q. 753 tasida esa konstruksiyaning o‘zi mavjud emas.
739 ta bekatning uchdan bir qismi do‘kon, qolgan qismi yozgi va qishki ayvon tashkil etish sharti bilan yillar davomida hokim qarorlari bilan tadbirkorlarga berilgan.
2006-yil 8-iyunda Toshkent shahar hokimining to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarori bilan 187 ta bekat Fransiyaning JCDecaux SA kompaniyasiga 25 yil muddatga bepul berilgan.
1902 ta bekat obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli bo‘lib, shundan 194 tasi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga qarashli. Ularning 753 tasida konstruksiya yo‘q, qolgan 1149 tasi ta’mirtalab yoki ma’naviy eskirgan.
Yana 26 ta bekat 2021-yilda Cinerama Films MCHJ hamda Silver Media Lux MCHJga LED ekranlar o‘rnatish sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hokim qarorisiz bepul berilgan.
**Nega bekatlar to‘liq yangilanmoqda?**
Prezident qaroriga asosan Toshkent shahrida yo‘l harakatini tashkil etish markazi o‘z faoliyatini boshladi. Poytaxt bekatlarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish maqsadida markazga 2026-2027-yillarda Toshkent shahrida 1785 ta bekatni auksion savdolariga chiqarish vazifasi yuklatilgan. Joriy yilda shundan 300 tasini rekonstruksiya qilish belgilangan.
Markaz tomonidan Toshkent shahrida jami 472 km asosiy transport yo‘llari tanlab olingan bo‘lib, amalga oshiriladigan ishlar 5 bosqichga bo‘lingan.
Birinchi bosqichda 100 kilometrlik 12 ta ko‘chadagi jami 310 ta bekatni rekonstruksiya qilish ishlari doirasida 116 ta muammoli do‘konli bekatlar aniqlangan va ularni buzish ishlari boshlangan.
**Barcha bekatlar Ewi Snacks’nikimi?**
Yo‘q. 2025-yil 28-fevralda 36 ta hamda 2026-yil 27-yanvarda 230 ta reklamali (jami bekatlarning 9 foizi) va 230 ta reklamasiz bekat — jami 496 ta bekat auksionga chiqarilib, uchta ishtirokchi o‘rtasida o‘ynalgan. Auksionda yillik ijara to‘lovini 1,7 mlrd so‘m miqdorida taklif qilgan Ewi Snacks MCHJ g‘olib deb topilgan.
Auksion shartlariga ko‘ra, bekat konstruksiyasi, tablo, “112 SOS” tugmasi, kuzatuv kamerasi, o‘rindiq, chiqindi qutilari, pandus, taktil qoplamalar o‘rnatilishi, tutash hududlarni obodonlashtirish va vending apparati joylashtirish lozim (vending apparatidagi ichimliklar va yemaklar narxi supermarketlardagi narxlardan qimmat bo‘lmasligi ham auksion shartlariga kiritilgan).
Ta’kidlanishicha, avvalgi davrda bekatlar donalab berilishi natijasida ularning ko‘pchiligi davlat tasarrufidan chiqib ketgan. Shu sababli auksionga chiqarilgan bekatlarning har biriga kadastr raqami berilib, hokimiyat balansida saqlanib qolgan holda g‘olibga 10 yil muddatga ijara huquqi asosida berilmoqda.
Bugungi kunda Ewi Snacks MCHJ tomonidan 250 ta bekatga konstruksiya o‘rnatilgan bo‘lib, ularni jihozlash ishlari bajarilmoqda.
**Nega tender emas, auksion?**
Shahar hokimiyati bekatlar uchun yer uchastkasining ijara huquqini xususiy investorga bermoqda. Bu holda ushbu huquqni elektron auksion orqali berish amaldagi qonunchilikka mos keladi. Chunki O‘zbekistonda tadbirkorlik va shaharsozlik uchun bo‘sh davlat yerlari asosan elektron onlayn auksion orqali ajratiladi.
Qayd etilishicha, agar maqsad shahar uchun eng yaxshi avtobus bekati konsepsiyasi, dizayni va xizmat ko‘rsatuvchi investorni tanlash bo‘lganda edi — avval tender (yoki konsepsiyalar tanlovi), keyin esa g‘olib bilan yer ajratish mexanizmi qo‘llanilishi mantiqan to‘g‘riroq bo‘lar edi.
**Nega qurilish kompaniyasi emas, Ewi Snacks g‘olib?**
Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilingan savollardan biri aynan shu bo‘ldi: “nega bekatlarni qurish huquqini oziq-ovqat mahsulotlari bilan shug‘ullanuvchi korxona qo‘lga kiritdi?”.
Aslida, auksion predmeti avtobus bekatlarini qurish bo‘yicha pudrat shartnomasi emas, balki ularni belgilangan talablar asosida barpo etish, jihozlash va keyinchalik belgilangan muddat davomida ekspluatatsiya qilish huquqi hisoblanadi.
Shu bois g‘olib kompaniyaning o‘zi qurilish ishlarini bajarishi shart emas. U loyihaga investitsiya kiritadi, qurilish, metall konstruksiyalar tayyorlash, montaj, elektr tarmoqlari, raqamli jihozlar va boshqa ishlar uchun ixtisoslashgan pudrat tashkilotlarini jalb qilishi mumkin. Ya’ni Ewi Snacks ushbu loyihada pudratchi emas, balki investor va operator vazifasini bajaradi.
Kompaniya guruhi asosan oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan salqin ichimliklar va xorijda ishlab chiqarilgan chipslarni import qilish hamda tarqatish bilan shug‘ullanadi. Bu esa ayrimlarda “bekatlardagi reklama maydonlari kelajakda aynan shu mahsulotlarni targ‘ib qilish uchun ishlatiladimi?” degan savolni tug‘dirmoqda.
Hozircha kompaniya tomonidan reklama maydonlaridan faqat o‘z mahsulotlarini targ‘ib qilish rejalashtirilgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Biroq loyiha shartlariga muvofiq bekatlardagi reklama maydonlari operator tomonidan tijorat asosida boshqariladi. Reklama kontentining kamida 20 foizi esa ijtimoiy ahamiyatga ega axborotlar uchun bepul ajratilishi belgilangan.
**Bekatlarga davlat puli sarflanyaptimi?**
Loyiha davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilyaptimi, degan savol eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri bo‘lmoqda. Ya’ni, “xalq puli sarflanib qurilayotgan bekatlar odamlarni jaziramada quyosh nuridan to‘sa olmayapti”, deya tanqid qilindi.
Qisqa javob — yo‘q.
Bekatlar shahar byudjeti emas, balki auksion g‘olibi bo‘lgan Ewi Snacks MCHJning xususiy investitsiyalari hisobidan qurilmoqda. Kompaniya nafaqat bekat konstruksiyalarini o‘rnatadi, balki ularni jihozlash, tutash hududlarni obodonlashtirish va keyinchalik saqlash hamda xizmat ko‘rsatish xarajatlarini ham o‘z zimmasiga olgan.
Shu bilan birga, bekatlarning o‘zi davlat mulki bo‘lib qoladi. Ewi Snacks ularga egalik qilmaydi — kompaniya auksion natijalariga ko‘ra bekatlardan 10 yil muddatga ijara huquqini qo‘lga kiritgan.
**Har bir bekat 180 million so‘m turadimi?**
Yangi avtobus bekatlari haqidagi muhokamalarda eng ko‘p takrorlanayotgan raqamlardan biri — 180 million so‘m. Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari barcha bekatlar aynan shuncha mablag‘ga qurilayotgani, biroq ular mutlaqo talabga javob bermasligi haqida fikr bildirmoqda.
Matbuot anjumanida va shahar hokimligi taqdim etgan smetaga ko‘ra, bekatlar bir nechta turga bo‘linadi va ularning qiymati ham jihozlanish darajasiga qarab farq qiladi.
Eng oddiy, reklamasiz ijtimoiy bekatni qurishning o‘rtacha qiymati 42 million so‘mni tashkil etadi. Bunday bekatlar asosan aholi gavjum bo‘lmagan mahalla va ichki ko‘chalarda o‘rnatiladi. Ular yo‘lovchilarni yomg‘ir va quyoshdan himoya qiluvchi soyabon, o‘rindiq va boshqa zarur elementlar bilan jihozlanadi.
Reklama maydonlariga ega zamonaviy bekatlar esa jihozlanishiga qarab 114 million so‘mdan 178,9 million so‘mgacha baholangan. Bu mablag‘ faqat metall konstruksiya uchun emas, balki butun infratuzilma majmuasi uchun sarflanadi. Unga platformani tayyorlash, panduslar, taktil qoplamalar, LED monitor, elektron tablo, videokuzatuv kameralari, “112 SOS” chaqiruv tugmasi, vending apparati, tashqi kommunikatsiyalar va tutash hududni obodonlashtirish ishlari ham kiradi.
“180 million so‘mlik bekat” deganda ko‘pchilik faqat temir konstruksiya va soyabonni tasavvur qilmoqda. Aslida esa ushbu mablag‘ butun boshli bekat majmuasini barpo etish, uni muhandislik tarmoqlariga ulash va zamonaviy infratuzilma bilan jihozlash uchun sarflanadi.
**Nega bekatlar konditsionerli emas?**
Tadbirda eng ko‘p muhokama qilingan savollardan biri — nima uchun ular konditsioner bilan jihozlanmagani bo‘ldi. Matbuot anjumanida konsepsiyani ishlab chiqqan STEP kompaniyasi rahbari Alina Bisembayeva ochiq turdagi bekatlar issiq iqlimli mamlakatlarda ham keng qo‘llanilishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bekatni to‘liq yopish doim ham qulay yechim emas. Chunki bu tabiiy shamollanishni cheklab, havo haroratining yanada oshishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ochiq bekatlarga konditsioner o‘rnatish esa xalqaro amaliyotda standart yechim hisoblanmaydi, sababi sovitilgan havo tez tarqalib ketadi.
Uning ma’lum qilishicha, Tokio, Osaka, Seul va Singapur kabi shaharlarda ham asosiy e’tibor bekatlarni emas, avtobuslarni konditsionerlar bilan ta’minlash va ularni kutish vaqtini qisqartirishga qaratilgan. Yopiq konditsionerli bekatlar asosan Dubay kabi shaharlarda bosqichma-bosqich qurilgan.
Shu bilan birga, Toshkentda aholi gavjum hududlarda konditsionerli yopiq bekatlarni eksperiment tariqasida joriy etish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda. Bu loyihaning samaradorligi keyingi bosqichlarda baholanadi.
**Nega bekatlar quyoshdan to‘liq himoya qilmayapti?**
Matbuot anjumanida “Daryo” muxbiri yangi bekatlar yozgi jaziramada yo‘lovchilarni quyoshdan qay darajada himoya qilishi va loyihani takomillashtirish rejalari haqida savol berdi. Ayniqsa, tom qismi qisqa ekani va kunning ma’lum vaqtlarida quyosh nuri bevosita bekat ichiga tushayotgani tilga olindi.
Ewi Snacks vakili Jahongir Abdurahmonov tanqidlar inobatga olinganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, keyingi bosqichda quriladigan bekatlarning tom qismi uzunroq qilinadi. Bundan tashqari, tom qismi quyosh issig‘ini kam o‘tkazuvchi zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi materiallari bilan qoplanadi.
Kompaniya vakiliga ko‘ra, bu o‘zgarishlar yoz oylarida soya hududini kengaytirish va bekat ichidagi haroratni pasaytirishga xizmat qiladi. Shu tariqa, jamoatchilik tomonidan bildirilgan asosli takliflar loyihani takomillashtirish jarayonida inobatga olinadi.
**Do‘konli bekatlar nima uchun buzilyapti?**
Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, avvalgi yillarda 739 ta bekat tadbirkorlarga do‘kon qurish sharti bilan berilgan. Ammo amalda ko‘p hollarda do‘konlar bekatning asosiy qismini egallab, yo‘lovchilar uchun qulay kutish joylari qolmagan.
Qolaversa, bekatlarda do‘konlarning bo‘lishi uning hududida avtomobillar to‘xtashiga, avtobuslarning to‘xtab harakatlanishi uchun to‘sqinlik qilishiga sabab bo‘lmoqda. Ayrim ko‘chalarda do‘konli bekatlar buzilgach, avtobuslarning harakatlanish tezligi soatiga 3-5 kilometrga ortgani qayd etilgan.
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, birinchi bosqichda o‘rganilgan 116 ta obyektning har biri alohida huquqiy jihatdan tahlil qilingan.
Natijada ikkita obyekt egasiga kompensatsiya to‘langan, 95 nafar tadbirkorga esa faoliyatini davom ettirishi uchun yangi joylar taklif etilgan. Ko‘chishga rozi bo‘lmagan 14 ta obyekt bo‘yicha bahslar sud tartibida ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, 5 ta obyekt hech qanday ruxsat etuvchi hujjatlarsiz qurilgani aniqlangan.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, har bir holat alohida o‘rganilmoqda va hech bir obyekt sud qarori yoki qonuniy asoslarsiz buzilmaydi.
**Yangi bekatlarni yana qanday o‘zgarishlar kutmoqda?**
Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, yangi avtobus bekatlari loyihasi hali takomillashtirish bosqichida. Jamoatchilik va OAV vakillari tomonidan bildirilgan takliflar asosida kelgusi bekatlarda bir qator o‘zgarishlar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Xususan, bekatlarning tom qismi uzunroq qilinadi, shuningdek, quyosh issig‘ini kam o‘tkazuvchi zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi materiallari qo‘llaniladi. Bekatlarning tashqi ko‘rinishi ham qayta ko‘rib chiqilib, ularni oq yoki ochroq ranglarda bo‘yash, shuningdek, bekatlarga yagona nomlash tizimini joriy etish taklif etilmoqda.
Bundan tashqari, aholi gavjum hududlarda konditsionerli yopiq bekatlarni eksperiment tariqasida qurish rejalashtirilgan. Keyingi bosqichlarda esa avtobus bekatlarini auksionga chiqarish shartlari qayta ko‘rib chiqilib, investorlar uchun texnik talablar va yo‘lovchilarga yaratiladigan qulayliklar yanada takomillashtirilishi belgilangan.

